Keyingi olti, yetti yil ichida yurtimizda olib borilgan islohotlar keksa avlod vakillarining hayotiga, turmush tarziga ijobiy ta’sir etmoqda. Ularning nafaqaga chiqishlari, nafaqada pullarini xohlagan usulda olishlari, sog‘liklarini davlat tomonidan himoya qilinishi, haj va umra ziyoratlariga borishlari uchun yetarli sharoitlar yaratilganligi, albatta ularning umrlarini uzayishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi.
“Nuroniy” jamg‘armasi Namangan shahar bo‘limi tomonidan o‘tgan 2024-yilda bir qator ishlar amalga oshirildi. Mavjud 62 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarida 15 nafar keksalardan iborat “Keksalar maslahati” guruhlari tashkil etildi. Unga eng faol nuroniylar mahallalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni barqarorligini ta’minlashga, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga, jinoyatchilik va huquqbuzarlikni hamda oilaviy ajrimlarni barvaqt oldini olishga jalb qilindi. Ya’ni yil davomida 103 nafar faollarimizga 1030 nafar vaqtincha ishsiz, ajrim yoqasidagi, profilaktik ro‘yxatda turuvchi, jinoyatchilikka moyilligi bor va darslarni muntazam qoldiruvchi yoshlar biriktirildi. Nuroniylarimizning pand-nasihatlari, katta hayotiy tajribaga tayangan holatdagi yo‘l-yo‘riqlari hamda berilgan topshiriqqa fidoyiliklari natijasida 1030 nafar yoshlarning muammolari yuz foiz bartaraf etildi.

“Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul” tamoyiliga asosan o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovning shahar bosqichida shahardagi nuroniylarning 7 nafari ishtirok etib, 1-o‘rinni Namangan shahridagi “Yangiobod” mahalla fuqarolar yig‘ini “Keksalar maslahati” guruhi rahbari Sayfiddin Turg‘unov egalladi.
Hududlardagi ta’lim muassasalarida el-yurt orasida obro‘, hurmat e’tiborga sazovor bo‘lgan, har tomonlama namunali otaxon, onaxonlar ishtirokida muntazam “Uch avlod uchrashuvi” o‘tkazib kelinmoqda. Bu ham o‘zining ijobiy natijasini ko‘rsatmoqda.
O‘tgan yilning 25 noyabrida davlatimiz rahbari tomonidan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirishga faol nuroniylarni jalb etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Uning ijrosini ta’minlash maqsadida Namangan shahrida istiqomat qilayotgan eng faollardan 186 nafariga 5 nafardan kambag‘al oilalar biriktirildi. Faol nuroniylarimizdan 105 nafariga “Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul” tamoyili asosida 1050 nafar muammoli yoshlar biriktirildi. Yana bir katta masala mahallalardagi jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oila turmush darajasida sodir etilishini oldini olish maqsadida “Bir nuroniy bir muammoli oilaga mas’ul” loyihasi asosida 156 nafar nuroniyga 156 ta muammoli oila biriktirildi.
Bugun shahrimizda istiqomat qilayotgan 950 dan ziyod faollarimiz shahrimizdagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni barqarorligini ta’minlashda bir yoqadan bosh chiqarib ishlashmoqda. Ayniqsa, 15 nafar fidoyi nuroniylarimiz targ‘ibot-tashviqot guruhida nuroniylar va ota-onalar kengashida hamda buvijonlar maktabi shahar bo‘limida o‘zlarining katta hayotiy tajribalariga tayanib, ota-bobolarimizdan qolgan urf-odat hamda an’analarimizni yoshlar ongiga singdirishmoqda.
Anvarjon NASRIDDINOV,
“Nuroniy” jamg‘armasi Namangan shahar bo‘limi raisi,
xalq deputatlari shahar Kengashi deputati
