Turkistonnning mustamlakachilik davrida erk, ozodlik, mustaqillik uchun kurashib, Vatanni ozod qilish yo’lida aziz umrlarini fido etgan o’nlab hamyurtlarimizning nomlarini bilamiz. Shulardan biri mashhur jadid Dadamirza qori Shayxovdir.
Dadamirza qori XIX asr oxiri XX asr boshlarida yashab o’tgan namanganlik jadid, maorifchi, davlat va jamoat arbobi, publisist bo’lib, 1937-yil stalincha qatag’on qurboni bo’lgan shaxs. U o’z davrida Rossiya va Turkiston ziyolilari orasida katta obro’va e’tiborga ega bo’lgan. Qo’qon, Toshkent, Qozon, Ufa, Sankt Peterburg, Moskva shaharlaridagi nufuzli nashrlarda uning maqolalari e’lon qilingan. Mahalliy maktablarni isloh qilishning tartib-qoidalarini ishlab chiqqan etuk peshqadam ziyoli hisoblanadi. Turkistondagi yangi usul maktablarida uning “Miftah ul-avval” deb nomlanuvchi darsligidan keng foydalanilgan.
Namanganda Ishoqxon ibrat, Mamajon Murodov, Husayn Makaev, So’fizoda, Obidjon domla, Zayniddin qori va boshqa taraqqiyparvarlar tomonidan ochilgan yangi usul maktablari orasida Dadamirza qorining ham maktabi alohida ahamiyatga ega edi.

Namangan shahridagi dastlabki jadid maktablaridan birining asoschisi Dadamirza qori edi. O’sha davrda shaharning Sardoba dahasida joylashgan “sirli masjid” deb nomlanuvchi masjid hovlisida fidoyi jadid tomonidan ikki sinfli yangi usul maktabi tashkil etildi. Maktabda 3 kishidan iborat muallimlar jamoasi o’quvchilarga turli fanlardan saboq berganlar. Uning maktabida tabiiy fanlarga alohida e’tibor berilgan. Masalan, geografiya fani haftada ikki marta bo’lgan.
Dadamirza qori 1882-yil Namangan shahar “Dambog’” mahallasida Abdurazzoq Shayx xonadonida dunyoga kelgan bo’lib, shu bois ham rasmiy manbalarda Dadamirza Shayxov deb yozilgan. Shuningdek, muallimni “bulbul qori” deb ham atashgan. U kishi Bedil qorining qizlari Habibaxon bilan turmush qurib, 5 nafar farzand ko’rganlar. Farzandlari: Fotimaxon, Faridaxon, Botuxon, Ergashali, Adibaxon. Arab va fors tillarining puxta bilimdoni bo’lgan Habibaxon aya turmush o’rtog’i bilan yonma-yon turib, “sirli masjid” qoshida ochilgan maktabda qizlar uchun alohida sinf tashkil etib, dars berganlar. Jadid maktablari asosan mahalla masjidlari qoshida ochilgan. Mazkur maktablarda qiz bolalar sinfining mavjudligi hamma shaharlarda ham bo’lavergan emas. Masalan, Toshkentda Shokirjon Rahimiy, Samarqandda Abduqodir Shakuriy, Qo’qonda Muhammadjon Xoliqiy maktablarida qiz bolalar uchun sinflar ham tashkil etilgan edi. Agar Qo’qonda Muhammadjon Xoliqiyning singillari Solihabegim qizlarga dars bergan bo’lsalar, Namanganda Dadamirza qori yonida Habibaxon aya dars bergan edilar. Bu hozirgacha aniqlangan O’zbekiston hududida qizlar uchun ochilgan to’rtinchi jadid maktabi edi. Habibaxon Shayxova, Qorieva, deb ham yoziladi, 1887-yil tug’ilib, 1973-yilda vafot etganlar.

