Tiniq buloqlar chashmasi

Postni ulashish:

Chortoqda kitobxon oilalar ko‘p. Ijodkorlar oilalari ko‘p. Shulardan biri K. Xo‘jamberdiyev oilasidir. Ko‘paysin akaga bejiz bu ism berilmagandir. Balki, padari buzrukvorlari va volidai muhtaramalari o‘g‘illarining o‘zidan ko‘payishini orzu qilishgandir. Axir “orzularda zohir bo‘lar mudom inson murodi…”., deyishadiku.

Asli kasbi o‘qituvchi bo‘lgan Ko‘paysin aka keyinchalik viloyat kasb-hunar ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, so‘ng shu tizimning gazetasini tashkil etdi.

Nomini “Mahorat maktabi” deb atadi. O‘z davrida bu gazetaning adadi viloyatda birinchi edi. Shunga yarasha daromad ham bor edi. Esimda, o‘shanda viloyat hokimligi katta zalida majlis ketardi. Viloyat hokimi Bahodir Yusupov hozirgi “Orzu” mahallasida qurilayotgan kottejlarni sotuvi qoniqarsizligidan achchiqlandi: “Tushuninglar, vaqti kelib, bu hudud eng ko‘rkam shaharchaga aylanadi. Majbur qilyapti, deb o‘ylamanglar. Bu uylar o‘tmas matoh emas…”.

Hokim haq ekan. Kim “Orzu”dan joy olgan bo‘lsa orzusiga erishdi.

O‘sha kuni xo‘jalik sub’yektlarining rahbarlariga kottejlar sotib olishlari yuzasidan topshiriq bo‘ldi. Viloyat boshqarmasida ham Ko‘paysin akaga o‘z nomiga kottej sotib olish, uni xo‘jalik hisobidagi tahririyat bilan shartnoma asosida yillar davomida uzish yuzasidan fikrlar bo‘ldi.

O‘qituvchi, jurnalist, matbaachi oddiy sharoitga o‘rgangan emasmi… Ko‘paysin akaga bu kottej xuddi Amir Olimxonning saroyiday ko‘rinib ketdi. Rad etdi. O‘tmishini esladi… Chortoqdan Namangan shahriga velosipedda, so‘ng motorli velosipedda, motosiklda qatnagan vaqtlari yodga tushdi. O‘shanda “Mahorat maktabi”ning “Neksiya”si har qanday kichik tadbirkorlik sub’yektlarida ham yo‘q edi. Shahar, tuman gazetalari tahririyatlarida esa hozir ham yo‘q…

Ana shunday o‘zini o‘ylamay, jamoasini boyitgan Ko‘paysin aka oilasida ketma-ket 8 nafar o‘g‘il-qizlar dunyoga keldi. Ularning hammasi oliy ma’lumotli o‘qituvchi diplomiga ega. Oiladagi tiniq buloqlar chashmasi bugun elu yurtning, fanning rivojiga munosib ravishda ob-hayot bermoqda. Ana shulardan biri Shahnoza Xo‘jamberdiyevadir.

1984 yilning may oyida tug‘ilgan Shahnoza Chortoqdagi 1-gimnaziya iqtidorli bolalar maktabini bitirdi. So‘ng Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetiga kirib 2006 yilda oliygohni tugatdi. Qalbida ilmiy izlanishga katta ehtiyoj sezgan qiz keyingi ikki yilda Namangan davlat universiteti magistraturasida o‘qidi. O‘sha 2008 yildayoq universitetning “Boshlang‘ich ta’lim metodikasi” kafedrasida o‘qituvchilik qila boshladi. 2018 yildan esa kafedra “Maktabgacha ta’lim metodikasi” deb yuritila boshlandi. Kafedrada namunali o‘qituvchilik qilishi uning obro‘sini oshirdi.

Shahnoza 2019-2020 yillar orasida “Pedagogika” fakulteti dekani bo‘lib ishladi. So‘ng bo‘lajak olima “mansabi”dan voz kechdida ilmiy ishga astoydil kirishdi. 2020-2023 yillar orasida “Maktabgacha ta’lim metodikasi” dotsenti degan ilmiy darajaga ega bo‘ldi. Mana, 2023 yildan hozirga qadar Namangan davlat universiteti “Maktabgacha ta’lim metodikasi” kafedrasi professoridir.

Shahnoza Ko‘paysinovna yosh bo‘lsa ham, bugun viloyatimiz olimlari orasida o‘z obro‘siga ega. U bolalikdan badiiy asarlar qimmatini yaxshi biladi. Shu bois “Maktabgacha yoshdagi bolalarni badiiy asarlar bilan tanishtirishning metodik asarlarini takomillashtirish” mavzusini tanladi. Dissertatsiya ishi kirish, to‘rt bob, 225 sahifa va xulosadan iborat. Foydalanilgan adabiyotlar bilan tanishar ekanmiz yosh olimaning ilmga chanqoqlik tuyg‘usi yuqorida aytganimizday otasidan – oila davrasidan boshlanganini his etamiz. Qolaversa, 100 dan ortiq ilmiy va uslubiy ishlar muallifi ekanligining o‘ziyoq “fan doktori” degan sharafli nomga osonlikcha erishmaganligining isbotidir.

