Axsi qovunining hech nisbati yo‘q erdi

Postni ulashish:

Qadimiy va navqiron yurtimizda turli xil xalq sayillari an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelingan. Ayni kunlarda ham bunday sayillar tez-tez o‘tkazilyapti va ommalashyapti. Xalq sayillari haqidagi ma’lumotlar hozirga qadar tarixchi va madaniyatshunos olimlar tomonidan o‘rganilgan hamda ular tomonidan bir necha risola, monografiya va kitoblar yozilgan, katta adadlarda nashr qilingan.

Manbalarni o‘rganishimiz natijasida shu narsa ma’lum bo‘ldiki, yurtimizda ayni kunlarda 40 dan ortiq xalq sayillari o‘tkazilib  kelingan. Hozirgi paytlarda ham bu sayillarning aksariyati keng nishonlanayotgani sir emas. Shulardan keng tarqalgani qovun saylidir.

 Qovun sayli bog‘-rog‘larda, polizlarda o‘tkazilgan. O‘ziga xos ko‘rgazmalar qilingan, musobaqalar tashkil etilgan va g‘oliblarni mukofotlab, tomosha va sayillar uyushtirilgan. Shuni ham  ta’kidlab o‘tish joizki, tilimizga oid eng qadimgi qimmatli manbalardan biri bo‘lmish, bundan sal kam ming yil avval yozilgan Mahmud Koshg‘ariyning “Devoni lug‘atit-turk” asarida qovun so‘zi qag‘un shaldida qo‘llangani aytilib, qovun bilan bog‘liq xalq maqoli ham keltirilgan: “ Qag‘un – qovun. Maqolda shunday kelgan: Qag‘un qarma bo‘lsa, eyasi ikki iligin tegir, ya’ni qovun talon (talosh) bo‘lsa, egasi ikkala qo‘li bilan tortadi. Bu maqol kishi o‘z moliga haddan ortiq hirs qo‘yadi, mazmunida qo‘llanadi. Odatda, maqollarda eng ko‘p qo‘llanadigan so‘zlar ishtirok etadi. Demak, qovun so‘zi xalqimiz tomonidan ming yillardan buyon ishlatilib kelinmoqda. 

Yurtimizda qovun sayli juda qadim zamonlarda ham o‘tkazilganligi to‘g‘risida bir necha manbalarda qimmatli ma’lumotlar bizga qadar yetib kelgan. Bu o‘rinda buyuk vatandoshimiz, mashhur davlat arbobi, ijodkor va jahongir Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asarida qiziqarli dalillarni o‘qiymiz, jumladan, muallif asarida: “Qovun mahali poliz boshida qovun sotmoq rasm emas”  deb ta’kidlangan. Mazkur ma’lumot qovun sayli Boburshoh zamonlarida ham ommaviy ravishda o‘tkazilganligini bildiradi. Muallif “qovun mahali” deb aynan qovun saylini nazarda tutgan, desak, mubolag‘a emas. Qovun so‘zi  “Boburnoma” asarida 15 marta tilga olingani ham bejiz emas. Ulug‘ vatandoshimiz ma’lum bir hudud tabiati, nabotot dunyosi to‘g‘risida fikr yuritar ekan, albatta, uzum va qovunni tilga oladi. Zero, Bobur hazratlarining qovun bilan bog‘liq fikrlarida vatanga muhabbat yaqqol aks etib turadi. Masalan, Bobur o‘zi ulg‘ayib voyaga yetgan va ilk taxtga o‘tirgan  yurti Axsi (Axsikent) haqida juda ko‘p iliq fikrlarni bildirgan: “Sayxun suyining shimoli tarafidagi qasabalardan yana biri Axsidur. Kitoblarda Axsikat biturlar… Qovuni yaxshi bo‘lur. Bir nav’ qovundurkim, “Mirtemuriy” derlar, andoq qovun ma’lum emaskim, olamda bo‘lg‘ay. Buxoro qovuni mashhurdir. Samarqandni olg‘on mahalda Axsidin va Buxorodin qovun kelturub bir majlisda kesturdum. Axsi qovunining hech nisbati yo‘q erdi. Boburning qovun haqidagi yana bir fikri diqqatga sazovordur:  “Bizning ehtimomimiz ul (ya’ni Movarounnahr) sorilar bormoqqa behad va beg‘oyattur. Hindiston ishlari ham bir nav’ somon topib keladur. Tengri taolodin umid andoqkim, bu oraning ishi Tengri taolo inoyati bila bot saranjom topqay. Bu ish zabtidin so‘ng betavaqquf, Tengri yetkursa, mutavajjih bo‘lg‘umdur (yuzlanaman, qaytib boraman). Ul viloyatlarning latofatlarini kishi nechuk unutqay?! Alalxusus, mundoq toyib va torik bo‘lg‘onda qovun va uzumdek mashru’ hazni kishi ne tavr xotirdin chiqargay?!” (“Sultonmurod Olim ijodi” telegram kanali, 2024 yil 9 aprel).

