Qiz farzand otaning qalb ardog’ida o’sayotgan gul kabi nozik. Qizlar ota uchun jonidan kechguvchi vafodor do’st, sadoqatli hamroh, duogo’y hamda mehr-muhabbati bilan hayotini nurga to’ldirgan mehr ko’zgusidir.
Siz mushtariylarga tanishtirmoqchi bo’lgan qahramonimiz Namangan viloyati IIB jamoat xavfsizligi xizmati yo’l harakati xavfsizligi boshqarmasining umumiy o’rta va o’rta maxsus ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilish guruhi katta inspektori, kapitan Sevara Hoshimova. Uning kamolotida padari buzrukvori Abdurashid Zohidovning zahmatlari katta.
Otaning ijtimoiy hayotda qizlarining ta’lim-tarbiyasiga, harakatiga katta ahamiyat berishi farzandlarining yaxshi inson bo’lib voyaga etishida turtki bo’ldi. Negaki oiladagi farzandlarning uchtasi qiz. Ularning kattasi Sevara. Shu sababdan qizlarning kamoloti uchun o’qish va qiziqishlarida otaning o’rni alohida ahamiyatga ega bo’lgan. Abdurashid aka qizlariga ko’p kitob olib berardilar.
Negadir ko’p oilalarda qiz bolaga nisbatan hurmat va ishonch bilan munosabatda bo’lish naqadar muhimligini afsuski, hamma ham tushunib etavermaydi. Sevarada esa yoshligidan ichki ishlar xodimi bo’lish istagi balog’atga etgan sari harbiy forma kiygan xotin-qizlarga havasi ortib borardi.

Qahramonimiz o’rta maktabni bitirgandan so’ng Toshkent avtomobil va yo’llar institutining kasb ta’limi, er usti transport tizimlari yo’nalishi fakultetini 2014-yilda muvaffaqiyatli tamomladi.
– Ichki ishlar xodimasi bo’lish ayollardan katta mas’uliyat, jasorat va qattiqqo’llikni talab qiladi. Ayrim vaqtlarda oilangga ham vaqt topa olmasliging mumkin, – deydi Sevara. – Shukurki, oilamdagilar, yaqinlarim faoliyatimdagi favquloddagi vaziyatlarni to’g’ri tushunishadi, qarshilik bildirishmaydi.
Elimizda otasi ardoqlagan qiz baxtli bo’ladi, deb bejiz aytishmagan. Sevaraning oilada, jamiyatda o’z o’rnini topishini avvalo ota tomonidan bildirilgan ishonch turtki bo’lgan bo’lsa ajabmas. Qiz bolaning orzulari amalga oshishi uchun uning fikrlarini eshitish, qalbiga quloq solish kerak. Sevaradagi epchillik, orastalik, muloyimlik, farzandlariga bor mehrini berib tarbiyalagan muallim Shohida ayadan o’tgan bo’lsa, el-yurtga sodiqlik, bilimdonlik, hozirjavoblik, qat’iyatlilik borasida otasiga tortgan.
Sevaraning taqdir yo’llari Bekzod Siddiqov bilan bog’landi. Tinch-totuv hayot zavqini surayotgan baxtli oilaga hammaning havasi keladi.
– Agar sizning qiz farzandingiz ham ichki ishlar idoralarida xizmat qilishga moyillik bildirsa, nima javob qilgan bo’lardingiz, – degan savolimizga Sevara ajablanmasdan shunday dedi.
– Hech ikkilanmasdan rozi bo’lardim. Qanday soha bo’lmasin xotin-qizlarning jamiyatdagi o’rni alohida, – deydi Sevara. – Men o’z farzandim uchun barcha sharoitlarni yaratib berishga tayyorman.
Sevara Hoshimovaga berilgan xizmat tavsiyanomasida quyidagi jumlalarni o’qishingiz mumkin:
“Kapitan Hoshimova Sevara Abdurashid qizi xizmat faoliyati mobaynida o’zining intizomligigi, mehnatsevarligi va rahbariyat tomonidan beriladigan topshiriqlarni o’z vaqtida sifatli bajarishi natijasida o’zini namunali xodim sifatida namoyon etib kelmoqda…
…Viloyat hududida jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olish, jamoat tartibini saqlash, yo’l-transport hodisalarini oldini olish, fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilishda o’zining bilim-zakovati, tajribasini ishga solgan holda faol ishtiroki kasbdoshlariga o’rnak.
Xizmat faoliyati davomida xodimlar va fuqarolar bilan xushmuomalalik bilan muloqotda, hamkasblari hamda mahallada obro’-e’tiborga ega”.
Mana sakkiz yildirki Sevara Hoshimova sohada namunali faoliyat ko’rsatib kelmoqda. Uning ishchanligi, mas’uliyatni his etishi boshqarma rahbariyati e’tiboriga tushib, xizmat faoliyati davomida 9 marotaba rag’batlantirilgan.
Yuksak ma’naviyatli va ma’rifatli, namunali odobi va tarbiyasi bilan e’tirof etilgan ayollarimizning izdoshlari – Sevara kabi xodimlar, minglab opa-singillarimiz samarali mehnat qilishmoqda. Ular el-yurt tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash, jinoyatchilikning oldini olishda chinakam jasorat namunasini ko’rsatib kelmoqdalar.
Nasimjon YUNUSOV