Dissertatsiyaning birinchi bobi “Maktabgacha yoshdagi bolalarni badiiy asarlar bilan tanishtirishning nazariy-metodologik asoslari” deb nomlangan. Unda badiiy adabiyot – bolalarning savodxonligini shakllantirishning muhim vositasi ekanligi, ularni  badiiy asarlar bilan tanishtirish muammosining pedagogik-psixologik va metodik adabiyotlarda o‘rganilishi hamda badiiy asarlar bilan tanishtirish muammosining amaliyotdagi holati yoritib berilgan.

Dissertatsiyaning “Maktabgacha yoshdagi bolalarni badiiy asarlar bilan tanishtirishning pedagogik asoslari” deb nomlangan ikkinchi bobida bolalarni badiiy asarlar bilan tanishtirish vazifalari va bosqichlari uning yosh bilan bog‘liq xususiyatlari hamda turli yosh (kichik, o‘rta, katta va tayyorlov) guruhlarida badiiy asarlar bilan tanishtirishga doir zamonaviy yondashuvlar atroflicha tahlil qilingan va nazariy jihatdan asoslangan.

Ilmiy ishning “Maktabgacha yoshdagi bolalarni badiiy asarlar bilan tanishtirishning metodik shart-sharoitlari” deb nomlangan uchinchi bobida yanada dolzarb masalalar tahlili bor. Unda bolalarni badiiy asarlar bilan tanishtirish metodikasini takomillashtirish modeli, tarbiyachilarni bolalarni badiiy asarlar bilan tanishtirishga doir faoliyatini tashkil etish metodikasi hamda bolalarni badiiy asarlar bilan tanishtirishning shakl, metod va vositalari yoritib berilgan. Tadqiqot doirasida bolalarni badiiy asarlar bilan tanishtirish metodikasini takomillashtirish maqsadida mualliflik modeli ishlab chiqilgan.

Dissertatsiyaning to‘rtinchi bobi “Tajriba-sinov ishlarini tashkil etish va o‘tkazish metodikasi” deb nomlangan. Unda bolalarda badiiy asarlar bilan tanishishga qiziqishni shakllantirish diagnostikasi hamda tajriba-sinov ishlari natijalari va statistik tahlili atroflicha yoritib berilgan.

Shuningdek, ishda maktabgacha yoshdagi bolalarni badiiy asarlar bilan tanishtirishning uzviyligi va uzluksizligi tanishuv, adaptiv, badiiy matnni idrok etish, badiiy asar ustida ishlash, refleksiya bosqichlarida tarbiyalanuvchilarning birgalikdagi faoliyati mazmunini vertikal va gorizontal yo‘nalishlarda kengaytirib borishning pedagogik algoritmini  ishlab chiqishga urg‘u berilgan. Bolalarni badiiy asarlar bilan tanishtirishning metodik tizimi adaptiv GROW (maqsad, reallik, imkoniyat, harakat rejasi) modelini shaxs rivojining motivasion, emosional, intellektual sohalariga jadal ta’sir ko‘rsatuvchi adabiy-badiiy markaz (kitob burchagi, videoteka, fonoteka, sahnalashtirish) bilan qayta aloqasi identivligini turli yosh guruhlari bilan ishlash jarayonida differensiyalash orqali takomillashtirilgan.

Jurnalist Rahimjon IRISOV yozib oldi

Aloqador maqolalar

Сессия бўлиб ўтди

Халқ депутатлари Наманган шаҳар Кенгашининг навбатдаги XXIV сессияси бўлиб ўтди. Сессияда дастлаб шаҳар прокуратурасининг 2026-йилнинг учинчи чорагида қонунийликни мустаҳкамлаш...

Ҳаёти асраб қолинганлар дуосида яшайсиз, доктор!

Тиббиёт фанлари номзоди, Соғлиқни сақлаш аълочиси Тошпўлат Абдукаримов. У — нафақат Наманган вилояти, балки водий тиббиётидаги энг моҳир...

Баҳодир РАҲИМОВ, Наманган шаҳар тиббиёт бирлашмаси раҳбари:“ТИББИЁТДАГИ ИСЛОҲОТЛАР НАТИЖАСИ — ИНСОН САЛОМАТЛИГИДА НАМОЁН БЎЛМОҚДА”

Мамлакатимизда соғлиқни сақлаш тизимини такомиллаштириш, тиббий ёрдам сифатини ошириш, аҳолига қулай ва замонавий тиббий хизмат кўрсатиш масалаларига алоҳида...

Хўжа амин мақбараси

Наманган шаҳрининг Чорсу ҳудуди яқинида меъморий ёдгорлик –Хўжа Амин мақбараси жойлашган. Мақбара XVIII асрнинг иккинчи ярмида, Наманган Фарғона...