Yovvoyilashuvga qarshi raddiya

Postni ulashish:

“Kusto orolida o’n kun” deb nomlangan sarguzasht qissa – taniqli jurnalist Muhammadjon Obidov qalamiga mansub ilk badiiy asar.

Ma’lumki, iste’dodli qalamkash o’z-o’zidan biror asar yozishga qo’l urmaydi. Qalbida og’riq tuyib, ong-shuurida iztirobli o’y-xayollar charx urganda u yozmasdan turolmaydi. “Kusto orolida o’n kun”ni o’qib chiqqach, “Muallif yonib-kuyib ketganidan shu sarguzasht qissani yozibdi-da”, – degan mulohaza o’tadi kishi ko’nglidan.

Qissa mutolaasidan so’ng kitobxonda “Muallif nega bu asarda yovvoyi odamlar hayot tarzini yoritdi ekan?”, “Xaritada nom-nishonsiz Kusto orolini badiiy ramzga aylantirishdan maqsad nima?”, “Biz yashab turgan jamiyatning qissa ob’ektiga qanday aloqasi bor?”– qabilidagi qator savollar tug’ilishi tabiiy.

Avvalo shuni aytish mumkinki, muallifni bezovta qilayotgan eng katta muammo – globallashuv jarayonida inson qalbi yovuzlikni yoqtirishga moyil bo’lib borayotgani, oqayotgan qon va uzilayotgan jonlar tomoshasidan huzurlanish vasvasasi tobora yoshlar ong-shuurini chulg’ab olayotgani, xususan, o’zi yashab turgan muhitda madaniylik niqobi ostida ko’zga tashlanayotgani bilan bog’liqdir. Balki shuning uchun u yovvoyi odamlar hayot tarzini ular o’rtasidagi mehr-oqibatni va begona odamga nisbatan xayrixohlikni qissada maroq bilan tasvirlagandir. Ayni shu ishi bilan muallif rivojlangan tsivilizasiya sharoitida, madaniylikning yuqori bosqichi hisoblanayotgan XXI asrda Kusto oroli aholisi tabiatida mustahkam ildiz otgan ezgulik va yaxshilik yo’qolib borayotganiga e’tibor qaratgan.

Muallif – qissa bosh qahramoni, jurnalist Sarvar Obidning prototipi, u o’zi guvoh bo’lgan, ko’zi ko’rib turgan muammolar haqida baralla yozolmaydi. Deylik, u O’zbekistonda uzoq yillardan beri yashayotgan, lekin o’zbek tilini o’rganmagan va o’rganishni turli bahonalar bilan paysalga solayotgan o’zga tilli kishilarga raddiya sifatida XUANXA tin obrazini yaratadi. Muallif asarda o’quvchiga Sarvar Obidni Hasan, XUANXA Tinni, Husan ismlari bilan tanishtiradi.  Bunday yondashuvda ham o’ziga xos ramziylik mavjud. Xalqimiz bir qorindan talashib tushgan egizak o’g’il bolalarga Hasan, Husan ismlar qo’yishini nazarda tutsak, muallif maqsadi yana ham oydinlashadi. Qissada tasvirlanishicha, Husan, ya’ni XUANXA tin o’zbek tilini zo’r ishtiyoq bilan o’rganadi va o’zining bu boradagi tirishqoqligi bilan Hasanni, ya’ni bosh qahramon, jurnalist Sarvar Obidni qoyil qoldiradi.

Shu o’rinda beixtiyor iste’dodli jurnalist va jamoat arbobi Sherzodxon Qudratxo’ja sha’niga rus shovinistlari tomonidan yog’dirilgan noo’rin malomatlar yodga tushadi. Hamkasbimizning “O’zbekistonda yashovchi har bir fuqaro davlat tilini bilishi va mamlakat tarixiga hurmat bilan qarashi darkor!”degan xulosasi ularda tushunarsiz jazava uyg’otdi. Holbuki, dunyo tamadduni e’tirof etgan xalqaro me’yorlarga ko’ra, Sherzodxon Qudratxo’ja mutlaqo haq ekanligini barcha tushunib turibdi.

Haqni so’zlash hozirgi kunda o’ta mushkul jarayonga aylanib borayotgani – Muhammadjon Obidovni qiynagan, qiynayotgan va qo’liga qalam tutqazgan dolzarb mavzulardan biri. O’tkir ruhdagi publisistik maqolalar yozib boshiga balo orttirishni istamagan jurnalist oxir-oqibat badiiylik olami, yozuvchilik maydoni sari qadam tashlaydi. Uning uchun yagona yo’l – iztiroblarini badiiy asar bag’riga to’kib solish. Shu ma’noda “Kusto orolida o’n kun” – qalbi iztiroblarga to’la, biroq ularni qog’ozga tushirishga istihola qilayotgan qalamkashlar uchun ajoyib ibrat, ko’zgu.

