Iqtisodiyoti eng baquvvat, aholisi farovon mamlakatyoxud “MADE IN CHINA – 2025” strategiyasi

Postni ulashish:

 Xitoyning siyosiy va iqtisodiy o‘sishi ekspertlar orasida tez-tez muhokamalarga sabab bo‘lgan, bu hozir ham davom etmoqda. Xitoy hukumati resurslardan samarali foydalanishga alohida e’tibor beradi hamda innovatsiyalarni rivojlantirishda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash siyosatini amalga oshiradi.

Ushbu maqola iqtisodiyotning rivojlanishida muhim bo‘lgan innovatsion texnologiyalarni tatbiq qilishda davlat organlarining roli, shuningdek, ilmiy ishlanmalarni rivojlantirish orqali mamlakatni texnologik “hub”ga aylantirishda Xitoy tajribasi tahliliga qaratilgan.

Xitoy dunyoning iqtisodiyoti eng baquvvat, aholisi farovon mamlakatlaridan biriga aylandi. Kosmosga uchish, oyga avtomat stansiya yuborish, dengiz ostidan 53 kilometrli avtoyo‘l tonneli o‘tkazish, shuncha masofada dengiz ustida ko‘prik qurish (Sindao shahrida), markazning 15 kilometrli diametrida 30 qavatdan past uy qurish taqiqlanishi (Shanxay shahri), tog‘larni bog‘lovchi minglab tonnellar qazish, yuz metrdan ziyod ustunlar ustiga qurilgan ikki tog‘ni bog‘lovchi 350 metrli ko‘priklar…

Bu kabi moʻjizaviy, ayni chog‘da inson qo‘li bilan barpo etilgan inshootlarning qay birini sanaylik. Ha, Xitoy ko‘p sohalarda, avvalo, iqtisodiyotda «Sehrli diyor» sifatida bo‘y-bastini namoyon etayotir. Jumladan, kambag‘allikni qisqartirish borasida ham. Darhaqiqat, o‘rgansa arzigulik tajribalari bisyor. Ya’ni mamlakatda hozirgacha 800 million odam kambag‘allikdan chiqarilgan. Bu esa umumiy aholi sonining 60 foizini tashkil etadi.

Zamonaviy dunyoda davlatning iqtisodiy rivojlanish darajasi uning innovatsion tendensiyalarni qay darajada joriy etgani bilan bog‘liq. Innovatsion jarayonlarning mamlakatlarga xos qiyosiy tahlili sohada eng samarali modellarni aniqlash, boshqalarning muvaffaqiyatli tajribasidan foydalanish imkonini beradi.

Iqtisodiy Hamkorlik va Taraqqiyot tashkilotining “Asosiy fan va texnologiya ko‘rsatkichlari” ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH, Xitoy, Yaponiya, Rossiya, Germaniya va Janubiy Koreya milliy ilmiy-tadqiqot va ishlanmalarga sarflangan xarajatlarning umumiy hajmi (mutlaq qiymat) bo‘yicha jahonda yetakchidir.

Ikkinchi jahon urushidan so‘ng rivojlanmagan davlatlar qatorida bo‘lgan va sotsialistik jamiyat qurish yo‘lidan borib, xususiy mulkni davlat mulkiga aylantirgan, qishloq xo‘jaligini jamoalashtirgan Xitoy bugungi kunda zamonaviy texnologiyalarni yaratish va tatbiq qilish bo‘yicha dunyoda birinchi o‘ringa chiqdi. Xitoyning qisqa muddat ichida jahonning eng yirik iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlaridan biriga aylanishida 1980-yillardan boshlangan islohotlar va kapitalistik bozor iqtisodiga asoslangan rivojlanish modeli alohida ahamiyatga ega.

Mamlakatda siyosiy barqarorlik, katta ishchi kuchidan samarali foydalanish, xorijiy sarmoyani faol jalb qilish va eksport bazasini kengaytirish iqtisodiy o‘sishni ta’minlagan.

Biroq, Xitoyning rivojlanishida muhim bo‘lgan boshqa o‘ziga xos omillar ham mavjud. Shulardan biri hukumat tomonidan tartibga solish, hamda ta’lim va ilmiy-texnik taraqqiyotga faol sarmoya kiritish hisoblanadi. Bu tadbirkorlik faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va alohida tarmoqlarni rivojlantirishga, ishchi kuchining malakasini oshirish va innovasion o‘sishni rag‘batlantirishga ulkan hissa qo‘shgan.

