Riyozat ilmida mashaqqat chekib…

Postni ulashish:

Inson yashash baxti nasib etib bu dunyoga kelar ekan, har kimning hayot yo‘llari turlicha kechadi. Sinovlar, mashaqqatlarni yengmoqlik – har odamning boshida bor. Biroq umr so‘qmoqlarida shunday chorrahalarga to‘qnash kelamizki, mana shunday chog‘larda to‘g‘ri yo‘lni tanlamoqlik – eng muhimi. Bu yo‘l bizni nafaqat kamolot cho‘qqisiga eltadi, balki el ichra hurmat-ehtiromga sazovor qilib, baxtga chulg‘aydi, kun kelib o‘tgan umrga achinmaslikdek farog‘atni tuhfa etadi.

Namangan Davlat universiteti matematika kafedrasi mudiri Ahmadali Mashrabboyev hayoti va faoliyatiga nazar tashlab, ana shunday mulohazalar xayolimizdan kechdi. Chunki roppa-rosa 50 yildirki, oliygohdek aziz dargohda talabalarga saboq berib kelayotgan ustozning hayoti va faoliyati ibratga loyiqdir.

Keling, avvalo, ustozning bolalik yillariga nazar tashlaylik. U 1951 yilda Namangan shahrida tug‘ildi. Ota-onasi oddiy ishchi insonlar edi. Otasi Olimboy aka xo‘jalik ishlari bilan shug‘ullanar, onasi Salomatxon aya farzandlar tarbiyasi bilan mashg‘ul edi. Oilada to‘ng‘ich farzand bo‘lgan Ahmadali bolalik chog‘laridanoq o‘zining o‘tkir zehni, mustahkam xotirasi bilan boshqa bolalardan ajralib turardi. Shahrimizdagi 7-maktabga qadam qo‘yarkan, fanlar ichida unga matematika eng qiziq va eng sirli fan bo‘lib tuyuldi. Bolakay hisoblash, sanash, raqamlar sehriga qiziqib qoldi. O‘sha paytda shaharda dong taratgan bu maktab aslida shu fanga ixtisoslashgan edi.

Bu dargohda Dovudxon Isayev, Mahmudjon Kamalov, Yusufjon Yunusov kabi katta tajriba va kuchli bilimga ega matematika fani o‘qituvchilaridan saboq olgan o‘quvchilar respublikamiz va Moskvadagi nufuzli universitetlarga hech bir qiyinchiliksiz o‘qishga qabul qilingan.

Qahramonimiz ham ulardan biri bo‘ldi. O‘quvchilik damlaridayoq respublika fan olimpiadalarida faxrli o‘rinlarni egallagan Ahmadali Mashrabboyev 1968 yilda maktabni oltin medal bilan tamomladi va Toshkent Davlat universitetining matematika fakulteti talabasi bo‘ldi. Oliygohda akademik Sa’di Sirojiddinov, professorlar Mirfozil Mirzaahmedov, Muhammadjon Holiqovlardan matematika fani sirlarini yanada chuqurroq o‘rgandi.

Universitetni a’lo baholar bilan tamomlagach, Namangan Davlat universitetiga ishga qabul qilindi. U paytlarda universitet Namangan Davlat pedagogika instituti edi. U faoliyatining ilk davridayoq izlanuvchan va bilimli o‘qituvchi ekanligini amalda ko‘rsatdi. O‘qishda, o‘rganishda, izlanishda davom etdi. Jamoada faoliyat olib borayotgan Mufatxon Mamatov, Dadamirza Otaqo‘ziyev, Xojimjon Otaxanov, Ikromjon Badalboyev kabi ustozlardan ish o‘rgandi, pedagoglik mahoratini sayqallab bordi. Ilmiy izlanishdan, o‘qitishning eng ilg‘or usullarini amalga tatbiq etishdan aslo to‘xtamadi. Oddiy laborant sifatida ish boshlagan bo‘lsa, keyingi yillar davomida o‘qituvchi, stajyor, katta o‘qituvchi, dekan o‘rinbosari, dekan, kafedra mudiri bo‘lib ishladi. Hatto, rektor o‘rinbosari lavozimlarigacha ko‘tarildi. U qay bir vazifada ishlamasin, sidqidillik bilan faoliyat yuritdi, talabalarga bor mehrini berdi, qancha-qancha iste’dodli yoshlarning muvaffaqiyatiga poydevor yaratdi, qanot berdi. Ustoz sifatida e’zoz va qadr topdi. Shu tariqa yuzlab shogirdlar yetishtirdi.

Ahmadali Mashrabboyevning 2006 yilda “Tarmoqlanish jarayonida limit teoremalar” mavzusidagi monografiyasining e’lon qilinganini, 2011 yilda hammualliflikda “Ehtimollar nazariyasi va matematik statistika” mavzusidagi o‘quv qo‘llanmasining chop etilganini, shu kungacha 110 ga yaqin ilmiy maqolalari nashr etilgani uning fan rivojiga qo‘shgan salmoqli hissasini ham tasavvur etishimizga yordam beradi.