Hozirgi davrlarda o‘tkaziladigan qovun sayillarida ham ishtirokchilarga qovun so‘yib tarqatiladi, mehmon qilinadi. Tadbir tugaganda mehmonlarga qarindosh-urug‘larga, tadbirga kela olmagan keksalar va bemorlarga qovunlar berib yuboriladi. Eng muhim jihatlardan yana biri qovun sayli juda uyushqoqlik bilan o‘tkaziladi. Turli ko‘ngilochar tadbirlar ham bo‘ladi. Jumladan, askiyachilar musobaqalari bunday sayillarga jon kirigizib yuboradi. Folklorshunos olim Rasul Muhammadiyev tomonidan  nashrga tayyorlangan “Askiya” nomli to‘plamda o‘zbek xalqining mashhur askiyachilari tomonidan “Qovun” mavzusida ijro etilgan askiya namunasi ham joy olgan.  Ular tomonidan o‘nlab qovun nomlari payrov sifatida askiyada qo‘llanganligi katta ahamiyatga molik.  

Namangan viloyatining aksariyat hududlarida, jumladan, Chortoq, Yangiqo‘rg‘on tumanlarida yashovchi dehqonlar hosilni yig‘ib olishganda, ayniqsa, bug‘doy hosili olingan paytda keksa kishilarga alohida ulush ajratadilar va olib borib beradilar. Bu ulushni ko‘pincha nasiba, maxsus atama bilan “kapsan” deb ataladi. Shu ma’noda hosilning mo‘l-ko‘l bo‘lishi uchun o‘tkaziladigan tadbirlardan biri bo‘lmish qovun saylida ham kapsan tarqatish savob ishlarning biri sifatida qadrlangan.

Mustaqillik davrida o‘tkazilayotgan qovun sayillari bilan sobiq ittifoq davrida o‘tkazilgan qovun sayillarining anchagina farqi bor. Yurtimiz Mustaqil bo‘lgach kolxoz-sovxozlar tugatilib, ekin maydonlari haqiqiy egalari mirishkor dehqonlarga berilgach, reja bajarish uchun maxsus ko‘rsatmalar asosida ekin ekishga chek qo‘yildi.  Natijada, aholining dasturxonini to‘kin-sochin qiladigan oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, qovun-tarvuzlar ham faqat cho‘l-dasht zonalaridagina ekilmay, ko‘plab hududlarda ekiladigan bo‘ldi. Shu sababli dasturxonlar doim to‘kin-sochin. Hosil bayramlari, qishloq xo‘jalik mahsulotlari yarmarkalari o‘tkazilmoqda.

  Qovun saylini quyidagi turlarga bo‘lish o‘rinli, deb hisoblaymiz. 

1.  Oilaviy qovun sayli.

2.  Jamoaviy qovun sayli.

3.  Tuman miqyosda o‘tkaziladigan qovun sayillari;

4.  Viloyat miqyosda o‘tkaziladigan qovun sayillari;

5.  Respublika miqyosda o‘tkaziladigan qovun sayillari.

6.  Xalqaro miqyosda o‘tkaziladigan qovun sayillari;

Oilaviy va jamoaviy o‘tkaziladigan qovun sayillarini umumlashtirib an’anaviy-ixtiyoriy qovun sayillari, desak, ma’qul bo‘lardi, bizningcha. Boshqalarini esa rasmiy ravishda o‘tkaziladigan qovun sayillari, deb umumlashtirish o‘rinli.       

 Internet orqali olingan ma’lumotlardan bu yil o‘zbekcha qovun sayillarining georafiyasi kengayib, xalqaro miqyosda ham o‘tkazildi. Rossiyaning Krosnoyarsk shahrida birinchi marta xalqaro qovun sayli tantanali ravishda  nishonlandi.

Bu haqda “Dunyo axborot agetligi”ning  2024 yil 14 iyul kungi xabarida quyidagilar bayon qilingan: “O‘zbekiston Bosh konsulxonasi tomonidan Rossiyaning Krasnoyarsk shahrida «Qovun sayli» festivali tashkil etildi.

Unda Krasnoyarsk o‘lkasida uzoq yillardan buyon yashab kelayotgan vatandoshlar, san’at namoyondalari, talabalar, mahalliy hokimiyat hamda Krasnoyarsk o‘zbeklari hududiy milliy-madaniy avtonomiyasi vakillari, shuningdek, hududda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirib kelayotgan yurtdoshlarimiz ishtirok etdi.

