Mintaqamizda yana bir unutilmas tarixiy voqelik ro‘y berdi. O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iz Respublikasi o‘rtasida davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi xalqlarimiz uchun yuksak ahamiyat kasb etadi. Bu nafaqat chegaralarni aniq belgilash, balki qardoshlik, hamjihatlik va o‘zaro hurmat timsoli sifatida ham tarixga muhrlandi.
2025 yil 31 mart kuni qadimiy Xo‘jand shahrida do‘stona uchrashuv bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov uch tomonlama muzokaralar o‘tkazib, xalqlar manfaatini ko‘zlagan muhim qarorlar qabul qildilar. Uchrashuv yakunida davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi tarixiy shartnoma imzolandi va uch davlat rahbarlarining Qo‘shma deklaratsiyasi e’lon qilindi. Bu bitim – barqarorlik va taraqqiyot yo‘lida tashlangan muhim qadamdir.
Shuningdek, uch davlat chegaralari tutashgan hududda «Do‘stlik» stelasi tantanali ravishda ochildi. Bu yodgorlik asrlar davomida yonma-yon yashab kelayotgan xalqlarimiz o‘rtasidagi mustahkam rishtalarning ramziga aylandi. U umumiy tarixi va kelajagi mushtarak bo‘lgan qardosh millatlarni yanada yaqinlashtirish, o‘zaro ishonch va birodarlik ruhini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida bu shartnoma va do‘stona kelishuvlarning ahamiyatini ta’kidlab, qo‘shni Tojikiston Respublikasi va Qirg‘iz Respublikasi xalqlarini ushbu muhim voqea bilan samimiy tabrikladi. Chegaralarni delimitatsiya qilish masalasi uzil-kesil hal etilgani nafaqat siyosiy barqarorlik, balki iqtisodiy va madaniy aloqalarni mustahkamlashga ham keng yo‘l ochadi.
Biz, ilmiy doira vakillari, bu tarixiy jarayonni yuksak baholaymiz. Chegaralarni aniqlashtirish – tinchlik va farovonlik kafolati. Bu hujjat mintaqada investisiyaviy jozibadorlikni oshirish, infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish, transport yo‘nalishlarini takomillashtirish hamda ta’lim va ilmiy tadqiqotlar borasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish imkonini beradi.
Bugungi Yangi O‘zbekiston – do‘stlikka, hamkorlikka va taraqqiyotga intilgan mamlakat. Ochiqlik siyosati nafaqat milliy taraqqiyotga, balki qo‘shni davlatlar bilan ham ishonchli sheriklikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bizning qalbimizda yangi ishonch va birodarlik uyg‘otgan ushbu tarixiy shartnoma kelajak avlodlar uchun tinchlik, hamjihatlik va taraqqiyot sari yangi yo‘llarni ochishiga shubhamiz yo‘q.
Oybek ERGASHYEV
Namangan muhandislik-texnologiya
instituti rektori v.v.b, professor