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, ustoz bugun matematika kafedrasi mudiri. Kafedrada 60 nafar ilmiy xodim faoliyat yuritmoqda. Ularning 10 dan ziyodi fan doktori, professorlar. Fan nomzodlari, falsafa doktorlari bo‘lgan pedagoglar ham talaygina. Pedagogik jamoaning har bir yutug‘i zamirida ustozning mehnati yotadi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Uning kafedra faoliyatining rivoji uchun yelib-yugurishini har bir shogirdi va hamkasblari yuksak qadrlaydi. Zotan, ustozning 50 yillik umri mana shu qutlug‘ dargohda o‘tmoqda.

Ahmadali Mashrabboyev oilada ham baxt qo‘rg‘onini bunyod eta oldi. Turmush o‘rtog‘i Mavludaxon aya bilan muhabbat asosiga barpo etgan oilasida to‘rt qizni voyaga yetkazdilar. Mahmudaxon, Sayyoraxon, Sohibaxon va Shahzodaxonlar odobu axloqda, ilmu tafakkurda havas qilsa arzigulik qizlar bo‘lib kamolga yetdilar. Ayniqsa, kenja qiz Shahzodaxonning o‘tkir zehri otani ham hayratga solardi. Shu qizi uning izidan bordi. Unda shijoat, iste’dod kuchli edi. Biroq, afsuski, ayni gullagan davrida Shahzodaxon hayotdan bevaqt ko‘z yumdi. Ota-ona uchun bu taqdirning og‘ir sinovi bo‘ldi. Nachora, sabrga suyandilar.

Bu orada to‘ng‘ich qiz Mahmudaxonning turmush o‘rtog‘i vafot etdi. U ikki norasidasi bilan ota uyiga qaytdi. Ahmadali aka bilan Mavluda aya endi nabiralari Muhammadjon va Muxtorjonni o‘z bag‘rilariga oldilar, oyoqqa turg‘azdilar. Ular bilan barobar orzu-umidlar ham bo‘y cho‘zdi.  Ustoz endi bor kuch-g‘ayratini ishga solib, ikki nabirasini o‘qitishga jazm qildi. Muhammadjon olis Rossiya yurtining Qozon shahrida tahsil oldi. Muxtorjon esa hozirda Namangan muhandislik-qurilish institutining talabasi. Uning yaqinda Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasiga sazovor bo‘lgani bobosi va oilaning boshqa a’zolarini nihoyatda quvontirdi.

Ahmadali aka uchun oila muqaddas, oila mas’uliyati har narsadan ustun. Singillari Mahfiratxon va Masahatxonlarni oliygohlarda o‘qishi uchun qayg‘urgani, ularga har jihatdan tirgak bo‘lgani zamirida ana shunday aqida mujassam. Boshqacha aytganda, ota-ona duosini olgan farzand kam bo‘lmadi. Aksincha, ilm va ma’rifat ichra hayoti juda go‘zal kechmoqda. Bilim uni nafaqat ustoz, balki hazrati inson darajasiga ko‘tardi.

Quyosh borliqqa nur taratganidek, ilm ahli qalblarga ziyo ulashadilar. Qahramonimiz – ellik yillik umrini Namangan Davlat universiteti talabalariga bilim berishga bag‘ishlagan Ahmadali Mashrabboyevning qalbi ham misoli quyoshga o‘xshaydi. Bu qalbdagi mehr kasbga bo‘lgan sadoqat va fidokorlikdan kuch oladi.

Yetmish ikkinchi bahorini va bir dargohdagi ellik yillik faoliyat dovonini qarshi olayotgan ustozga uzoq umr tilaymiz. Hamkasblar va shogirdlar yuragidagi samimiy tilaklar ifodasi sifatida qog‘ozga tushirilgan bu maqola ilm riyozatini chekmoqlik qismatini sharaf bilan zimmaga olgan ustoz uchun to‘yxat bo‘lsin, degan niyatimiz bor.

Shahlo TOSHBEKOVA, jurnalist

Aloqador maqolalar

Сессия бўлиб ўтди

Халқ депутатлари Наманган шаҳар Кенгашининг навбатдаги XXIV сессияси бўлиб ўтди. Сессияда дастлаб шаҳар прокуратурасининг 2026-йилнинг учинчи чорагида қонунийликни мустаҳкамлаш...

Ҳаёти асраб қолинганлар дуосида яшайсиз, доктор!

Тиббиёт фанлари номзоди, Соғлиқни сақлаш аълочиси Тошпўлат Абдукаримов. У — нафақат Наманган вилояти, балки водий тиббиётидаги энг моҳир...

Баҳодир РАҲИМОВ, Наманган шаҳар тиббиёт бирлашмаси раҳбари:“ТИББИЁТДАГИ ИСЛОҲОТЛАР НАТИЖАСИ — ИНСОН САЛОМАТЛИГИДА НАМОЁН БЎЛМОҚДА”

Мамлакатимизда соғлиқни сақлаш тизимини такомиллаштириш, тиббий ёрдам сифатини ошириш, аҳолига қулай ва замонавий тиббий хизмат кўрсатиш масалаларига алоҳида...

Хўжа амин мақбараси

Наманган шаҳрининг Чорсу ҳудуди яқинида меъморий ёдгорлик –Хўжа Амин мақбараси жойлашган. Мақбара XVIII асрнинг иккинчи ярмида, Наманган Фарғона...