Mamlakatimiz rahbarining 2024-yil 2-iyul kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan ushbu mamlakatga davlat tashrifini amalga oshirilishi ikki davlat o’rtasidagi o’zaro munosabatlarning sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqilishida muhim ahamiyatga ega bo’ldi. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona, strategik sheriklik va ittifoqchilik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida muhim siyosiy qadamlardan biri sifatida baholanmoqda. Ta’kidlash kerakki, Ozarbayjon O‘zbekistonning ishonchli ittifoqchisi va strategik sherigi hisoblanib, ikki xalqning azaldan qardoshligi tarix, qadriyatlar, til va madaniyat jihatlari bog‘lab turishi ham o’z navbatida ikki davlat o’rtasida munosabatlarni har tomonlama rivojlantirilishi asos bo’ladi.
Tashrifning dastlabki kunidanoq ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasida faol tarzda muzokaralar olib borildi. Dastlab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev “Zagulba” qarorgohida tor doirada uchrashuv va Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishini o‘tkazdilar. Mazkur uchrashuv ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish, ustuvor yo‘nalishlarda kooperatsiyani kengaytirish nuqtai nazaridan muhim siyosiy voqea bo‘ldi. Davlat rahbarlari uchrashuvda o‘zaro hamkorlikning barcha sohalarini qamrab olgan holatda tahlil qildilar. Xususan, davlatlar o’rtasidagi iqtisodiy aloqalarning jadal sur’atda rivojlanayotgani, tovar ayirboshlash va investisiyalar hajmini yiliga 1 milliard dollarga yetkazish imkoniyatlari atroflicha ko‘rib chiqildi. Ikki davlat rahbarlari uchrashuvining yana bir muhim yo’nalishlaridan biri sifatida ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston – Ozarbayjon ko‘p qirrali hamkorlik dasturini shakllantirishga kirishganlarini bildirdilar. Ushbu dastur sanoat, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, turizm, bank, transport va energetika kabi strategik tarmoqlarni qamrab oladi. Ayniqsa, qo‘shma investitsiya kompaniyasining faoliyatini kengaytirish va sanoat zonalari forumlari kabi yangi formatlarni amaliyotga joriy etish tashabbuslari alohida e’tiborga loyiqdir.

O‘zbekiston – Ozarbayjon davlatlari doimiy ravishda xalqaro maydonda yaqin aloqalarni mustahkamlash va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga qat’iy intilish tasdiqlandi. Shuningdek, ko‘plab dolzarb global va mintaqaviy muammolar bo‘yicha pozitsiyalar mos kelishi qayd etildi. Shu ma’noda, davlatimiz rahbari O‘zbekiston barcha o‘tkir muammo va ziddiyatlarni faqat tinch yo‘l bilan, diplomatik sa’y-harakatlar orqali hal etish tarafdori ekanini ta’kidladi. Muzokaralar davomida davlatlar o’rtasidagi transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirishga alohida ahamiyat qaratildi. Bugungi kunda mamlakatlarimizni bog‘laydigan va boshqa strategik yo‘nalishlarga chiqish imkonini beradigan O‘rta yo‘lak faol rivojlanayotgani ta’kidlandi. Xususan, bahordan boshlab ushbu yo‘lakda elektron ruxsatnomalar ishga tushirildi. Shu bilan birga, O‘zbekiston yuklarini tashish hajmi 25 foizga oshdi. Ularning yillik hajmi bir million tonnadan ortdi.
O‘zbekiston – Ozarbayjon davlatlari rahbarlari Boku shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilishiga xizmat qiladi. Chunku, mazkur muzokarada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishi doirasida keng ko‘lamli, ko‘p sohalarni qamrab olgan hujjatlar to‘plamini qabul qildilar. Ushbu hujjatlar nafaqat mavjud hamkorlikni mustahkamlash, balki uni uzoq muddatli, barqaror asosga o‘tkazish nuqtai nazaridan ham tarixiy ahamiyat kasb etadi.
Xususan: “Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani 2025-2029 yillarda amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” – bu O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yangi, yuqori bosqichga olib chiqishga qaratilgan amaliy dastur hisoblanadi. Yo‘l xaritasi sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport, logistika, raqamli iqtisodiyot va boshqa sohalardagi qo‘shma loyihalar va amalga oshirish bosqichlarini qamrab olishi ko‘zda tutilgan.
Muzokaralar davomida “Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim” ham ikki davlat o‘rtasidagi ekologik siyosatni muvofiqlashtirishga, barqaror taraqqiyot tamoyillarini hayotga tadbiq etishga qaratilganligi bilan ahamiyatli sanaladi. Bu bitim doirasida suv resurslari, o‘rmonlar, tabiiy bog‘lar, biosferani saqlash kabi sohalardahamkor dasturlar ishlab chiqish, “Yashil iqtisodiyot” konsepsiyasiga asoslangan holda quyosh, shamol va boshqa muqobil energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha tajriba almashish, qo‘shma loyihalar yaratish imkonini beradi.
