Sobiq sho‘ro tuzumi davrida tariximizni buzib ko‘rsatilganini yaxshi bilamiz. Milliy qadriyatlarimiz, an’analarimiz oyoqosti qilinganidan voqifmiz. Birgina misol, tarix va adabiyot kitoblarimizda Amir Temur bobomizni bosqinchi, zolim, deb ta’riflangan sahifalarni o‘qiganmiz. Bu haqda O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov jumladan, shunday degan edi: “Xalqimizni xurofotda saqlash rejali ravishda amalga oshirilgan: bobolarimizning kimligini yashirishgan, mozorlarimizni vayron qilishgan, masjidlarimizni buzishgan. “Sening asli o‘zi ajdodlaring nodon bo‘lgan. Shuning uchun indamaygina ketmoningni chopaver, paxtangni ekaver, rejangni bajaraver. Harbiyga borsang ham, qurilish bataloniga tushasan. Loy qoriysan. Boshqa ish qo‘lingdan kelmaydi, degan aqida miyamizga singdirilgan”.
Qachonki mustaqillikka erishganimizdan keyingina bu mudhish xatolar tuzatildi. O‘zbek xalqining aslida kimligini, uning buyuk o‘tmishi, tarixi, ulug‘ allomalari, mard, jasur, vatanparvar sarkardalari, olimu fuzalolari borligi e’tirof etildi. Xususan, Amir Temur bobomizning ham chin ma’noda qanday shaxs bo‘lganligini, uning Turonzaminda markazlashgan qudratli davlat tuzganligini bugungi avlod yaxshi biladi.
Tariximizni, milliy qadriyatlarimizni, bebaho merosimiz borligini xalqimizga, dunyoga tanitishda atoqli shoir va adib Abdulla Oripovning ham munosib xizmatlari borligini alohida ta’kidlash joiz. Uning “Mudroq g‘ururlarni uyg‘otgan siymo”, “Bobokalonimiz abadiyoti”, ”Ulug‘ g‘oyalar ulug‘ insonlarni voyaga yetkazadi” kabi turkum maqolalarda, suhbatlarda Amir Temur haqida bildirgan fikr-mulohazalari, “Sohibqiron” nomli she’riy dramasida ulug‘ sarkardaning mardligi, jasorati, adolati tarixiy va badiiy obrazlar orqali yorqin bo‘yoqlarda ochib berilgani bilan muhim ahamiyatga ega.
Abdulla Oripov oltmishinchi yillarda yozgan “O‘zbekiston” she’rida ham Amir Temurga bag‘ishlangan “Aytgum, bu kun, u manim, manim, O‘zbekiston – Vatanim manim” degan satrlarni bitganligini o‘quvchilar esga olishadi. Ushbu she’rning matbuotda chop etilishi xususida shoirning o‘zi to‘xtalib, dastlab uni “Sovet O‘zbekistoni” (hozirgi “O‘zbekiston ovozi”) gazetasi tahririyatiga olib borganligini, lekin unda ayrim sabablarga ko‘ra chop etilmaganligini, keyin oradan ancha vaqt o‘tib, rahmatli Zulfiya opaning katta sa’y-harakati bilan “Saodat” jurnalida bosilganini, shunda ham “jinday” tahrir bilan “deyman” so‘zi “demam” deb o‘zgartirilganini aytib o‘tadi.
Bugun bobomizning qutlug‘ nomlarini faxru iftixor bilan tilga olyapmiz, uni “Sohibqiron” deb atayapmiz. Lekin nima uchun bunday deyilishini, bizningcha, hamma ham bilavermasa kerak. 1996-yilda “Xalq so‘zi” gazetasida Qulman Ochilning Abdulla Oripov bilan qilgan “Ulug‘ g‘oyalar ulug‘ insonlarni voyaga yetkazadi” deb nomlangan suhbatini o‘qigan kishi albatta, bu savoliga javob topa oladi: “Aytish kerakki, Amir Temur hazratlariday shaxslar yilda emas, asrda emas, ming yilda bir marotaba dunyoga keladi”, – deydi Abdulla Oripov o‘sha suhbatda. – U kishining “Sohibqiron” deb nom olishining zamirida ham tabiatda bo‘ladigan jarayonlar o‘z aksini topgan, deb aytiladi. Ya’ni, u kishi jiddiy yulduzlar turkumi kiyik shakliga kirgan vaqtda tug‘ilgan. Bu holat sakkiz yuz yilda bir marta ro‘y berar ekan. Aytishlaricha, payg‘ambarimiz Rasuli Akram Muhammad Alayhissalom oliylari, Iskandar Zulqarnayn tug‘ilganida ham shunday bo‘lgan – osmonu falakda Mushtariy va Zuhro yulduzlari bir-biri bilan baqamti kelib, kiyik shakliga kirgan. Aynan shu soniyada tug‘ilgan bola “Sohibqiron” bo‘lib yetishadi, degan aqida qadimdan mavjud. Lekin o‘sha soniyada birgina Amir Temur hazratlari tug‘ilmagan-ku? Nega qolganlar bunday ulug‘ martabaga erishmaganlar? Albatta, bu Yaratganning inoyati bilan bo‘ladi. Avvalo, bobomizga Parvardigor buyuk iste’dod bergan va ayni paytda u kishining yelkasiga buyuk bir tarixiy yumush yuklagan”.
