“SIRLI MASJID”NING SIRLARI…

Postni ulashish:

Shahrimiz ko‘chalarining qadimiy nomlarini o‘rganish ishlari davom etmoqda. Bolsheviklarning 1918 yil oktyabr to‘ntarishigacha bo‘lgan ma’lumotlarning barchasi respublika Davlat arxiviga olingan. Qadimdan Sardoba dahasi atrofidagi to‘rt ko‘cha – “Chorgo‘rsiton” nomi bilan atalgan. Chor Rossiyasi va bolsheviklar istilosidan so‘ng Chorsudan temir yo‘l vokzaligacha bo‘lgan bosh ko‘chamiz Gagarin nomi bilan atalgan. Davlatimiz mustaqilligidan keyin esa Navoiy nomi berilgan.

Navoiy ko‘chasining “Sardoba” supermarketidan keyingi ikki qavatli savdo, maishiy xizmat shoxobchalari o‘rnida sovet davrida davlat bog‘chasi bo‘lgan. Mazkur bolalar bog‘chasi hududida Qo‘qon xonligining ikkinchi shayxul islomi Shayx Zokirxo‘ja Eshonning qabrlari bo‘lgan. Ammo bu tabarruk zot sag‘anasi bee’tiborlarcha buzib yuborilgan. Xonning uchunchi  shayxul islomi esa tasavvuf olimi Majzub Namongoniy xazratlari edilar. U zot “Ota ulixon to‘ra” – “Otavalixon to‘ra” masjidi hovlisiga dafn etilganlar. Istiqlolimizning ilk yillaridagi diniy mutaasiblik avjiga chiqqanda u zotning hoki Mavlaviy qabristoniga ko‘chirilgan.

Qo‘qon xonligi davri – XVIII asrning oxiri va XIX asrning birinchi yarmigacha Namangan bekligi bo‘yicha birinchi va to‘rtinchi shayxul islom kim bo‘lganligi haqidagi o‘rganishlarimiz davom etmoqda.

Qo‘qon xonligining shayxul islomlari Naqshbandiya tariqatining ikki yo‘nalishi – xufiya (maxfiy) va jahriya (oshkora) bo‘yicha yetuk olimlar bo‘lib, hududdagi barcha masalalarga fatvo berish ularning sharafli, mas’uliyatli vazifasi bo‘lgan.

Endi bevosita maqsadga o‘tsak. Hozirgi Navoiy hamda Qo‘qon ko‘chalari kesishmasi ortida katta qabristonning Qo‘qon ko‘chasidan kirish tomoniga masjid quriladi va bu masjid Shayx Zokirxo‘ja Eshon xazratlarining nomlari bilan ataladi. Tarixiy rivoyatlarda, xususan Madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish Namangan viloyati inspeksiyasi hujjatlarida xalq tilidagi “Sirli masjid” aynan “Shayx Zokirxo‘ja Eshon masjidi” ziyoratgohi deb yuritilgan va bu haqiqat.

Namanganliklar yaxshi bilishadiki, Sardoba dahasida “Ma’rifat” mahallasi bor. Ushbu mahalla hududidan Qo‘qon ko‘chasi o‘tgan. Bu ko‘cha Qo‘qon xonligining Namangan bekligi bilan bog‘lab turgan. Dastlab Farg‘ona viloyati, so‘ng Namangan viloyati tashkil etilgach Mingbuloq hamda Namangan tumanlarining “qon tomiri” bo‘lgan yo‘l alohida ahamiyat kasb etgan. Uning bugungi nufuzi esa yanada yuqori.

Ko‘chaning boshida tabarruk qadamjolardan biri aynan “Sirli masjid” nomi bilan mashhur bo‘lgan nomozgohdir. Masjid shiftlari naqsh bilan bezatilgani, sirlangani, rangli bo‘yoqlar bilan bo‘yalgani bois mahalliy aholi uni “Sirli masjid” deb atagan. Masjid to‘g‘ri to‘rtburchak tarxli, ikki ustunli xonaqoh va sathi undan katta bo‘lgan ikki tomonlama qurilgan ayvondan iborat bo‘lgan. Ayvon va honaqoh devorlariga cho‘qqisimon mehroblar ishlangan. Xonaqoh bezaksiz, lekin ayvon turli naqshlar bilan serhasham bezatilgan. Ayvon shifti havozasi va ustunlari tepasi muqarnasli qoshlar, rang-barang gulli naqshlar va bezakli poy-ustunlar bilan ziynatlangan. Devorlarning yuqori tomonlari enli handasiy naqshlar bilan hoshiyalangan. Ayvon bezagida farg‘onalik xalq ustalarining eng go‘zal ijod namunalari namoyish etilgan. Masjid oldidagi chor atrofi to‘silgan hovlida tarxi teng tomonli hovuz, keksa chinor va xom g‘ishtdan qurilgan sinchli bino bo‘lgan.