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi davlatlararo strategik hamkorlikda ta’lim, fan va kasb-hunar sohalarida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitimning imzolanishi ikki qardosh xalqning kelajak avlodni o‘ylagan yondashuvining ifodasidir. Ushbu hujjat O‘zbekiston tashqi siyosatining “inson kapitaliga sarmoya” tamoyiliga asoslanganini yana bir bor isboti sanaladi.
“2025-2026-yillarga mo‘ljallangan sanoat kooperatsiyasi dasturi” ikki davlat o‘rtasida texnologik sheriklikni kuchaytirish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish va sanoat tarmoqlarini strategik uyg‘unlikda rivojlantirishni ko‘zlaydi. Ushbu kelishuv ikkala mamlakat hududlarida qo‘shma korxonalar, sanoat klasterlari va texnoparklar tashkil etilishida, kimyo, farmatsevtika, elektrotexnika, avtomobilsozlik va qurilish materiallari kabi ustuvor yo‘nalishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda, sanoat korxonalarining eksport salohiyatini oshirish, savdo hajmini ko‘paytirishda muhim iqtisodiy ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, “2030-yilga qadar tovar ayirboshlashni 1 milliard dollarga yetkazish dasturi” bo‘yicha O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik izchil rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Bunda tovar ayirboshlash faqat tayyor mahsulotlar bilan emas, balki xomashyo va yarim tayyor mahsulotlar asosida qo‘shma ishlab chiqarish orqali oshirish mumkin. Qolaversa, elektron ruxsatnomalar, bojxona soddalashtirish, tranzit yo‘llar faollashtirish bu yo‘nalishda savdoni tezlashtiradi.
Davlat rahbarlari darajasida imzolangan navbatdagi muhim hujjatlardan biri – “2025-2027 yillarda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta’minoti sohasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amaliy harakatlar rejasi” bo‘lib, bu ikki davlatning barqaror oziq-ovqat siyosatini shakllantirishdagi uzoq muddatli strategik yondashuvini ifodalaydi. Mazkur kelishuv intensiv bog‘dorchilik, issiqxona texnologiyalari, suvni tejovchi usullar, raqamli agro monitoring bo‘yicha tajriba va bilim almashinuvini yo‘lga qo‘yishda ustuvorlikni ta’minlashga xizmat qilib, bugungi kunda dolzarb muammolardan biriga aylanib borayotgan oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan muhim amaliy qadamlardan biri bo’lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlari huzurida imzolangan “Kemachilik va kemasozlik sohasida hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma” – bu ikki davlatning geoiqtisodiy manfaatlarini uyg‘unlashtiruvchi, Transkaspiy transport yo‘lagi doirasidagi strategik hamkorlikni mustahkamlovchi hujjatdir. O‘zbekiston yuklarini Kaspiy dengizi orqali tashishda Ozarbayjon portlari xususan, Boku xalqaro dengiz savdo porti strategik ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhidagi siyosiy aloqalar endilikda hududlar darajasidagi bevosita birodarlik munosabatlari bilan mustahkamlanmoqda. Toshkent viloyati va Sumgait shahri, shuningdek, Navoiy va Gabala shaharlari o‘rtasida birodarlik aloqalari o‘rnatilishi bu yo‘nalishdagi tarixiy qadamdir. Mazkur bitim orqali ikki xalqning milliy urf-odatlari, madaniy merosi va san’atini targ‘ib qiluvchi tadbirlar – madaniyat kunlari, konsertlar, ko‘rgazmalar tashkil etishda ahamiyatli sanaladi. O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida imzolangan hujjatlar, jumladan, sanoat kooperatsiyasi, tovar ayirboshlash, qishloq xo‘jaligi, ijtimoiy himoya, kemasozlik va hududlararo birodarlik aloqalari bo‘yicha bitimlar, ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining yangi, amaliy bosqichga o‘tganini yaqqol namoyon qilmoqda. Bu tashabbuslar o‘zaro ishonch, barqaror taraqqiyot va mintaqaviy integratsiyani kuchaytirishga xizmat qiladi. Bu borada ayniqsa, transport-logistika, oziq-ovqat xavfsizligi, texnologik hamkorlik va inson kapitaliga oid yo‘nalishlar kelgusi yillarda ikki xalq manfaatiga xizmat qiladigan uzoq muddatli strategiyalar asosida rivojlantiriladi. Davlat tashrifi natijalari ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga, qardosh mamlakatlar va xalqlarning barqaror taraqqiyoti va farovonligiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Muhammadjon ALIXANOV,
Namangan Davlat texnika universiteti kafedra mudiri,
Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati
