Namanganda Turkiyalik ishbilarmonlar tomonidan zargarlik buyumlari ishlab chiqarish korxonasi tashkil etiladi.
Namangan shahrida yangi sanoat loyihasi hayotga tadbiq etilishi kutilmoqda. Turkiyaning “Gold makina” kompaniyasi vakillari Namangan shahar hokimi bilan uchrashib, zargarlik buyumlari ishlab chiqarish zavodini tashkil etish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.
“Gold makina” – zargarlik texnikalari va asboblari ishlab chiqarish sohasida yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Uchrashuv davomida shahar hokimi Anvarjon Otaxodjayev mehmonlarni O‘zbekistonda zargarlik sanoati uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar, imtiyozlar va imkoniyatlar bilan tanishtirdi.


“Gold makina” kompaniyasining savdo vakili Ali Zengin bilan bo‘lib o‘tgan samimiy muloqot chog‘ida tomonlar birgalikda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, zaruriy texnologiyalar va bilimlarni almashish masalalari bo‘yicha kelishib olishdi.
Ayni paytda ishbilarmonlarga Namangan shahrida ishlab chiqarish zavodi uchun maqbul joylarni ko‘rib chiqish taklif etilgan. Loyiha amalga oshirilsa, bu nafaqat mahalliy iqtisodiyotni rivojlantirishga, balki yangi ish o‘rinlari yaratilishiga ham hissa qo‘shadi.
Bu hamkorlik mahalliy va xalqaro bozor uchun yuqori sifatli mahsulotlar yetkazib berishda muhim ahamiyat kasb etadi.