Achinarlisi, 2009 yili viloyat markazida yo‘llarni kengaytirish ishlari olib borilishi sababli masjidning asosiy binosi buzib yuborilgan. Ammo uning darvozaxona qismi va masjid ichidagi qabr saqlanib qolgan. Ushbu yodgorlik 2011 yilda viloyat hokimining 106-sonli qaroriga asosan madaniy meros ob’yekti sifatida muhofazaga olingan. Turizmni rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan dasturga ko‘ra, masjid hovlisidagi maqbara 2016 yili viloyat hokimligi tashabbusi bilan qayta ta’mirlangan. Ya’ni qabr sathi 1,5 barobar yuqoriga ko‘tarilib, marmar tosh bilan qoplangan. Bu qabr Majzub Namangoniy xazratlarining muridi, shogirdi Xusayn Xalifaning maqbarasidir. Qo‘qon xonligida Xusayn Xalifaning obro‘-e’tibori juda yuqori bo‘lganligi bois u zot masjid hududiga dafn  etilgan.

Bundan ikki yil avval O‘zbekiston Milliy axborot agentligi maxsus muxbiri O. Dadaboyev hamda “Namangan sadosi” gazetasi maxsus muxbiri R. Irisovlarning ushbu ziyoratgoh to‘g‘risidagi tahliliy maqolalari e’lon qilindi. Hamma narsaning o‘z vaqti soati bor deganlariday “Sirli masjid” o‘z sirini ochadigan kunlar keldi.

Namangan shahar hokimi Anvarjon Otaxo‘jayev madaniy meros inspeksiyasi rahbarlari hamda shahar qurilish va obodonlashtirish boshqarmasi mas’ullari bilan hududda bo‘ldi. “Shayx Zokirxo‘ja Eshon” masjidi va uning hududidagi Xusayn Xalifa maqbarasi tarixiy-zamonaviy uyg‘unlikda kapital ta’mirlanadigan bo‘ldi. Bir so‘z bilan aytganda “Sirli masjid” o‘z sirlarini ochadi.

Eslatma: O‘zA maqolasida “… yodgorlik nomini uning peshtoqidagi “Shayx Zokirxo‘ja Eshon” emas, balki “Xusayn Xalifa” ziyoratgohi deb nomlash maqsadga muvofiq”, deya taklif berilganki, bu aslo mumkin emas. Masjid bevosita “Shayx Zokirxo‘ja Eshon” nomiga atab qurilgan. U vaqtlarda Xusayn Xalifa hali shaxs sifatida tanilmagan edi. Xusayn Xalifa Zokirxo‘ja Eshondan so‘ng islom shayxi nomini olgan Mazjub xazratlarining shogirdi va “qo‘l bergan” murididir.  Xusayn Xalifaning manoqiblari keyinchalik el aro sarbaland bo‘lganligidan katta ustozlari nomi bilan ataluvchi mazkur masjid hovlisiga dafn etilgani haqiqatga yaqin.

Rahimjon IRISOV, jurnalist-tadqiqotchi

Aloqador maqolalar

Сессия бўлиб ўтди

Халқ депутатлари Наманган шаҳар Кенгашининг навбатдаги XXIV сессияси бўлиб ўтди. Сессияда дастлаб шаҳар прокуратурасининг 2026-йилнинг учинчи чорагида қонунийликни мустаҳкамлаш...

Ҳаёти асраб қолинганлар дуосида яшайсиз, доктор!

Тиббиёт фанлари номзоди, Соғлиқни сақлаш аълочиси Тошпўлат Абдукаримов. У — нафақат Наманган вилояти, балки водий тиббиётидаги энг моҳир...

Баҳодир РАҲИМОВ, Наманган шаҳар тиббиёт бирлашмаси раҳбари:“ТИББИЁТДАГИ ИСЛОҲОТЛАР НАТИЖАСИ — ИНСОН САЛОМАТЛИГИДА НАМОЁН БЎЛМОҚДА”

Мамлакатимизда соғлиқни сақлаш тизимини такомиллаштириш, тиббий ёрдам сифатини ошириш, аҳолига қулай ва замонавий тиббий хизмат кўрсатиш масалаларига алоҳида...

Хўжа амин мақбараси

Наманган шаҳрининг Чорсу ҳудуди яқинида меъморий ёдгорлик –Хўжа Амин мақбараси жойлашган. Мақбара XVIII асрнинг иккинчи ярмида, Наманган Фарғона...