1937-1938-yillarda amalga oshirilgan “katta qirg’in” qatag’on siyosati atoqli jadidni ham chetlab o’tmadi. U barcha ma’rifatparvarlar qatori Stalin istibdodining qurboni bo’ldi. Garchi, turmush o’rtog’i qatag’on etilgan bo’lsada, Habibaxon ilm-ma’rifat yo’lidan chekinmadi. Asosiy e’tiborni farzandlarining ta’lim va tarbiyasiga qaratdi. Xalqimiz bejizga “olmani tagiga olma tushadi”, deb aytmaydi. Dadamirza va Habibaxondan bilimli avlod qoldi. Ularning barchasini aya o’z kasbining mohir egasi qilib tarbiyaladi. O’sha davr jamiyatidagi unga va turmush o’rtog’iga nisbatan qilingan adolatsizliklar, tazyiqlar Habibaxonni irodasini buka olmadi. Nafaqat farzandlar, balki, nabiralari ham ilm-fan fidoyilari bo’lib etishdilar. Masalan, nevaralari Dadaboeva Rahbarxon va Ra’noxonlar ayollar shaxmat musobaqasi bo’yicha respublikaning ilk chempionlari bo’ldilar. Dadamirzaning qamalishi va oilaga qo’yilgan siyosiy ayblar natijasida Habibaxon Namangan shahridan ko’chib, chekka qishloqlarda umr kechirishga majbur bo’ldi. Shu bois, mashhur jadid ayolining avlodlari bugungi kunda Namangan viloyatining Mingbuloq, To’raqo’rg’on va Chust tumanlarida istiqomat qilmoqdalar.
Aslida, ko’proq vaqtini bolalar tarbiyasiga bag’ishlovchi ayollar-onalarning ilmiy-ma’rifiy saviyasi bolani qay yo’sinda kamol topishiga o’zining ulkan ta’sirini ko’rsatadi, albatta. Shu bois ma’rifatni xalq orasiga keng yoyishning yana bir yo’li, o’g’il bolalar bilan birgalikda qiz bolalarning ta’lim va tarbiyasiga ham jiddiy ahamiyat berish edi. Bu masala ham farg’onalik jadidlar nazaridan chetda qolmagan: “…er bolalarimizni qancha yaxshi tarbiya qilsak ham kelajak asrda ona bo’ladurg’on qizlarimiz tarbiya qilinmog’onda, biz hamon yarim jonlikdan, mag’lubchilikdan najot topa olmasmiz. Chunki xotun demak, nav’i basharning yarmi demak bo’lg’onligi uchun xotunlar, qizlar tarbiya qilinmasa, yarim millat tarbiyasiz qoladi demak”, degan edi qo’qonlik jadid Shokir Muxtorov “Sadoyi Farg’ona” gazetasidagi maqolalarining birida.
Qizlar jadid maktabi Toshkent shahar Sebzor dahasi Taxtapul mahallasidagi Shokirjon Rahimov xonadonida ham faoliyat yuritgan edi. Jadid muallimalar qizlarni vaqti-vaqti bilan imtihondan ham o’tkazib turganlar. “Imtihon Majlisi”, deb atalgan bu tadbirlarga asosan ilmli ayollar taklif etilganlar. Imtihon oxirida muallima xonimlar o’ziga xos nutq ham so’zlashgan. Sinfda qizlar soni 15 nafar atrofida bo’lib, shu sababli ham ba’zan qiz bolalar bilan yosh o’g’il bolalarni birga qo’shub o’qitishga majbur bo’lganliklarini o’z maqolalarida yozganlar.
1914-yilning 14-mayida Dadamirza qorining yangi usul maktabida omma ko’z oldida o’quvchilardan ochiq imtihon olinadi. Shogirdlar barcha fanlardan imtihonlarni muvaffaqiyat bilan topshirdilar. Bu esa uning maktabi obro’sini xalq orasida yanada oshishiga sabab bo’ldi.
Dadamirza qori qalami o’tkir, hozirjavob qalamkash ham edi. U dolzarb mavzularni o’z ichiga olgan maqolalarini “Sadoyi Farg’ona” gazetasi sonlarida chop ettirib turdi.
Orenburgda nashr etiladigan “Sho’ro” jurnalining 1912-yil 23-sonida, boshlang’ich maktablarning maqsad va vazifalari, ulardagi muallimlar va darsliklar haqida bir necha savollar bilan o’z mushtariylariga murojaat qiladi. Ushbu savollarga Dadamirza qori ham javob yo’llab, yangi usul maktablari mohiyatini ochib bergan holda, maorif islohiga oid o’zining qimmatli fikrlarini beradi: “…boshlang’ich maktabning maqsadi-insonni Qur’onda tasvirlangan inson kabi tarbiyalash va natijada dinimizning saqlanib qolinishi hamda millatimizning mavjudligini ta’minlaydigan asoslarini yaratmoqdir…”. Shuningdek, u darsliklar masalasida ham to’xtalib, bu borada yagona tartib joriy qilish fikrini olg’a suradi.
