NAMBIOTEST: qon tahlillari bo‘yichainnovatsion yechim

Postni ulashish:

Namanganda tajribali tibbiyot xodimlari o‘z sohalarida tadbikorlikka qo‘l urishdi. Bu urinish shunchaki havas emas edi. Balki, uzoq vaqt davom etgan nazariy qarashlar, tahlillar ularni yangi-yangi yechimlarga yetaklardiki, bu tajribalardan to‘xtab bo‘lmas edi. Aksincha, o‘z maqsadlari yo‘lida tinim bilmay sinovlarini chuqurlashtirib borardilar. 2019 yilda ijaraga bino olib faoliyat olib borish tufayli 2020 yilda “Nambiotest” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etildi. Kichik jamoa o‘z zimmasiga juda katta mas’uliyat oldi. Bu bir necha kasalliklarni aniqlash uchun qon tahlillarini amalga oshirishdan iborat edi. Yuqumli kasalliklardan Gepatit “V”, “S”, oshqozon ichak kasalliklari (gastrit, oshqozon yarasi), infarkt miokard, OITSning 4-avlodi, homiladorlikni aniqlashning birlamchi sinovlarini o‘tkazishda “Nambiotest” mahsuloti asqotadigan bo‘ldi. Buni sodda qilib shunday tushuntirish mumkin. Siz o‘zingizda yuqoridagi holatlar va kasalliklarga chalinganingiz haqida gumondasiz. Buning uchun IFA, PSR tahlillarni o‘tkazishingiz lozim. Uning narxi 100 ming so‘mdan 150 ming so‘mgacha! Siz o‘zingiz istiqomat qilayotgan hududlardagi laboratoriyaga arzimagan pul to‘lab “Nambiotest” jamlanmasidan foydalanasiz. Qoningizdan ikki tomchi olinib jajjigina kassetaga tomchilatiladi va uning ustiga maxsus suyuqlik quyiladi. Kasseta yuzasidagi ekranda Sizning qoningizda kasallik alomati ko‘rinadi. Siz zudlik bilan chuqur va atroflicha tahlil o‘tkaziladigan muassasaga yuborilasiz. Davolanasiz. Agar kasseta ekranida manfiy holat qayd etilsa xavotirlikdan butkul xoli bo‘lasiz.

…Mamlakatimiz, jumladan Namangan viloyatida COVID-19 aniqlanib, fuqarolar ketma-ket maxsus davolash muassasalariga keltirilayotgan paytlar edi. MCHJ mutaxassislari kunni tunga ulab ishlashdi. Dastlab gepatitning “V” va “S” toifalarini aniqlashda 100 foiz yechimga ega bo‘ldilar. Bu esa chetdan juda katta mablag‘lar evaziga sotib olinayotgan vaksinalarga bo‘lgan ehtiyojni sezilarli kamaytirdi. Respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda hamkor idoralarning lisenziyasi olindi. Qon tahlillarini amalga oshirishni mahalliylashtirish sharafini ilk bor “Nambiotest” qo‘lga kiritdi. Boshqacha aytganda Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib tibbiy ekspress laboratoriya mahsuloti yaratilgandi. Ushbu loyihani amalga oshirish bilim va tajribadan tashqari katta miqdordagi sarmoyani ham talab qilardi. Qolaversa loyihani rasmiylashtirish, bosqichma-bosqich amalga oshirish, bir so‘z bilan aytganda hujjatlarini lisenziyalash va yuritishda jamoa qiyinchilikka duch keldi. Shunda Biznes-ombudsmanga murojaat etildi. Endi Biznes-ombudsman bilan keng qamrovli loyiha tashkil etildi. Shunga ko‘ra  ekspress testlar ishlab chiqarish bo‘yicha shartnomalar imzolandi. Shartnoma shartlari to‘la bajarildi. 2024 yil davomida mahsulotlarga bo‘lgan talab ortib bordi va talabga muvofiq 20 milliard so‘mlik qon tahlillari uchun testlar ishlab chiqarildi. Respublikamizdagi tibbiyot muassasalariga sotildi. Jamiyat jamoasining yuzi yorug‘ bo‘ldi.

Ekspress testlar muvaffaqiyatli ishlab chiqarilmoqda. Ammo uning xomashyosining 100 foizi Xitoy Xalq Respublikasidan keltirilardi. MCHJ mutaxassislari xomashyoni ham o‘zimizda ishlab chiqarishga kirishdilar.

“Nambiotest” yaratuvchilari hamon izlanishdalar. Ularning mehnatini ko‘rib, mashaqqatli yo‘ldan borayotganlar, degimiz keladi. Aytaylik ular o‘z faoliyatlarining birlamchi davrida  – qonda kasallik bor yoki yo‘qligini aniqlaydigan 9 turdagi testlar yaratishdi. Endigi vazifa  kimda kasallik bo‘lsa, shu kasallikning miqdori qay darajadaligini aniq tashxisi kerak edi. Buning uchun ular “POST” test qurilmasini yaratish ustida ish olib bordilar. Ushbu qurilma poliklinika, ambulatoriya, tez tibbiy yordam hamda shifoxonalardagi jonlantirish bo‘limlarida ishlatilishi mumkin.