Xitoy Jahon intellektual mulk tashkiloti (WIPO) tomonidan innovatsiyalarning “qaynoq nuqtasi” deb e’tirof qilinadi. Raqamlarga e’tibor qaratsak, o‘tgan yili butun dunyo bo‘ylab innovatorlar 3,5 millionga yaqin patentga talabnoma topshirishgan. Shundan 1,6 million patent talabnomasi Xitoy Xalq Respublikasi Milliy Intellektual Mulk Boshqarmasiga (CNIPA) to‘g‘ri keladi, bu 2021-yilga nisbatan 2,1 foizga ko‘p. 2015-yildan beri CNIPA doimiy ravishda yiliga milliondan ortiq arizalarni qabul qiladi.

Xitoyning patent idorasi 2022-yilda 2021-yilga nisbatan 14,7 foiz ko‘proq patent bergan. Bu ketma-ket uchinchi yil ikki raqamli o‘sishni ko‘rsatadi. 2022-yilda amaldagi patentlarning eng ko‘p soniga egalik qilgan.  Bu dunyo umumiy patentlar miqdorining chorak qismini tashkil qiladi.

Global innovatsiyalar indeksida 2017-yilda kuchli 25 talik o‘rindan 24 tasini aholi jon boshiga daromad darajasi yuqori bo‘lgan davlatlar egallagan. 21-o‘rindagi Xitoy bundan mustasno bo‘lib, eng yaxshi innovatsiyalar darajasiga ega o‘rtacha daromadli birinchi davlat bo‘ldi. Bu Xitoyda ko‘proq ishchi kuchi, asbob-uskunalar, materiallar va boshqa resurslarning innovatsion faoliyat sohalariga faol jalb etilishi natijasidir. Shuningdek, innovatsion institutlarni rivojlantirish bir qator tadqiqot va ta’lim muassasalarining qo‘shimcha funksiyalari va ta’lim yo‘nalishlariga muvofiq tez o‘sib borishini va kengayishini ta’minlagan.

Hozirgi vaqtda Xitoyda 4000 ga yaqin ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyat ko‘rsatmoqda, ularga 5000 dan ortiq kishi jalb etilgan. Ularning faoliyatini ta’minlash uchun eng katta moliyaviy sarmoya (84,4 foiz) davlat budjeti tomonidan amalga oshiriladi.

Chin yurtining rivojlanayotgan texnologik sanoatidagi eng muhim omil uning ishlab chiqarish ekotizimidir. So‘ngi 20 yil ichida texnologik sanoat uchun misli ko‘rilmagan ishlab chiqarish quvvati rivojlantirildi, bunda davlat yordami asosiy rol o‘ynaydi. Bu siyosat Xitoyning yirik texnologik kompaniyalarini shakllantirishda muvaffaqiyatli bo‘ldi. Misol uchun, quyosh panellari bozorida nafaqat eng tejamkor, balki eng samarali deb tan olingan. So‘ngi o‘n yil ichida quyosh panellari narxining sezilarli darajada pasayishi Xitoydagi ishlab chiqarish innovatsiyalari bilan bog‘liq.

2011-yilda tashkil etilgan CATL kompaniyasi jahon miqyosida eng yirik akkumulyator ishlab chiqaruvchisiga aylandi. Kompaniya BMW, Tesla va Volkswagen kabi yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilari bilan hamkorlik qiladi. 2023-yil iyul holatiga ko‘ra, CATL 135,27 milliard dollarlik bozor kapitallashuviga ega bo‘lib, u dunyodagi eng qimmat kompaniyalar ro‘yxatida 93-o‘rinni egallaydi.

