Bilamizki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 47-moddasiga binoan har kim uy-joyli bo‘lish huquqiga ega. Bugungi kunda yurtimizdagi aholining katta qismi uy-joyga ega.
Biroq, hech kimga sir emaski, hozirgi kunda uy-joyga ega bo‘lgan aholining aksariyat qismida yer uchastkasiga nisbatan egalik huquqi va bino-inshootlarga nisbatan mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emas. Shu va shu kabi muammolarni bartaraf etish maqsadida davlatimiz rahbari tomonidan 2024-yil 5-avgust kuni “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi Qonunni imzoladi.
Yangi Qonunning maqsadi o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Qonun bilan yer uchastkasi va unda qurilgan imoratga bo‘lgan huquqni, shuningdek, yakka tartibdagi uy-joy qurilgan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga ijara huquqini e’tirof etishning aniq tartiblari belgilandi.
Qayd etilishicha, senatorlar tomonidan qonunning qabul qilinishi fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlarining o‘zboshimchalik bilan egallab olgan yer uchastkalariga nisbatan ijara huquqini hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga nisbatan mulk huquqi e’tirof etilishiga va bu orqali aholining ijtimoiy, iqtisodiy hamda ushbu bino va inshootlarni kommunal tarmoqlarga ulash bo‘yicha tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda yuzaga kelayotgan muammolarining hal etilishiga imkon beradi.
Endilikda ushbu qonun bilan jismoniy va yuridik shaxslar quyidagilarga nisbatan mulk huquqiga ega bo‘lishi mumkin:
– 2018-yil 1-mayga qadar yakka tartibda uy-joy qurish orqali o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga;
– 2018-yil 1-mayga qadar ortiqcha egallagan yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga;
– 2021-yil 8-iyunga qadar tuman (shahar) hokimining qaroriga ko‘ra qonunchilik hujjatlariga muvofiq fuqarolarga, yakka tartibdagi tadbirkorlarga yoki rezident bo‘lgan yuridik shaxslarga ajratilgan, tasdiqlash masalasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi yoki tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan ko‘rib chiqilmagan yer uchastkasiga;
– fuqarolarning bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylariga hamda ular egallagan yer uchastkasiga;
– 2020-yil 9-martga qadar kichik sanoat zonalari hududiga joylashtirilgan tadbirkorlik subektlarining yashash uchun mo‘ljallanmagan binolari va inshootlari yoki ularning qismlari joylashgan yer uchastkasiga;
– xususiylashtirilgan binolar va inshootlar egallagan yer uchastkasiga;
– fuqarolarning, yakka tartibdagi tadbirkorlarning va rezident bo‘lgan yuridik shaxslarning qonunchilikka muvofiq mulk (egalik qilish) huquqi e’tirof etilgan binolari va inshootlari egallagan yer uchastkasi.
Bunda o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarini hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarni bosqichma-bosqich xatlovdan o‘tkazish har yilgi reja-jadval (bundan buyon matnda reja-jadval deb yuritiladi) asosida amalga oshiriladi.
Qonunning 23-moddasiga ko‘ra, yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini e’tirof etish uchun quyidagi miqdorlarda bir martalik to‘lov undiriladi:
1) Toshkent shahrida – bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida;
2) Nukus shahrida va viloyatlar markazlarida – bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida;
3) viloyatlar bo‘ysunuvidagi boshqa shaharlarda – bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida;
4) boshqa aholi punktlarida – bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida.
Bir martalik to‘lovni to‘lashdan quyidagilar ozod etiladi:
1) bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida bir martalik yig‘imni to‘liq to‘lagan shaxslar;
2) I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar.
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan shaxslardan bir martalik to‘lov ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan to‘lovning ellik foizi miqdorida undiriladi.
Qonun 2024-yil 6-noyabr sanasidan boshlab kuchga kiradi hamda 2028-yil 1-yanvarga qadar amal qiladi.
Murodjon RAHMONOV,
Namangan shahar adliya bo‘limi boshlig‘i
