Har bir qishloq va mahallaning o‘z guzari bor. Guzar – shu hududning markazi. Xizmat ko‘rsatish shoxobchalarining nuqtasi. Ammo Namangan shahrida “Guzar” mahallasi borki, buni shu hududda yashovchilar yaxshi bilishadi. Mahalla shu nom bilan bejiz atalmagan…
Azaldan, Namangan shahri Uychi tumani chegarasidagi mahallalarda yashovchilarga nisbatan “ular ishlashmaydi, oila rahbarlari ishlatishmaydi!” degan gaplar aytilardi. Aslida har bir xonadonning o‘z yumushi bor. Shu bois ular to‘kin-sochin yashab kelishgan. Ammo muammo qayerda yo‘q deysiz?! Mahallaning yutuq va muammolari Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “mahalla yettigi” davrida aniq bilindi. Negaki, endi har bir masalaning o‘z egasi bor, demakki tahlili va yechimi bor. Galdagi aniq-tiniq rejalari ham bor. Mahalla raisi, hokim yordamchisi, profilaktika noziri, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, ijtimoiy himoya va soliq xodimi…

Bugun sizlarga “mahalla tadbirkorlari” mavzusida so‘zlamoqchiman. “Guzar”ning hududi 46 gektar. 660 ta xo‘jalikda 1266 ta oila bo‘lib, 4244 nafar aholi istiqomat qiladi. Ularning insonday yashashlari uchun ko‘plab xizmat shoxobchalari mavjud. 74- va 76-umumta’lim maktablari, 17-oilaviy poliklinika, shuningdek, xususiy poliklinika, to‘yxona, ikkita oziq-ovqat do‘koni, uchta dorixona, to‘rtta qassobxona, to‘rtta sartaroshxona fuqarolar turmush farovonligining asosi.
Mahallada har dushanba “Ochiq eshiklar kuni” sifatida yettilik jamoa ko‘cha aylanadi. Xonadonlar taklif va muammolarini o‘rganishadi. Yaqinda 100 dan 150 kishigacha bo‘lgan kasanachilik asosidagi ish o‘rniga zamin yaratildi. Mahalla ishbilarmonlaridan biri xonadonlarga yong‘oq tarqatmoqda. Po‘chog‘idan ajratilgach mag‘zini sotib olmoqda. Kasanachilar yaxshigina daromad ko‘rmoqdalar, qolmishiga yong‘oq po‘chog‘i qishki yonilg‘i sifatida o‘zlarida qolmoqda.
Mahalladoshlar “Akfa” eshik va romlari sexini va ko‘p qavatli uylar uchun temir eshiklar yasashni sinovdan o‘tkazmoqdalar. Bu bejiz emas. Xalqimizda “olma olmadan rang oladi” degan hikmat bor. Ular ham boshqa mahalladoshlaridan ibrat olmoqdalar.
Azaldan duradgorchilik bilan shug‘ullangan Sodiq Jamolovning oilaviy korxonasi dovrug‘i mahalladan tashqarida ham ma’lum. Eshik va romsoz oila o‘z ko‘chasidagi 15 ta xonadon a’zolarini ham ish bilan ta’minlagan. Tayyor eshik va romlar xonadonlarga tarqatiladi. Uy sohib va sohibalari esa bo‘yoq-pardozlash ishlarini bajarib berishadi.

Sodiq akaning sa’y-harakati bilan qamoq jazosini o‘tab kelgan Nurmuhammad Mamadaliyev ham foydali mehnatga jalb etildi. U bugun o‘z mehnati va daromadidan mamnun.
Avazxon Ne’matov oilasi mahalla tadbirkorlarining karvonboshisi. Ular azaldan duradgorlik jihozlarini tayyorlab kelishgan. Hozirda MDF eshiklari tayyorlashadi. Tayyor mahsulotlarni 20 ta oilaga tarqatishadi. Bu yerda esa eshiklar nozik did bilan bo‘yaladi. Ko‘ryapsizki Avaz aka mahalladagi 20 ta xonadon qozonini qaynashiga, tirikchiligini o‘tishiga sababchi… Bundan ortiq nima kerak, kishiga! Ha, aytganday mahalladagi bir oila Qozog‘istonga ketgandi. Ammo ular tirikchilikka qiynalishgani xabari keldi. O‘rganishlardan so‘ng ushbu er-xotin tadbirkor oilasiga biriktirildi. Hozir ular farovon hayotga chiqib olishdi.
Bugun Avazxon Ne’matov oilasining yillik daromadi 500 million so‘mga teng! Bu hazilakam ish emas. Bunda Namangan shahar hokimining mahalladagi yordamchisi Nodir Tursunovning harakati, mehnati alohida tahsinga sazovor. Hozirda 37 ta tadbirkorlik sub’yekti o‘z faoliyatini muvaffaqiyatli olib bormoqda.
– Mahalla yettiligi tizimi nihoyatda zarurligini biz ishlash jarayonida bildik. Muhtaram Prezidentimiz bu tizimni tashkil etganliklari fuqarolar hayotiga nur, oilalariga to‘kinlik keltirmoqda. Bunda albatta, biz – hokim yordamchilari halollik va xolislik bilan ish yuritishimiz kerak. Bu yo‘lda men yana ham muvaffaqiyatli ishlash harakatidaman…
Nodir Tursunov haq! Yaqinda “Daryo” rasmiy kanalida berilgan bir statistik material har qanday vijdonli kishida taassuf uyg‘otadi. “O‘zbekistonda hokim yordamchilari bir yilda 300 dan ortiq korrupsiyaga oid jinoyatlar qildi. 2024 yilda jami 6898 kishi tomonidan 5716 ta korrupsiyaga oid jinoyat sodir etilgan”.
Ha, achinarli holat. Viloyatimizdagi hokimlarning mahallalardagi yordamchilarini adashish va adashtirish balosidan asrasin, degim keladi.
Rahimjon IRISOV,
jurnalist
