Qalb havasdan, hayratdan, faxrdan, iftixordan to‘lqinlanadigan, guvranadigan, yurak quvonchdan hapqiradigan lahzalar bo‘ladi inson hayotida.
Sizda ham shunday bo‘lganmi?
Bo‘lgani aniq.
Uyg‘oq yurak, urib turgan qalb borki, shunday masrur onlarni kechirishi aniq.
Shu kunlarda vujudim, shuurim shunday hislardan guvrandi.
Yurt o‘g‘lonining odimlari, shahdi, shijoati, dunyo nigohini o‘ziga qarata olgani Sizni ham shunday onlarga oshno etgani aniq.
Futbolga muxlis bo‘lmagan har qanday inson muxlisga aylandi Abduqodir sabab.

Bir inson butun xalqqa, millatga ijobiy ta’sir qilishi, ijobiy kayfiyat baxsh eta olishini ko‘rdik, ko‘ryapmiz Abduqodirning bugungi odimlarida.
Butun xalqning, millatning kayfiyatini ko‘tardi, mamnunlik baxsh eta oldi, olyapti Husanov.
Bu yo‘lni bosib o‘tish oson bo‘lmagani aniq.
Yillar va yo‘llar, zahmatlar, mashaqqatlar qarshisida dadil va mag‘rur turib, yengib o‘ta olish san’ati bu.
U bugun jahon futbol maydonida, dunyo nigohida.
U haqida butun dunyo yozdi, yozmoqda, kurrai zamin jar solmoqda.
Butun xalqning, millatning faxru iftixori, millatning qiyofasi namoyon bo‘ldi uning timsolida.
Bundan butun yurt faxrda, xalq iftixorda.
Yurt rahbari mamnun.
Kuzatdingizmi, Birlashgan Arab Amirliklarida Abu Dabi valiahd shahzodasi Shayx Xolid ibn Muhammad Ol Nahayon Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bilan samimiy muloqot chog‘ida shunday uchqur o‘g‘lon, professional futbolchini ulg‘aytirgan o‘zbek xalqiga hurmatini bildirdi.
Yana e’tibor bergan bo‘lsangiz, Abduqodir Husanovni Fransiyadan Angliyaga alohida maxsus samolyot olib keldi.
Bu uning “Manchester siti”ga qanchalik kerakligi, o‘zbek o‘g‘lonini butun Buyuk Britaniya kutayotgani, uning jahon maydonida o‘zini namoyon etishini butun kurrai zamin kutayotganidan darak.
Husanovning Angliya premyer ligasidagi ilk debyutini barcha ko‘rdi-kuzatdi, barcha yozdi, butun dunyo yoritdi bu haqda.
Gvardiola dunyoning eng kuchli murabbiylaridan, afsonalaridan.
U qanday futbolchini tanlaganini juda yaxshi biladi va Abduqodirning nimalarga qodirligiga ishonadi.
Buyuk murabbiy o‘yindan keyin Husanov haqidagi fikrlarida buni yaqqol namoyon etdi.
Mening esa bir Vatandosh sifatida aytmoqchi bo‘lganim shu: u barchani futbol muxlisiga aylantira oldi, dunyo nigohini jalb etib, o‘zbek nomini dunyo ichra yana bir karra tanitdi.
Arslondek shahdli, burgutdek uchqurligi bilan diyorimiz nomini yanada namoyon etishda davom etishi aniq.
Bu yurt o‘g‘lonlari, farzandlari hali dunyoni ko‘p zabt etajak.
Kutib oling, O‘ZBEK BOLASI KELAYOTIR!!!
Isroil YUSUPOV, jurnalist
