Namangan shahrida tibbiyot sohasini yanada rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni kuchaytirish maqsadida shahar hokimi Anvarjon Otaxo‘jayev Turkiyadan tashrif buyurgan Kamoliddin Aydin boshchiligidagi delegatsiya a’zolarini qabul qildi. Suhbat chog‘ida tibbiyot yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi rejalar haqida fikr almashildi. Turkiyaliklar kardiologiya kasalliklarini davolashga ixtisoslashgan zamonaviy klinikalar tashkil etish, farmasevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish va tibbiy texnika olib kelish bo‘yicha aniq takliflar kiritishdi. Shuningdek, Namanganning tabiiy ne’matlari tufayli, xususan shifobaxsh mineral suvlar asosida davolash imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Turizm va tibbiyot sohalari integratsiyasini rivojlantirish orqali tibbiyot turizmini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Qolaversa turkiyalik professor va mutaxassislarni Namangandagi tibbiy ta’lim muassasalariga jalb qilish, shifokorlar malakasini oshirish va o‘quv dasturlarini takomillashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Tibbiy jihozlar va dori-darmon vositalari yetkazib berish bo‘yicha O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan muvofiqlashtirilgan holda ish olib borishga kelishildi.


Hamkorlikda amalga oshiriladigan loyihalar nafaqat tibbiyot sohasini rivojlantirishga, balki tibbiyot turizmi va farmasevtika yo‘nalishlarini rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shadi. Keng ko‘lamli muloqotlar jarayonida “USHAŞ” xalqaro sog‘liqni saqlash xizmatlari korporatsiyasi bilan hamkorlik memorandumi imzolandi.
Hokim Kamoliddin Aydin boshchiligidagi delegatsiya a’zolarini yangi tashkil etilgan “Boburshoh Medical Center” tibbiyot markazi faoliyati bilan tanishtirdi. Bu yerda bir vaqtning o‘zida 200 nafar bemorga xizmat ko‘rsatiladi. Markazning eng muhim yutuqlaridan biri 2200 metr chuqurlikdan qazib olingan va +52°C darajadagi shifobaxsh ma’danli suvdir. Bu suvlar nafaqat ichish uchun, balki muolaja vannalari va turli xastaliklarni davolashda samarali qo‘llaniladi.




Turkiyalik mutaxassislar Namangan davlat universitetining tibbiyot yo‘nalishi hamda “Implus” xususiy oliy ta’lim muassasasi bilan hamkorlik qilish yuzasidan kelishib olishdi.
Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan filiali Turkiyaning tibbiyot sohasidagi yetakchi mutaxassislari bilan hamkorlikni kuchaytirmoqda.





Delegatsiya a’zolariga direktor Solijon Mo‘minov markazning zamonaviy imkoniyatlari va natijalari bilan tanishtirdi. Markazdagi 112 turdagi kardiojarrohlik amaliyotlarini amalga oshirish imkoniyatini beruvchi Avstriyaning “AME International” kompaniyasi tomonidan keltirilgan 350 turdagi zamonaviy tibbiy jihozlar alohida e’tirof etildi. Markaz faoliyatini xalqaro akreditatsiyadan o‘tkazish va uni yangi bosqichga ko‘tarish masalalari muhokama qilindi. Markaz xodimlarining Turkiyada malaka oshirishi bo‘yicha kelishuvga erishildi. Namangan shahar hokimi Anvarjon Otaxo‘jayev va turkiyalik mutaxassislar bilan o‘tkazilgan muloqotda markazning xalqaro darajaga chiqishi uchun qo‘shma loyihalarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi. Markazning bugungi yutuqlarini yanada kengayishi va bemorlarga yanada ko‘proq xalqaro talablar darajasida zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatilishi kutilmoqda.
Ulug’bek RO’ZIMATOV