“POST” test tibbiyot kelajagining yorqin sahifasi bo‘lishiga ishonamiz. To‘g‘ri bu tibbiy jihozlar rivojlangan chet davlatlarda ko‘pdan buyon ishlatiladi. Bu qurilmalarning o‘zimizda yaratilishi va tibbiyot sohasiga joriy etilishi chinakam katta muvaffaqiyatdir. “POST” orqali ayollardagi homilaning o‘sishi, rivojlanishi, garmonlar o‘zgarishi, “D” vitaminining miqdori, shuningdek, gastroentrologik, onkologik, ginekologik, kardiologik kasalliklarning miqdori, hozirgi holatini kuzatish mumkin.

Tibbiyotda to‘g‘ri tashxis  – yarim davo degan qoida bor. Bemorning kasali, kasalining darajasi aniq bo‘lsa, uni davolash oson kechishi sir emas. “POST” test ishlab chiqarish uchun xitoylik mutaxassislar-tadbirkor bilan shartnoma imzolandi.

“Nambiotest” marrani baland olgan tadbirkorlik sub’yektlaridan biri. Rahbariyat mutaxassislikdan yaxshi xabardor bo‘lgan yigit-qizlarni jamoaga jamlagan. Bunda korxona direktori Xayrullo Muhitdinovning tashkilotchilik mehnati alohida. U Namangan muhandislik pedagogika institutini biotexnolog mutaxassisligi bo‘yicha diplomli bo‘lganda to‘g‘risi ish topilmagandi. Shu bois NamDUning ijtimoiy madaniyat fakultetini bitirib, umumta’lim maktabida o‘qituvchilik qildi. Maktab direktori, shahar Kengashi deputati bo‘ldi.

NamMPIning taniqli kimyo fani olimi Isroiljon Shamshiddinov bilan tanishligimiz bor emasmi, Xayrullo haqida so‘radik. U o‘z shogirdi haqida mamnuniyat bilan gapirdi. To‘g‘risi Xayrullo o‘z ishini endi topibdi. Innovasion loyihaga boy jamoa rahbariyati ham Xayrulloni topgani xo‘p yarashiqli ish bo‘libdi.

Shuningdek, MCHJda Saydullo A’loxonov, Alisher Valiyev, Jobirxon Rahimjonov, Dilfuzaxon Nishonova singari yosh mutaxassislar barchaga o‘rnak bo‘layotirlar. Sayyodbek Abdulvohidov, Abdulaziz Habibullayevlar ayni paytda oliy o‘quv yurti talabalaridir.

MCHJda ayni kunlarda 30 nafar mutaxassis va ishchi ishlamoqda. Testlarni qadoqlashga 20 nafarga yaqin uy bekalari tanlov asosida qabul qilindi va ular bir oy o‘qitildi. O‘z faoliyati yuzasidan to‘laqonli ko‘nikmaga ega bo‘lgan xotin-qizlar ish boshlashdi. Tumanlar, qo‘shni viloyatlarda mahsulot sotuvini tashkil etayotgan dastyor-marketologlar ham ko‘p. Ular orqali har oydagi korxona tushumlarini kupaytirmokdalar.

Shu o‘rinda “POST” test dastgohi va “Nambiotest” mahsulotlarini har bir tibbiyot muassasasida albatta bo‘lishi zarurligiga e’tibor qaratmoqchimiz. Imkon bo‘lsa mahallalar kesimida “Openbudjet” dasturi orqali “Oila poliklinikasi” va “Qishloq vrachlik punktlari”ning har biriga yetkazib berish maqsadga muvofiqdir. Bu atigi bir ming dollarga to‘g‘ri kelishi mumkin…

Rahimjon IRISOV,
Ulug‘bek RO‘ZIMATOV

Aloqador maqolalar

Сессия бўлиб ўтди

Халқ депутатлари Наманган шаҳар Кенгашининг навбатдаги XXIV сессияси бўлиб ўтди. Сессияда дастлаб шаҳар прокуратурасининг 2026-йилнинг учинчи чорагида қонунийликни мустаҳкамлаш...

Ҳаёти асраб қолинганлар дуосида яшайсиз, доктор!

Тиббиёт фанлари номзоди, Соғлиқни сақлаш аълочиси Тошпўлат Абдукаримов. У — нафақат Наманган вилояти, балки водий тиббиётидаги энг моҳир...

Баҳодир РАҲИМОВ, Наманган шаҳар тиббиёт бирлашмаси раҳбари:“ТИББИЁТДАГИ ИСЛОҲОТЛАР НАТИЖАСИ — ИНСОН САЛОМАТЛИГИДА НАМОЁН БЎЛМОҚДА”

Мамлакатимизда соғлиқни сақлаш тизимини такомиллаштириш, тиббий ёрдам сифатини ошириш, аҳолига қулай ва замонавий тиббий хизмат кўрсатиш масалаларига алоҳида...

Хўжа амин мақбараси

Наманган шаҳрининг Чорсу ҳудуди яқинида меъморий ёдгорлик –Хўжа Амин мақбараси жойлашган. Мақбара XVIII асрнинг иккинчи ярмида, Наманган Фарғона...