Xitoy o‘z iqtisodiyotida texnologik o‘sishni rag‘batlantirish uchun turli strategiyalarni ishlab chiqdi. 2015-yilda mamlakat hukumati telekommunikatsiya va sun’iy intellekt kabi yuqori texnologiyali sohalarda o‘zini o‘zi ta’minlashga qaratilgan “Made in China – 2025” strategiyasini joriy qildi. Rasmiylar mamlakat tovarlariga ichki va tashqi talabni oshirish niyatida “ikki aylanma” deb nomlangan iqtisodiy rejani e’lon qildi. Hukumat texnologik transformatsiyasining keyingi bosqichlarida hal qiluvchi rol o‘ynadi. Bunda ilmiy tadqiqot ishlarini moliyalashtirish, kapitalni to‘plash, sanoatni modernizatsiya qilish va yangi texnologiyalar “ilg‘or bozor iqtisodiyoti”ga o‘tish omillaridir.

Rivojlangan davlatlarda ilmiy-tadqiqot ishlariga sarflanadigan xarajatlar uchun YAIMning 3-4 foiz ulushi yo‘naltiriladi. O‘zbekistonda esa bu ko‘rsatkich 0,2 foizdan oshmaydi. Bu borada chet davlatlar, xususan Xitoy tajribasini har tomonlama o‘rganish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Zero, yangi texnologiyalar va innovatsiyalarni rivojlantirish mamlakatimizning kelajakdagi iqtisodiy o‘sishida hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Erishilgan tajribalar esa hamkor davlatlar bilan bo‘lishilmoqda. 2023-yil 17-18- may kunlari mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirishga bag‘ishlangan II xalqaro forum tashkil etildi. Unda «ijtimoiy kontrakt», «ijtimoiy reyestr» kabi yangi tushunchalar iqtisodiy lug‘atimizdan joy oldi. Bu mavzu Sian shahrida bo‘lib o‘tgan «Xitoy – Markaziy Osiyo» birinchi sammitida yana bir bor tilga olindi.

 Jumladan, 2023-yilda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi tovar ayirboshlash 12 milliard dollardan oshgan. Vaholanki, 2015-yil ushbu ko‘rsatkich atigi 4,7 milliard dollar edi. O‘zbekistonning umumiy tashqi savdosida Xitoyning ulushi 21,3 foizga yetib, tashqi savdo hamkorlari orasida birinchi o‘ringa chiqqan.

Xitoy O‘zbekistonga asosan mashina va jihozlar yetkazib bersa, O‘zbekiston Xitoyga to‘qimachilik, kimyo mahsulotlari, rangli metall, meva-sabzavot eksport qiladi. Xitoyga eksportimiz 2,2 milliard dollarga teng, import qiymati esa qariyb 10 milliard dollar.

Xitoyning respublikamiz iqtisodiyotiga kiritayotgan sarmoyasi o‘sishi sur’ati jadallashib, so‘nggi yillarda 5 barobar ortdi. Yurtimizda Xitoy kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 3 barobarga oshgani ham e’tiborli. O‘zlashtirilgan jami xorijiy investitsiya va kredit hajmi bo‘yicha Xitoy 16,4 foiz ulush bilan ikkinchi davlatga aylangan.

Asrorbek HAYDAROV,

Namangan viloyati investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi bosh mutaxassisi

Aloqador maqolalar

Сессия бўлиб ўтди

Халқ депутатлари Наманган шаҳар Кенгашининг навбатдаги XXIV сессияси бўлиб ўтди. Сессияда дастлаб шаҳар прокуратурасининг 2026-йилнинг учинчи чорагида қонунийликни мустаҳкамлаш...

Ҳаёти асраб қолинганлар дуосида яшайсиз, доктор!

Тиббиёт фанлари номзоди, Соғлиқни сақлаш аълочиси Тошпўлат Абдукаримов. У — нафақат Наманган вилояти, балки водий тиббиётидаги энг моҳир...

Баҳодир РАҲИМОВ, Наманган шаҳар тиббиёт бирлашмаси раҳбари:“ТИББИЁТДАГИ ИСЛОҲОТЛАР НАТИЖАСИ — ИНСОН САЛОМАТЛИГИДА НАМОЁН БЎЛМОҚДА”

Мамлакатимизда соғлиқни сақлаш тизимини такомиллаштириш, тиббий ёрдам сифатини ошириш, аҳолига қулай ва замонавий тиббий хизмат кўрсатиш масалаларига алоҳида...

Хўжа амин мақбараси

Наманган шаҳрининг Чорсу ҳудуди яқинида меъморий ёдгорлик –Хўжа Амин мақбараси жойлашган. Мақбара XVIII асрнинг иккинчи ярмида, Наманган Фарғона...