Abdulla Oripov Amir Temurning sarkardalik mahorati xususida ham qiziqarli ma’lumotlarni keltiradi. “Jahon tarixida, – deydi u, – ilk muntazam armiyani Amir Temur hazratlari tuzgan. Hozir “avangard” degan atama ishlatiladi harbiylarda. Sohibqiron qo‘shinining oldingi saflarida boruvchi maxsus qismini shunday – “obong‘ort” deb atalgani ma’lum. Akademik Tarlening “Napoleon” deb nomlangan kitobidan keltirilgan mana bu faktlar esa yanada e’tiboringizni tortadi: “Kimki, – deydi olim, -farang jahongir Napoleon o‘z marshallaridan biriga Amir Temur o‘z-o‘zicha jang qilgan desa, katta xato qiladi. Jahon tarixida ilk muntazam armiyani, qulay taktika va strategiyani Amir Temur ishlab chiqqan”. Bu Yevropani tiz cho‘ktirgan Napoleonning gapi. Demak, u ham jang san’atini Amir Temurdan o‘rgangan ekan, degan mantiqiy xulosa kelib chiqadi”.
Endi har birimizning ko‘nglimizdan Amir Temur bobomizdan bizga qanday meros qoldi? – degan savolning o‘tishi ham tabiiy. Bu savolimizga ham Abdulla Oripovdan juda ma’noli javob topamiz. U kishi deydilarki: “Sohibqirondan ulkan xazina: uyg‘ongan, o‘zligini tanigan, qaddini rostlagan erksevar xalq, ozod va obod Vatan, Shohruh, Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Bobur, Komron Mirzo va boshqa oqil avlodi qoldi. Ularning har biri butun bir davrning farzandlari bo‘la oldi. Hozir ham butun dunyo Amir Temurning avlodi, deb ixlos bilan esga oladi. Eng muhimi, Sohibqiron bobomizdan markazlashgan ulkan davlat, hayotbaxsh ta’siri ming yillarga tatigulik buyuk ma’naviy va madaniy meros qoldi. Bu merosdan, mana, necha asrlar o‘tganiga qaramay, nafaqat sizu biz, butun dunyo ahli bahramand bo‘lmoqda, desak xato bo‘lmas…”.
Yana bir mantiqiy savol: nima uchun jahon xalqlari bobomizga bu qadar katta hurmat-ehtirom ko‘rsatadi? Abdulla Oripov buni shunday izohlaydi: “Jahongir bobomiz qadami yetgan joyni obod qilgan – yangi-yangi shaharlar, ilmu ma’rifat maskanlari bunyod etgan, adolat o‘rnatgan. Bobomizning mana shunday ulkan tarixiy xizmatlari bois Yevropa keyinchalik ulkan taraqqiyotga erishdi. Ul zotni o‘zining xaloskori, deb tan oldi. Hatto insoniyat tarixida bo‘lmagan voqea – ul muzaffar jahongirga oltindan haykal qo‘yib, tagiga “Yevropaning xaloskori” degan bitik o‘ydi. Bundan tashqari jahonning turli mamlakatlarida bobomizga bag‘ishlangan minglab badiiy, hujjatli, ilmiy, musiqiy, tasviriy san’at asarlari yaratildi. O‘ylaymanki, Amir Temur hazratlari hali uzoq yillar dunyo ijodkorlariga ilhom beraveradilar.
Darhaqiqat, bugun Yangi O‘zbekiston, Uchinchi Renessans poydevorini qurayotgan Vatanimizda ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Shahar va qishloqlarimiz, mahallalarimiz obod bo‘lib bormoqda. Yaqinda, 25-26-mart kunlari Davlatimiz rahbari Namanganga tashrif buyurib, viloyatimizni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish, xalqimiz turmush farovonligini oshirish, yoshlarimizga ilm-hunar egallashlari uchun keng imkoniyatlar yaratish bo‘yicha vazifalarni belgilab berdilar. Bularning barchasi, Sohibqiron Amir Temur bobomiz boshlagan ezgu ishlarning davomi desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Komiljon FAYZIYEV,
NamDU o‘zbek adabiyotshunosligi kafedrasi o‘qituvchisi
