Jadid adabiyotining cho‘ng‘ vakili Is’hoqxon Ibratning mumtoz adabiyotga alohida ehtirom bilan qaraganini Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asariga munosabatda ko‘rishimiz mumkin.
“Boburnoma” adabiy manba sifatida “turkiy til bila ko‘p va xo‘b she’r aytg‘an” Alisher Navoiydan tortib, el nazariga tushgan mashhur shoirlar Binoiy, Muhammad Solih, shuningdek, Shayxim Suxayliy, Husayn Ali Tufayliy, Osafiy, Sayfiy Buxoriy, Abdulloh Hotifiy, Mir Husayn Muammoiy, Muhammad Badaxshiy, Yusuf Badiiy, Ohiy, Shoh Xusayn Komiy, Hiloliy, Ahliy kabilar; musavvirlar Behzod, Shoh Muzaffar, san’atkorlar Xoja Abdulloh Marvoriy (cholg‘uchi), Qul Muhammad Udiy (g‘ijjakchi), Shayxiy Noyi (ud va g‘ijjak choluvchi), Shohquli (g‘ijjakchi), Husayn Udiy (ud cholg‘uchi), naqqoshlar G‘ulom Shodiy, Mir Azu, Pahlavon Muhammad Abusaidga oid ma’lumotlari va muallifning ularga bergan bahosi o‘quvchilarga yaxshi tanish. “Boburnoma” tarixiy va sarguzasht asar sifatida esa Amir Temur, Shohrux Mirzo, Abusaid mirzo, Ulug‘bek, Husayn Boyqaro, Muhammad Shayboniyxon, Ubaydullaxon, Xoja Ubaydulloh Ahror, Umarshayx mirzo, Sulton Ahmad mirzo, Sulton Mahmud mirzo, Sulton Mahmudxon, Ahmad Tanbal, Xisravshoh, Zunnun arg‘un, Ismoil Safaviy, Shoh Tahmosp, Abulmakorim, Xoja Mavlonoyi Qozi, Badiuzzamon mirzo, Abdullatif mirzo, Raana Sangaa singari shoh va shahzodalar, amir va beklar, pir-murshidlar haqidagi muhim ma’lumotlar bilan mavjud tarixiy manbalardagi bo‘shliqlarni to‘ldirishga xizmat qiladi. “Boburnoma” ana shu jihatlari bilan milliy adabiyotda mumtoz tarixiy-badiiy nasrning yuksak namunasi sifatida e’tirof etilgan. Asardagi tarixiy voqealarning badiiy tasviriy unsurlar vositasida ifodalanishi, epik ko‘lamning kengligiga mos tarzda syujet, kompozitsiya yaratilishi, o‘z o‘rnida voqelikni haqqoniy ko‘rsatib berishi va boshqa jihatlari bilan XX asr boshlarida yaratilgan Is’hoqxon Ibratning “Tarixi Farg‘ona” asariga o‘z ta’sirini o‘tkazgan.
Jadid adabiyoti ijodkorlaridan Is’hoqxon Ibrat “Tarixi Farg‘ona” asarida O‘rta Osiyo xalqlari o‘tmishida muhim o‘rin tutuvchi bir qator shaxslar: asosan xon va viloyat hukmdorlari, bundan tashqari adabiyot, san’at, madaniyat vakillari hayoti, ularning kelajakka o‘rnak bo‘luvchi faoliyati xususida yozar ekan, Bobur hazratlarini har bir bir shaxsga – xoh ijodkor, xoh hukmron bo‘lsin, hatto shoirlik da’vosida yurganlarga qarata ham ayrim mustasnolardan qat’i nazar doimo izchillik bilan xolis munosabatda bo‘lganligini o‘ziga o‘git deb biladi va salaflar boshlagan yo‘ldan boradi.
