Prezidentimizning 2021-yil 14-yanvardagi “Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi bo‘yicha ma’lum ishlar qilinmoqda. Aholi hamda yoshlarning shaxmatga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda uni keng ommalashtirish maqsadida Namangan viloyati hokimining tashabbusi bilan mahallalar, ta’lim muassasalarida shaxmat musobaqalari o‘tkazilmoqda. Shahrimizning “Iftixor” mahallasi hududidagi 46-maktabda viloyat hokimi kubogining shahar bosqichiga yo‘llanma olish musobaqasi bo‘ldi. Unda mahallaning 7 yoshdan 70 yoshgacha fuqarolari hamda maktab o‘quvchilaridan iborat havaskor shaxmatchilar ishtirok etishdi. – Aql o‘yini musobaqalarida, ayniqsa, maktab o‘quvchilari katta qiziqish va faollik bilan qatnashdi, – deydi maktab direktori Madina Ortiqova. – Qizg‘in bellashuvlarga boy o‘tgan musobaqada maktabning 10-“A” sinf o‘quvchisi Maqsudbek Bannoyev faxrli birinchi o‘rinni egalladi. Endi Maqsubdek shahar bosqichida bahs olib boradi.
