So‘nggi paytlarda O‘zbekistonda inklyuziv ta’limni tashkil etish muhim masalaga aylanmoqda. Inklyuziv ta’lim, birinchi navbatda, barcha bolalarga ta’lim muassasalari tomonidan ta’lim berish imkonini yaratishdir, ya’ni har bir insonnning ta’lim olishga bo‘lgan huquqini ta’minlashdir. Xabaringiz bor, 2021-yilda O‘zbekiston Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlash bo‘yicha konvensiyaga qo‘shilgan. Bu majburiyatlarni bajarish bo‘yicha yana bir muhim qadamdir.
Mazkur loyiha O‘zbekistonda bolalar va maktab yoshidagi o‘quvchilarga asosiy ko‘nikmalarni berish orqali sifatli va teng huquqli inklyuziv ta’lim muhitini yaratishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Uning amalga oshirilishi barcha bolalarni, ayniqsa, alohida ta’limga muhtoj o‘quvchilarga sifatli ta’lim tizimini yaratadi. Bundan ko‘rinib turibdiki nogironligi bo‘lgan bolalarni ta’limga jalb qilish oddiy ta’limning o‘zi bilan hal bo‘lmaydi.

Bu borada “Inson” ijtimoiy himoya markazlari va uning mahallalarda ish boshlayotgan ijtimoiy xodimlarining roli ham juda muhim. Nogironligi bo‘lgan bola yashaydigan oilaga kompleks xizmat ko‘rsatish orqali bolalarni ta’limga jalb qilish zarur. Shuning uchun ham “Barcha bolalar muvaffaqiyatli” loyihasini amalga oshirishda ham kompleks yondashuv zarur. Nogironligi bo‘lgan bolani oiladan olib chiqib, uni maktabgacha kelishi kerak bo‘lgan jarayon ko‘p ishlarni talab qiladi. Bunda hamma birlashib, hamkorlik qilsa yaxshi samara beradi.
Inklyuziv ta’limda barcha bolalar, shu jumladan nogironligi bo‘lganlar maxsus ajratilgan guruhda emas, balki bir sinfda o‘qiydilar. Shunisi e’tiborga loyiqki, maxsus guruhlar va muassasalar qolaveradi, ular tugatilmaydi, ammo ota-onalar bolasi uchun muassasani tanlash huquqiga ega.
Ma’lumotda keltirilishicha, USAID besh yil davomida «Barcha bolalar muvaffaqiyati» loyihasiga 25 million dollar ajratishni rejalashtirgan. Loyiha Creative Associates International hamda Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika kengashlari, AQSHning Sirakuz universiteti qoshidagi nogironlik va inklyuziya markazi, Praxis Plus va «Yuksalish» harakati bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Loyiha doirasida shahrimiz maktablaridan tanlab olingan malakali bir guruh o‘qituvchilar Toshkentda tashkil etilgan seminar-treninglarda malaka oshirib qaytishdi. Trener maqomini olgan muallimlar endi barcha maktablardagi boshlang‘ich sinf uslub birlashma rahbarlarini inklyuziv ta’limni rivojlantirish bo‘yicha Namangan shahridagi 26-, Davlatobod tumanidagi 52-umumta’lim maktablarda seminar-trening tashkil etildi. Ishtirokchilar guruhlarga bo‘lingan holda sinflarda inklyuziv muhitni yaratish, ta’limda universal dizayn kabi mavzulardagi mahorat darslarida qatnashdilar.
Poytaxtda malaka oshirib qaytgan Shoira Abdullayeva, Mohira Abuxonova, Noila Musoboyeva, Nilufar Xudoyqulovalar 26-umumta’lim maktabida, Davlatobod tumanidagi 52-maktabda esa Naima Husanova hamda Ma’mura Mallaboyeva uch kun davomida mashg‘ulotlar olib borishdi.
– Davlatoboddagi maktablarining 21 nafar boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari ishtirokidagi seminar mashg‘ulotda mahalliy fasilitatorlarni inklyuziv ta’lim amaliyotiga tayyorladik.
Seminar o‘quvimiz boshlanishidan oldin ishtirokchi ustozlarda bir savol bo‘lgan edi. – Nogironligi bo‘lgan bolalarni, nogironligi bo‘lmagan bolalar bilan bir muhitda o‘qitish kerak emas? To‘g‘ri bu juda ham ajablanarli edi. Biroq ular uch kunlik seminar mashg‘ulotlaridan so‘ng qo‘yidagi fikrga kelishdi.
Trening mashg‘ulotlari davomida, fikrlarini o‘zgartirishga, ularni o‘qitish orqali nogironligi bo‘lmagan bolalarning bilim olishlarining sifati oshishiga ham, tarbiyaviy faoliyatiga ham ta’sirini ko‘rib chiqishdi. Ko‘rgazmali metodlar orqali yangi ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar. Inter-faol tarzidagi mashg‘ulotlar jarayonida nogironligi bo‘lgan bolalarning ota-onalarining o‘rnilariga o‘zlarini qo‘yib ko‘rishdi. Barchamiz birdamlikda ularni ijtimoiy hayotga olib kirish, faol a’zosiga aylanishi uchun harakat qilishimiz kerakligini anglashdi.

Ustozlarimiz inklyuziv ta’lim rejasini qanday tuzish kerakligini, moslashtirilgan
ta’lim muhitini yaratish-akkomodatsiya va modefikatsiyalashni bilib olishdi, – deydi trener Naima Husanova.
Trening qatnashchilari o‘qitishning inklyuziv ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bergan savollariga jo‘yali javob orqali bilimlarini oshirib, tajribalarini boyitdilar.
– Seminar-trening o‘quv jarayonida har bir bolaning rivojlanishi va salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun ta’lim imkoniyatlarini yaratishda jamoaviy mas’uliyat muhimligini his etdim, – deydi 31-umumta’lim maktabi vakili Zamira Yusufjonova. – Xalqaro amaliyot shuni ko‘rsatdiki, inklyuziv ta’limni joriy etish ta’lim sifatini yaxshilashning kalitidir.
Mutaxassislarni ishlashni davom ettirishga rag‘batlantirish va yangi o‘qituvchilarni jalb qilish muhimdir. Shunday qilib, inklyuziv ta’lim sinflari o‘qituvchilariga alohida ish sharoitlari uchun oylik ustama to‘lanadi. Sinfda alohida ta’limga muhtoj bo‘lgan bitta bola uchun – amaldagi ish haqining 10 foizi miqdorida ish haqi to‘lanadi.
– Loyiha har bir bolaning maktabda muvaffaqiyat qozonishi uchun zarur bo‘lgan ta’lim va o‘quv materiallari sifatini takomillashtirish hamda qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan, deya ta’kidlaydi 40-umumta’lim maktabidan qatnashayotgan Nigora Madrahimova.
Bundan ko‘rinib turibdiki, hamkorlikdagi kelishuvdan maqsad sifatli inklyuziv ta’limni tashkil etish va O‘zbekistondagi barcha bolalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida hamkorlikda ish olib borishdan iborat. Ushbu umumiy majburiyat ta’lim tizimini yanada inklyuziv bo‘lishiga asos soladi va o‘quvchilarining, jumladan, nogironligi bo‘lgan o‘quvchilarning tayanch ko‘nikmalarini rivojlantirishga ko‘maklashadi.
Ulug‘bek RO‘ZIMATOV