Z.M. Bobur tarixiy shaxslar tavsifini berishida iloji boricha real bo‘lishga, haqqoniy tasvirlashga harakat qiladi. Bu haqda muallifning o‘zi shunday deydi: “Bo‘lgan voqealarni rost yozganman. Chunki bu asarda shu narsa lozim topilganki, har so‘zning rosti bitiladi va har ish aynan qanday voqe’ bo‘lgan bo‘lsa, shunday aytiladi”. Ibrat asarida ham Boburning ushbu tasvir usuliga an’anaviylikni kuzatishimiz mumkin. Bilamizki, Bobur hazratlari otasi Umarshayx mirzo haqidagi tasvirda ham hech qanday ortiqcha jimjimadorlikka, tarafkashlikka yo‘l qo‘ymagan. Bobur hazratlari voqealar bayonida haqiqatdan toyinmagan, adolat mezoni oldida o‘z otasini ham ayamagan, uning ayblarini yashirmagan. Bu xususiyatni Ibratning “Tarixi Farg‘ona”sida ham uchratamiz. Tarixiy manbalarda Qo‘qon xoni Olimxon o‘zining qattiqqo‘lligi, adolatsiz siyosati bilan xalqda “zolim xon” laqabini olganligi haqida ko‘p yozilgan. Yozuvchi ham shu holatga real baho beradi va uning bu laqabni olishiga sabab bo‘lgan voqealarni ham ko‘rsatib o‘tadi: “Bu Olimxonni(ng) laqabi Zolimxon edi. Buning amakisi Hojibekni qatl qilib, ko‘b zulmlar chiqargan ediki, g‘azabindan, zulmindan Zolimxon mashhur va ma’ruf, munkiri ahli tasavvuf edi… Chunonchi, bul jumladan o‘zini(ng) qo‘l bergan pirini darrag‘a yotquzib edi.
Shu o‘rinda tahlilimizdagi har uchchala asarda nomlari zikr etilgan tarixiy shaxslarni shartli ravishda uch guruhga ajratib qiyoslashni mahqul ko‘rdik: hukmdorlar, saroydagi martabali shaxslar, ijod ahli kabi.
“Boburnoma” muallifning muayyan tarixiy voqealar haqida hamda o‘zaro dushmanlik qilgan temuriylar — Umarshayx Sulton Ahmad, Sulton Mahmud, Boysung‘ur Mirzo, Sulton Husayn va boshqalarning xulq-atvori, tabiati xususida bildirgan fikr-mulohazalari ham e’tiborni tortadi. Xuddi shu kabi “Tarixi Farg‘ona”da ham tavsifdagi shaxslarga xolislik bilan yondashiladi. Xususan, Qo‘qon xonligi tarixida ko‘plab qirg‘inlar va begunoh odamlar qoniga sabab bo‘lgan Musulmonqul haqidagi ma’lumotlarda ham reallikka asoslanilgan: “…Musulmonqulni o‘z kattalari tutub berganda darhol o‘durmay, temur qafasga solub, Ho‘qandga olib kelgan ekan. Azbaroyi ibrat uchun darvozalarg‘a osub qo‘yub, ko‘b kishilar va zulmidan ozurda bo‘lganlar “Hoy cho‘loq, qalaysan, faloniyni bejarima o‘ldurding, Sarimsoqbek nima qildi, emdi qalaysan?” – deganda: “Alhamdulillah, hali ham sizlardan yuqoridaman!” der ekan . Yozuvchi Bobur hazratlarining yo‘lidan borib, tanqid ostiga olgan shaxsning yaxshi tomonlarini ham berkitmaydi. Musulmonqulning xonlikdagi barcha chirkin ishlari qatori, u tomonidan bunyod qilingan maqbaralar, xonaqoh-u masjidlar, uning buyrug‘i bilan qazdirilgan kanal, ariqlarini ham e’tibordan chetda qoldirmaydi: “Musulmonqulni yurtiga qilgan ishlari Chinobod arig‘ini chiqargani ekan. Ho‘qandda xonni ismiga madrasai oliyni bino qilgan…”
