2024-yil 21-fevral kuni tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi Farmonida 2024-yilda mamlakatimizda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar belgilab berildi. Dasturda mamlakatimizdagi ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy va boshqa jabhalardagi dolzarb masalalar o‘z aksini topgan.

Jumladan, 2024-yil 1-martdan boshlab alohida ishlash talab etiladigan, shuningdek, iste’dodli va iqtidorli yoshlar mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi qarori bilan “Yoshlar balansi” asosida vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat ishtirokidagi korxona va tashkilotlar hamda oliy ta’lim tashkilotlari rahbarlariga biriktirilishi belgilandi. Bunda har bir rahbar o‘ziga biriktirilgan yoshlar bilan har oyda kamida bir marotaba uchrashib, ularning muammolarini hal qilish va salohiyatini yuzaga chiqarish, ularni talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarga o‘qitish orqali bandligini ta’minlash, hayotda o‘z o‘rnini topishi, shuningdek, huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga har tomonlama ko‘maklashishi vazifasi qo‘yilgan. Mazkur vazifa o‘z ahamiyati jihatdan doimiy muhim ishlarimizdan biri. Chunki ijtimoiy faol bo‘lmagan, ya’ni band bo‘lmagan yoki o‘qimaydigan yoshlar bilan ishlash, ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, turli zararli g‘oyaviy hurujlar ta’siriga tushib qolishining oldini olish yurt tinchligi va xalq farovonligiga xizmat qiladi.
Dasturda “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘larini yoshlarni chet tillari va kasb-hunarga o‘qitish maqsadlariga yo‘naltirish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishining belgilangani ham har bir xalqparvar insonni befarq qoldirmaydi. Aynan hozirgi globallashuv vaziyatida yoshlarga chet tillarini hamda zamonaviy kasblarni o‘rgatish mamlakatimiz uchun haqaqatdan ham zarur. Chunki aksariyat yoshlarimiz yaqin xorijdagi davlatlarga borib ishlaganlarida ularni qiynayotgan eng katta muammolardan biri til bilmaslik bo‘lsa, yana biri talab yuqori bo‘lgan kasbga ega emasligi desak xato bo‘lmaydi. Chet tillarini yaxshi o‘zlashtirgan, zamonaviy kasb-hunarga ega yoshlar hayotda o‘z o‘rnilarini topishda qiynalmayaptilar. Buni hammamiz ko‘rib, guvohi bo‘lib turibmiz.
Yana bir jihat, dasturda 2024-yil 1-iyundan “Yosh tadbirkor” tanlovlarini o‘tkazish belgilangan. Bunda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tanlov asosida “mahalla – tuman – viloyat – respublika” bosqichlarida yoshlarning istiqbolli biznes loyiha va g‘oyalari saralanadi. Qiziqarli jihati, tanlovda nogironligi bo‘lgan yosh tadbirkorlarning loyiha va g‘oyalariga alohida e’tibor qaratiladi. Bu yangi tahrirdagi konstitutsiyada o‘z aksini topgan “ijtimoiy davlat” konsepsiyasini amal qilayotganligidan dalolat bermoqda.
Oldimizda turgan asosiy vazifa esa davlatimiz rahbari tomonidan qo‘yilgan vazifalarni bajarishda mas’uliyat bilan yondoshishdir. Jahonda tahlikali jarayonlar ro‘y berayotgan vaziyatda jamiyatdagi illatlarga befarq bo‘lmaslik hamda birdamlikda harakat qilishdir.
Muhammadjon ALIXANOV,
Xalq deputatlari shahar Kengashi deputati,
Namangan muhandislik-texnologiya instituti kafedra mudiri
