O’zbekistonda yangi faoliyat boshlagan elchi janoblarining hududlarga ilk tashrifi aynan Namangan viloyatidan boshlangani bejiz emas.

2022 yil may oyida Namangan viloyati delegatsiyasining Avstriya davlati Vena shahriga tashrifi chog‘ida bir qator istiqbolli loyihalar kelishuviga erishilgan edi. Natijada xorijiy investisiya orqali Namangan kardiologiya ilmiy-amaliy markazi modernizatsiya qilinib, vodiyda yetakchi tibbiy muassasaga aylandi.
Avstriyaning O‘zbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Mattias Radostich, unga hamrohlik qilgan “AME International” kompaniyasi rahbari janob Xayns Messinjer va boshqa mehmonlar viloyat hokimligida qabul qilindi.
Viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov Namanganning bugungi iqtisodiy rivojlanishi haqida ma’lumot berib, kichik biznes va tekstil rivojlanib borayotganini alohida qayd etdi.

O‘z navbatida elchi janoblari samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Namangan viloyati bilan hamkorlik kelgusida ham izchil davom etishini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida urf-odatlarimizga binoan elchiga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Ma’lumot uchun: Respublika travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan filialiga “UniCredit Bank Austria”ning 10,0 mln. dollarlik imtiyozli krediti yaqin kunlarda ajratilishi natijasida “AME International” va “Universal Medical Treatment” kompaniyalari tomonidan 152 turdagi 340 dan ziyod tibbiyot uskunalari o‘rnatiladi. Bu borada barcha me’yoriy xujjatlar ishlab chiqilgan.