Bobur o‘zining “Boburnoma”sida qaysi bir tarixiy shaxsni tilga olsa, avvalo, uning shakl-shamoyili (ko‘rinishi), xarakteri (fe’l-atvori), mansabi, odatlari, so‘ng avlodi, qizlari, xotin va kanizaklari, amirlari haqida so‘z yuritgan. “Tarixi Farg‘ona”da esa qalamga olingan shaxs tug‘ilgan hudud va sana, kimlarning avlodi ekanligi, xalq orasida qanday mavqeda ekanligi, yurt uchun foydali bo‘lgan ishlari haqida so‘z yuritadi. Boburning tarixiy shaxslarga xolis munosabati Husayn Boyqaroga bo‘lgan munosabatida ham yaqqol ko‘rinadi. U Husayn Boyqaroni Amir Temurdan keyingi eng zo‘r temuriy podshoh ekanini yozadi. Uning zamonida Hirotda madaniy hayot yuksalganini qayd etadi: Sulton Husayn mirzoning zamoni ajib zamona erdi, ahli fazl va Benazir eldin Xuroson, bataxsis Hiri shahri majlu edi. Har kishiningkim bir ishga mashg‘ullik bor edi, himmati va g‘azabi ul edikim kamolga tegurgey. Z.M.Boburshaxslar tasviriga juda sinchkovlik va e’tibor bilan yondashgan. Ya’ni “Boburnoma”da valodat va nasabi, shakl-u shamoyili,, axloq va atvori, umarosi haqida batafsil ma’lumot beradi. So‘ngroq Husayn Boyqaroning mard, kuchli va baquvvatligi, “qilichboz qo‘llar sohibi” bo‘lganligi, “tab’i nazmi bor”ligi, “devon ham tartib qil”ganligi, “turkiy aytush”ligi, “taxallusi “Husayniy” bo‘lganligi haqida batafsil yoritadi. “Ba’zi baytlari yomon emastur, vale mirzoning devoni tamom bir vazndadur”, deya yozgan ash’orlarini tahlil qiladi va baholaydi.
“Tarixi Farg‘ona”da keltirilgan har bir shaxsga – xoh ijodkor, xoh hukmron bo‘lsin, izchillik bilan xolis munosabatda bo‘ladi. Yuqorida Bobur ijodida kuzatilgani kabi Ibratdagi shaxslar tavsifida ularning surati va siyratiga jiddiy e’tibor beriladi. “Tarixi Farg‘ona”da asosiy tavsif ko‘lami shoh va amaldorlar haqida bo‘lgani bois ham yozuvchi ularning siyrati – xarakter-xususiyatlaridan ko‘ra hayotiy faoliyatini yoritishga e’tibor qaratadi. Asarda Umarxonning naqadar adolatli, siyosatli xon bo‘lgani, bundan tashqari uning insonlardagi shaxsiy fikrga hurmati, samimiyati, badiiy adabiyot rivoji uchun qo‘shgan xissasi kabi yangi va qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘lishimiz mumkin. Misol tariqasida quyidagi parchani ko‘rib, tahlil qilishning o‘zigina yetarlidir: “Bu xon asrida ulamog‘a rivoj berib har ishni ulamolar fatvosi ilan qilar ekan. Bir kuni askari shohona ilan o‘tub borar ekan, bir hammomdan obi musta’mal chiqib, navdan oqib turgan ekan. Ulamolarg‘a xitob qilibdur: “Bu suv hukmi shariatg‘a nimadur?” deb. Ulamolar aytubdurlarkim: “Taqsir,shariatda haloli joriy, ammoki, tabiat tortmas!” deganda: “Shariat hukmig‘a qaramagan tabiatni tashlamoq lozim!” deb hurmati shariat deb bir ovuch ichgan ekan”. Berilayotgan ushbu ma’lumotdan Umarxonning har qanday ishni shariatda belgilangan hukmlar va ulamolar fatvosi bilan bajargani go‘zal chizgilar bilan yoritilgan. Xonning ulamolarga qarata “Shariatda haq, hallol sanalgan narsani kishi tabiati tortmasa, bunday tabiatdan kechish lozim!” deya aytgan so‘zlari va oddiy aholining “tabiati” tortmagani sabab ichilmaydigan suvdan bir hovuch olib ichishligi uning chin musulmonligini, odamiyligini va qalbi pok inson bo‘lganini tasdiqlaydi.
