Namangan – Dayzaifu: GULLAR FESTIVALIDA BOSHLANGAN STRATEGIK DO‘STLIK

Postni ulashish:

Namanganda o‘tayotgan 64-xalqaro “Gullar festivali” nafaqat gullar go‘zalligi, balki do‘stona diplomatik aloqalarning ham guvohi bo‘lmoqda. Yaponiyaning Fukuoka prefekturasiga qarashli Dayzaifu shahri meri KUSUDA Daizo boshchiligidagi rasmiy delegatsiyaning Namanganga tashrifi ikki shahar o‘rtasida yangi bosqichdagi hamkorlikni boshlab berdi.

Yaponiya delegatsiyasini Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov shahar hokimi Anvarjon Otaxo‘jayev va mas’ullar hamrohligida tantanali tarzda qabul qildi. Suhbat davomida tomonlar Namangan va Dayzaifu shahri haqida ma’lumot almashishdi. Shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikning istiqbollari muhokama etildi. 70 ming nafar aholi yashovchi Dayzaifu shahriga har yili 10 million sayyoh tashrif buyurishi, turizm sohasida ulkan tajriba to‘planganini anglatadi. Bu esa Namangan uchun muhim tajriba va hamkorlik imkoniyatini taqdim etadi.

Dayzaifu meri KUSUDA Daizo xalqaro “Gullar festivali” haqida oldindan eshitgani va unda ishtirok etishni orzu qilganini ta’kidlar ekan, Namangan shahri bilan hamkorlik memorandumining imzolanishi ikki shahar munosabatlari uchun mustahkam poydevor yaratishini qayd etdi.

Tashrif doirasida O‘zbekistonning Yaponiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov ham ishtirok etib, diplomatik ko‘mak va strategik sheriklikning ahamiyatini yanada mustahkamladi.

Shu kunning o‘zida Dayzaifu shahri delegatsiyasini Namangan shahar hokimi Anvarjon Otaxo‘jayev ham qabul qildi. Muloqot ochiq va samimiy muhitda o‘tdi. Uchrashuvda ikki shahar o‘rtasida turizm, ta’lim, iqtisodiyot, madaniyat va infratuzilma kabi sohalardagi hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Tomonlar o‘zaro anglashuv, ishonch va do‘stlik ruhida shaharlararo aloqalarni mustahkamlash, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, xususan, hududlararo turizmni rivojlantirishga kelishib oldilar. Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, Namangan va Dayzaifu shaharlari o‘rtasida rasmiy hamkorlik memorandumi imzolandi. Bu hujjat ikki shahar uchun keng qamrovli munosabatlar, qo‘shma loyihalar va tajriba almashuvi uchun huquqiy asos yaratishi bilan ahamiyatlidir.

So‘nggi yillarda Namangan shahri xalqaro miqyosda o‘z o‘rnini tobora mustahkamlamoqda. Shaharning dunyo arenasiga chiqishi, turli davlatlar bilan ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi samarasida “Namangan” nomi xalqaro doirada tez-tez tilga olinayotgani bejiz emas.

O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi strategik sheriklik yil sayin mustahkamlanib bormoqda. Iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ekologiya va madaniyat kabi sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikning mavjudligi bu munosabatlarni yanada chuqurlashtirish imkonini yaratadi.

Dayzaifu – Yaponiyaning qadimiy tarixga ega, sayyohlar orasida mashhur bo‘lgan shahri. Uning turizm, shaharsozlik, madaniy merosni saqlash va zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish borasidagi tajribalari Namangan uchun o‘rganishga arziydigan namuna hisoblanadi.

Dayzaifu delegatsiyasining Namanganga tashrifi nafaqat rasmiy uchrashuvlar, balki u ikki xalq o‘rtasidagi do‘stona aloqalarning ilk ruhi va samimiy muhitini ham yaratdi. Hamkorlik memorandumi imzolangani esa amaliy hamkorlik yo‘lidagi qadamlarning boshlanishidir.

Namangan bugun nafaqat gullar shahri, balki xalqaro aloqalarning markaziga aylanmoqda. Yaponiya kabi ilg‘or davlatlar bilan do‘stona munosabatlar va qo‘shma loyihalar orqali shaharning kelajakdagi taraqqiyot yo‘nalishlari yanada aniq va muvaffaqiyatli bo‘lishi shubhasiz.

Ulug‘bek RO‘ZIMATOV

Aloqador maqolalar

Сессия бўлиб ўтди

Халқ депутатлари Наманган шаҳар Кенгашининг навбатдаги XXIV сессияси бўлиб ўтди. Сессияда дастлаб шаҳар прокуратурасининг 2026-йилнинг учинчи чорагида қонунийликни мустаҳкамлаш...

Ҳаёти асраб қолинганлар дуосида яшайсиз, доктор!

Тиббиёт фанлари номзоди, Соғлиқни сақлаш аълочиси Тошпўлат Абдукаримов. У — нафақат Наманган вилояти, балки водий тиббиётидаги энг моҳир...

Баҳодир РАҲИМОВ, Наманган шаҳар тиббиёт бирлашмаси раҳбари:“ТИББИЁТДАГИ ИСЛОҲОТЛАР НАТИЖАСИ — ИНСОН САЛОМАТЛИГИДА НАМОЁН БЎЛМОҚДА”

Мамлакатимизда соғлиқни сақлаш тизимини такомиллаштириш, тиббий ёрдам сифатини ошириш, аҳолига қулай ва замонавий тиббий хизмат кўрсатиш масалаларига алоҳида...

Хўжа амин мақбараси

Наманган шаҳрининг Чорсу ҳудуди яқинида меъморий ёдгорлик –Хўжа Амин мақбараси жойлашган. Мақбара XVIII асрнинг иккинчи ярмида, Наманган Фарғона...