Ta’kidlash kerakki, «Qovun sayli» festivali krasnoyarskliklar o‘rtasida katta qiziqishga sabab bo‘ldi. Festivalga tashrif buyurganlarga qovun, tarvuz va o‘zbek milliy taomlari ulashildi. Tadbirning madaniy qismida «Nihol» mukofoti sovrindori Izzatbek Xoliqov, «Fayzi navo» guruhi va Tomsk shahridagi «Yarada» raqs ansambli tomonidan ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar hamda raqslar barchaga xush kayfiyat ulashdi. Festival doirasida, shuningdek, o‘zbek milliy kurashi bo‘yicha musobaqa ham o‘tkazildi”.

Xulosa qilib aytganda, qadimdan nishonlanib kelayotgan an’anaviy xalq sayillari, xususan, qovun sayli hozirga kelib butunlay yangicha tarzda tashkil etilmoqdi. Oilalarda ham, rasmiy ravishda ham keng nishonlash an’anaga aylanmoqda. Bu yildan qovun sayli xalqaro miqyosda ham nishonlanadigan bo‘ldi. Zero, xalqimiz tomonidan asrlar davomida ardoqlab kelayotgan an’nalarimizning xorijda nishonlanayotgani tarixiy ahamiyatga molik, desak, mubolag‘a emas. Yurtimiz obro‘-e’tibori, madaniyati va ma’naviy qadriyatlari xuddi kurash musobaqalari singari chet ellarda ham keng yoyilayotgani hammamizning faxrimiz-g‘ururimizdir.

Bunday xalqchil an’analarga boy sayillarimiz butun dunyo bo‘ylab ommalashib borishi yurtimizning boy tarixi va madaniyatiga nisbatan qiziqishning ortishiga sabab bo‘ladi.

O‘tgan yilning 9-11 avgust kunlari Xorazm viloyatining Xiva shahrida 2-xalqaro an’anaviy qovun sayli  bo‘lib o‘tdi. Bu sayilni qo‘shni mamlakatlardan minglab sayyohlar kelib tomosha qilganliklari, albatta, quvonalidir.

Yuqoridagi fikr-mulohazalrdan kelib chiqib, shunday xulosaga keldik: yurtimizda va xorijda xalqaro qovun sayillarining o‘tkazilayotganligi, ijobiy hol. Bu xayrli an’anani mahalla, tuman va viloyat miqyosida ham davom ettirish foydadan xoli bo‘lmaydi. Yosh avlod uchun tarbiya manbai bo‘lsa, keksalar uchun milliy qadriyatlarning unutilmay, davom ettirilayotganligi katta ahamiyat kasb etadi. Zero, o‘rganishlarimiz natijasida, mazkur masalaga juda jiddiy qarash zarurligi ham ayon bo‘lib qoldi. Xalq sayillari, jumladan, qovun sayli haqida nimalarni bilasiz, qachon o‘tkazilgan, qanday tashkil etilgan, o‘zingiz ishtirok etganmisiz, sizda qanday taassurot qoldirgan kabi mazmunda savollar bilan har xil yoshdagi, har xil kasbdagi kishilarga murojaat qilib, sayillarning tarixini ham tiklashimiz kerak ekan! 

 Mo‘minjon SULAYMONOV,
filologiya fanlari nomzodi, dotsent

Aloqador maqolalar

Сессия бўлиб ўтди

Халқ депутатлари Наманган шаҳар Кенгашининг навбатдаги XXIV сессияси бўлиб ўтди. Сессияда дастлаб шаҳар прокуратурасининг 2026-йилнинг учинчи чорагида қонунийликни мустаҳкамлаш...

Ҳаёти асраб қолинганлар дуосида яшайсиз, доктор!

Тиббиёт фанлари номзоди, Соғлиқни сақлаш аълочиси Тошпўлат Абдукаримов. У — нафақат Наманган вилояти, балки водий тиббиётидаги энг моҳир...

Баҳодир РАҲИМОВ, Наманган шаҳар тиббиёт бирлашмаси раҳбари:“ТИББИЁТДАГИ ИСЛОҲОТЛАР НАТИЖАСИ — ИНСОН САЛОМАТЛИГИДА НАМОЁН БЎЛМОҚДА”

Мамлакатимизда соғлиқни сақлаш тизимини такомиллаштириш, тиббий ёрдам сифатини ошириш, аҳолига қулай ва замонавий тиббий хизмат кўрсатиш масалаларига алоҳида...

Хўжа амин мақбараси

Наманган шаҳрининг Чорсу ҳудуди яқинида меъморий ёдгорлик –Хўжа Амин мақбараси жойлашган. Мақбара XVIII асрнинг иккинчи ярмида, Наманган Фарғона...