Shuningdek, “Tarixi Farg‘ona”dagi mumtoz adabiy ta’sir makonlar bilan bog‘liq o‘rinlarda ham yaqqol ko‘rinadi. Ya’ni “Tarixi Farg‘ona”da ham “Boburnoma”dagi kabi voqealar Farg`ona viloyati bilan boshlanadi. Z.M.Bobur asarida Farg`ona viloyatining beshinchi iqlimdanligi, geografik joylashuvi, chegaralari, tarkibidagi shaharlari, aholisi, mevalari, ob-havosi haqida to`la ma`lumot bersa, Ibrat Farg`ona shahrining kelib chiqish tarixi, kimlar barpo qilganligi, nega bu nom bilan atalgani ya`ni nomning etimologiyasi, undagi bog`lar, suvlari, mozorlari haqida bayon qilingan. “Tarixi Farg`ona”da esa shaharning tarixi, hukrmron shaxslari, taraqqiyot bosqichlari haqida so`z boradi:
“… bu bizni mutavvattin bo`lub turgan Turkiston muzofotida Farg`ona deb mashhur va bu lafz ilan mazkurdur… Farg`ona bir shahri qadim va aholiyi nadimdirki, avvali Iskandari Rumiydan va Kubod va Afrosiyobdan qolgandir… Iskandari Rumiy Aksoi sharifga zulumotga borgan vaqtlarida Farg`ona Bahodir degan umarolaridan birini qo`yib ketib, ul kishi obod qilgan ekan… Ammoki, “Ravzat us-safo”da No`shiravon otasi Kubod podshoh vaqti vafotiga yaqin Turkiston mamlakatining No`shiravon o`g`liga tayin qilib, Farg`onani aksar joylarini ul obod qilg`on ekon. Va ba`zi vaqtlarda Axsikent poytaxti bo`lg`on ekon…”
Ibratning mazkur tarixiy asaridagi mumtoz an’alarga sadoqat, vorisiylikdagi sobitlik asar strukturasida ham aks etadi. Ya’ni Bobur qaysi hududni ta`riflamasin, qaysi shaharda bo`lmasin undagi geografik o`rinlarga alohida e`tibor qaratib, uni batafsil yoritib bergani kabi “Tarixi Farg`ona”da ham bu an`ana davom ettirilgan. Ibrat ham qalamga olgan viloyat yoxud shahriga geograf sifatida batafsil ma`lumot beradi. Buni Farg`ona ta`rifida ko`raylik: “Farg`ona gubirnasi shimoli-sharqiy tarafdan Samarchin, shimoli-g`arbiy tarafdin Sirdaryo yoki Turkiston, g`arbi-janub tarafidin Buxoro xonligi mahkumi topoyir. Ya`ni Sharg`on hukumati mustaqalasiga muttasildir. Janubi-sharqi Ching`a tobe` Turkistoni Sharqiy, eski Qoshg`ar mahkumig`a muttasildur. Farg`ona aholisi aksariyatda o`zbek, sort, tojik, qoraqalpoq, qipchoq tog` taraflarinda… qirg`iz – yerli xalqlar bulardin iboratdur. Aqliyat ila ajnabalar tijorat ila muhtalitdir. Bulardin juhud, hindi, arman, pirsiyon, gurzin va bo`lak xalqlar aqliyatdadurlar…”
Ibrat “Tarixi Farg`ona” asarini dunyoga kelishida Bobur hazratlarining yozganlariga suyanganini o‘zi ham e’tirof etib o‘tadi. Andijon tarixi haqida yozar ekan, “Mundane avvalgi obodlikni bilmak bo`lgan kishi “Boburnoma” tarixini ko`rsa bo`lur…” deya ushbu mumtoz asarga ishora qiladi.
Ko‘ringanidek, “Boburnoma”dagi tarixiy shaxslar tasviri, joy nomlari XX asr boshlarida yaratilgan asarlarga, xususan, namanganlik jadid adibi Is’hoqxon to‘ra Ibratga ham o‘z ta’sirini o‘tkazganligi tabiiy hol edi. Ya’ni jadid adabiyotining negizi, shakllanishi, uning takomil topishi, shubhasiz, mumtoz adabiyotga borib taqalishini “Tarixi Farg‘ona” asarida yaqqol ko‘zga tashlangani borasida birmuncha fikrlarni ilgari surar ekanmiz, shunday xulosaga kelamiz:
Is’hoqxon Ibrat o‘tmish adabiyotiga munosabatda bo‘lar ekan, unga faol ijodiy yondashgan, salaflar tajribasini o‘z davri qo‘ygan badiiy-estetik vazifalarni bajarishga xizmat qildirgan adiblardan biridir.
Muqaddas TOJIBOEVA, filologiya fanlari doktori, professori
