Namangan shahrida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni o‘ylantirayotgan muammolarga yechim topish, ta’lim, bandlik, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy muhofaza sohalaridagi imkoniyatlar bilan tanishtirish maqsadida “Yoshlar bilan ochiq muloqot” tashkil etildi.


Mazkur ochiq muloqotda Namangan shahar hokimi Anvarjon Otaxodjayev, shahar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi hamda Yoshlar ishlari agentligi shahar bo‘limi mas’ullari ishtirok etdilar.
Uchrashuvda 150 nafardan ziyod yoshlar qatnashdi. Muloqot davomida ular tomonidan qator yo‘nalishlar — oliy ta’limga kirishda kontrakt to‘lovlari bo‘yicha yordam, moddiy qo‘llab-quvvatlash, davolanish masalalari, ishga joylashish va kasbga o‘qitish, startap va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha murojaatlar bildirildi.
Tadbir ochiq va samimiy ruhda o‘tdi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar, muammolarni joyida hal etishga qaratilgan amaliy takliflar muhokama qilindi. Ayrim masalalar bo‘yicha mas’ul idoralarga topshiriqlar berildi va nazoratga olindi.

Shu bilan birga, yoshlarga davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar — imtiyozli kreditlar, grantlar, tadbirkorlik dasturlari, kasb-hunar o‘rgatish kurslari va boshqa qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Bunday ochiq muloqotlar yoshlarning davlat va jamiyat hayotidagi faolligini oshirish, ularning ishonchini mustahkamlash va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi.
