Namangan Davlat universiteti rektori, professor Sobitxon Turg‘unovning filologiya fakulteti professor-o‘qituvchilari, talabalari bilan o‘tkazgan muloqotida Yangi O‘zbekistonni ilmli, ma’rifatli, xorijiy tillarni yaxshi o‘zlashtirgan vatanparvar yoshlar bilan qurish g‘oyasi ilgari surildi.
Universitetda o‘quv mashg‘ulotlari, ilmiy-tadqiqot va amaliyot ishlarini olib borish uchun barcha imkoniyatlarga ega bo‘lgan 2 ming o‘rinli zamonaviy o‘quv binosi qurilganligi, Xitoy, Koreya, Malayziya, Singapur, Rossiya kabi davlatlarning nufuzli oliy o‘quv yurtlari filiallarini ochish bo‘yicha rejalar tuzilayotganligi, 400 o‘rinli ma’naviyat-ma’rifat markazi, “Botanika bog‘i”, mini futbol, basketbol, voleybol musobaqalari o‘tkaziladigan sport maydonchalari, talabalar uchun yana qo‘shimcha turar-joy binolari bunyod etilayotgani, 30 million dollarlik xorijiy investisiyalarni jalb etish, 10 million dollarlik eksport amaliyotlarini bajarish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilayotgani haqida so‘z yuritildi.
Shundan so‘ng fakultet professor-o‘qituvchilari va talabalardan bir guruhiga rektor tashakkurnomasi va pul mukofotlari topshirildi.


– Men 1968 yildan beri shu oliygohda faoliyat yuritib kelaman, – dedi professor Qodirjon Nosirov. – Juda ko‘p rektorlar bilan ishlaganman. Hammalari ham o‘z davrida yangiliklar, tashabbuslar qilishgan. Ularning barchalarini chuqur hurmat bilan e’tirof etgan holda Sobitxon Turg‘unovni “Eng bunyodkor rektor” deb ayta olaman. Chunki keyingi yillarda oliygohda amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari buni tasdiqlaydi. Shundan so‘ng u universitet muzeyini tashkil etish, tarixini yaratish, amaliyot o‘tash bo‘yicha maktablar bilan o‘zaro hamkorlikni takomillashtirish bo‘yicha takliflarni o‘rtaga tashladi.
Rus tili va adabiyoti kafedrasi mudiri Mamasoli Hayitovning Rossiyadagi “Злотоус” nashriyoti bilan hamkorlikda universitet qoshida bosmaxona ochish haqidagi taklifi ham ma’qullandi. Shuningdek, so‘zga chiqqanlardan Abdujabbor Amanov, Elmira Akramova va boshqalar rektor tavsiyasi bilan fakultet dekani bo‘lib ishlayotgan Abdug‘affor Nazarovning tashkilotchiligi, fidoyiligi, jamoada ilmiy va ijodiy muhit yarata olganligini alohida e’tirof etishdi.


Shuningdek, talabalardan Akbarali Mehmonovning kitobxonlik bo‘yicha har yili o‘tkazib kelinayotgan tanlovni yanada rivojlantirish, Dilrabo Boyxonovaning “Universtitet iqtidorli talabalari” almanaxini ta’sis etish va boshqa taklif-mulohazalar ham e’tiborga olindi.
Uchrashuvda xorijiy tillarni o‘rganish masalasiga ham alohida ahamiyat berildi. Muloqot yakunida professor-o‘qituvchilarga ilmiy-tadqiqot ishlarini yanada rivojlantirish, talabalarga esa fan asoslarini mukammal egallash, xorijiy tillarni o‘rganish bo‘yicha tavsiya va maslahatlar berildi.
Obidxon HUSANXO‘JAYEV,
NamDU filologiya fakulteti dekani o‘rinbosari,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori.
Komiljon FAYZIYEV,
fakultetning o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi o‘qituvchisi,
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi.