Qissada Sarvar Obid boshidan kechirgan har bir voqea-hodisada biz yashab turgan jamiyat bilan bog’liqlikni ko’rasiz. Jamiyat hayotidagi yutuq va muammolarni tahlil qilishga qodir bo’lgan etuk tafakkur sohibi Sarvar Obidni maymunlar olib qochadi. Bir muddat u maymunlarning asiriga aylanadi. Boshqa bir voqeada u kutilmaganda qo’shni qabila ovchilari qazigan xandaqqa tushib ketadi va muqarrar o’limdan mo”jiza tufayligina qutuladi. Har ikki holatda unga Husani yordam qo’lini cho’zadi. Yashirishning hojati yo’q – bugun yuksak intellekt sohiblari alifni kaltak deydigan savodsiz kishilar qo’lida qo’g’irchoqqa aylanayotgani, ularning mantiqsiz buyruq va topshiriqlarini so’zsiz bajarishayotgani bor gap. Maymunlar qo’lidagi asirlik va xandaqqa tushib ketish voqeasi – mana shunday og’ir ruhiy voqelikka ramziy ishoradir. Taassufki, xalqimiz ko’z o’ngida hali hayot zavqini tuymagan go’daklar va bolalar manfaatparast va funktsional savodsiz mutaxassislar, mutasaddilarning oxirini o’ylamay qilgan ishlari tufayli “Dok-1 Maks” dori vositasi qurboni bo’lishdi. Kuni kecha o’sha mutasaddi va mutaxassislar ustidan sud hukmi o’qildi. Har qalay, oz bo’lsa-da, adolat qaror topdi. Ammo shu musibat yuz bermasligi mumkin edi-ku?! Nima sababdan o’nlab oilalar boshiga musibat tushdi? Nima uchun bu kabi global xunrezlikka yo’l qo’yildi? Jamoatchilik buni avvaldan sezmagan, deb o’ylaysizmi? Yo’q, kimdir ko’rgan, bilgan, guvoh bo’lgan, lekin bilganlarini ichida saqlagan, tili aytilishi lozim bo’lgan haq so’zdan tiyilgan. Tanish-bilishlarining kirdikorlariga jim qarab turgan. “Kusto orolida o’n kun” sarguzasht qissasi mohiyatiga yashiringan bosh maqsad – bundan keyin jamoatchilik hushyor bo’lishi lozimligini ta’kidlash, jamiyatni ogohlantirishdan iborat!

Sarvar Obidga Go’zal sovg’a qilgan to’tining tutqunlikka rozi bo’lmay Ummon uzra parvoz qilishi va to’lqinlar bag’riga sho’ng’ib o’zini halok etishi – qissaning kulminasion nuqtasidir. Demak, muallifning adolatli jamiyat haqidagi orzu-o’ylari hali-hozircha to’ti misol parvozda. Hozircha, u yuksak parvozlar haqida o’ylolmaydi. Burgut misol balandliklarni viqor bilan zabt etish – uning uchun hozircha orzu! Hozircha! Zero, Muhammadjon Obidov va u kabi yorug’likka tashna, yuragida haqiqat olovi lovullab yonayotgan qalamkashlar “Kusto orolida o’n kun” kabi o’nlab, yuzlab asarlarni yozishadi va bu asarlar mutolaasi xalqimizning qalb ko’zini ochadi, ongini uyg’otadi.

Komil ishonch bilan aytamizki, mazkur sarguzasht asar – dunyo uzra urchib borayotgan va o’ziga madaniyatlilikni niqob qilib olayotgan yovvoyilashuvga qarshi ramziy ma’nodagi raddiyadir!

Muhammad Vali,

O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, adabiyotshunos

Aloqador maqolalar

Сессия бўлиб ўтди

Халқ депутатлари Наманган шаҳар Кенгашининг навбатдаги XXIV сессияси бўлиб ўтди. Сессияда дастлаб шаҳар прокуратурасининг 2026-йилнинг учинчи чорагида қонунийликни мустаҳкамлаш...

Ҳаёти асраб қолинганлар дуосида яшайсиз, доктор!

Тиббиёт фанлари номзоди, Соғлиқни сақлаш аълочиси Тошпўлат Абдукаримов. У — нафақат Наманган вилояти, балки водий тиббиётидаги энг моҳир...

Баҳодир РАҲИМОВ, Наманган шаҳар тиббиёт бирлашмаси раҳбари:“ТИББИЁТДАГИ ИСЛОҲОТЛАР НАТИЖАСИ — ИНСОН САЛОМАТЛИГИДА НАМОЁН БЎЛМОҚДА”

Мамлакатимизда соғлиқни сақлаш тизимини такомиллаштириш, тиббий ёрдам сифатини ошириш, аҳолига қулай ва замонавий тиббий хизмат кўрсатиш масалаларига алоҳида...

Хўжа амин мақбараси

Наманган шаҳрининг Чорсу ҳудуди яқинида меъморий ёдгорлик –Хўжа Амин мақбараси жойлашган. Мақбара XVIII асрнинг иккинчи ярмида, Наманган Фарғона...