Dadamirza qori maktab va ta’lim islohi haqidagi o’z fikrlarini “Sadoyi Farg’ona” gazetasidagi maqolalarining birida davom ettirib, o’z qarashlarini atroflicha bayon etadi. U o’zining maqolasida: “bizga nima kerak?”, – deb savol berilsa, kishilar juda ko’p hisobsiz keraklarni aytadilar, har qancha aytsalar haqlidirlar, ammo mening fikrimcha: “…hamma keraklardin ortuqroq kerak maktabdur…”,- deydi.
U bu maqolasida o’lkadagi mavjud o’quv tizimi, maktablarning ahvoli, aholining ilmga munosabati, ilmsizlikning taraqqiyotga ko’rsatayotgan salbiy ta’sirini ko’rsatib o’tgan holda, maktablar islohi davr talabi ekanligini isbotlab beradi: “…Shuning uchun bo’lsa kerak, bir maktab bolamizni o’ndan biri ahli savod bo’lib qolmish, to’qqiz hissasi avom qolmoqda. Ilm degan aziz va sharofatlik narsadan mahrum qolmoqda va jaholat qurboni bo’lub Islom kishisini boshqalarga mashara qildurmakdadur…”. Shu bois, Dadamirza qori islohotni maktabdan boshlashni taklif qiladi. Uning fikricha, insonga ilmga, san’atga va adabiyotga intilish uchun qobiliyat berilgan. U: “ilm-ma’rifat ma’lum bir kishilar uchungina kerak, barcha ommaning ilmli bo’lishi shart emas”,-deguvchilarning fikriga keskin qarshi chiqadi.
Dadamirza qori nafaqat maktab-maorif, balki maishiy turmush masalasiga ham alohida e’tibor berar edi. Farg’ona jadidlarining nashr afkori bo’lmish “Sadoyi Farg’ona”da uning “araqqa tutilmish oqchalar” nomli maqolasi e’lon qilingan. Ichkilikni kishilarning iqtisodiy ahvoli, jamiyatning ma’naviy muhitiga salbiy ta’sirini yaxshi tushunib etgan holda, Dadamirza qori ham ushbu mavzuni dolzarb sanab, o’z maqolasida bu xususida alohida to’xtalib o’tadi. U yozadiki, boshqa millat vakillari kecha-kunduz tinmay o’z millatlari istiqboli yo’lida harakat qilganlari holda, bizning yigitlarimiz “…minglab choyxona va foydasiz o’rinlarda aziz umrlarin chiritib…”millat yo’lida dadil sayi-harakat qilmaganliklaridan: “…Hanuz biz maktab mas’alasin hal qila olmaymiz…”.

Dadamirza qori to’ylardagi ortiqcha isroflarni ham ushbu maqolasida qattiq tanqid qiladi. Evropa mollariga bo’lgan talab bois, milliy hunarmandchilikning tanazzulga yuz tutayotganidan qattiq havotirda ekanligini bayon qiladi. U kishilarni ogohlikka, har bir imkoniyatdan ma’rifat yo’lida foydalanishga da’vat etadi: “..Agar shunday g’aflatda bir muncha vaqt qolsak boshimizga qanday qora kunlar kelg’usidur”.
Bugungi kunda esa boshqa vatanparvar ajdodlarimiz qatori Namanganning asl farzandlari, xususan, Habibaxon aya nomini ham qayta tiklash, xalqqa etkazish va abadiylashtirish imkoniyati paydo bo’ldi.
Namangan shahrida atoqli jadid, publisist, maorifchi, Namangan viloyati xalq ta’limi boshqarmasining tashkilotchisi, qatag’on qurboni Dadamirza qorining nomini va qilgan xayrli ishlari haqidagi ma’lumotlarni xalqimizga etkazish ayni davr talabidir.
Tohirjon Qozoqov,
tarix fanlari nomzodi, dosent
