Muhammadsharif Egamberdi o‘g‘li So‘fizoda 1869-yil 29-yanvarda Chust shahrining Kamarsada mahallasida tavallud topgan. Muhammadsharifning otasi Egamberdi pichoqchilik kasbi bilan ro‘zg‘or tebratgan. Egamberdini Chust ahli “So‘fi” deb ardoqlardi. Chunki, uning shirali baland ovozi borligi sababli Kamarsadadagi jome’ masjidida so‘filik ham qilardi. Shoirning onasi Oyimbi mahallaning issiq sovuq marakalarida bosh-qosh bo‘lib turgan o‘z davrining faol ayollaridan edi.
XIX asr oxirida Turkistonda rus mustamlakasiga aylanish jarayoni yuz berayotgan paytda mahalliy xalq og‘ir sharoitlarda yashayotgan edi. 1893-1898-yillarda Qo‘qonda yashagan So‘fizoda u yerdagi hukmron adabiy muhitga yaqinlashadi, bu adabiy muhitdagi yetakchi an’analarga amal qilgan holda ma’rifatchilik g‘oyalarini targ‘ib etishga katta e’tibor qaratadi.
So‘fizoda xalq boshiga tushgan kulfatlarning bosh sabablarini ilmsizlik, jaholat deb bilgan. Shoir o‘ziga “Vaxshiy” taxallusini qo‘yib bir qator satirik she’rlarini yoza boshlaydi. Uning “Aytding bu so‘zimni”, “Dakanang”, “Bedonang” kabi satiralari, “Gʻubori dardu alam”, “O‘pay” singari lirik g‘azallari Muqumiy an’anasi asosida shakllangan edi. Bu hajviyalar ayrim guruhlar uchun katta tashvish tug‘dirdi, natijada ular So‘fizodani Qo‘qondan quvilishiga erishdilar.
So‘fizoda 1899-yilda Chust shahriga qaytib keladi, biroq shaharda ikki yil yashagach, amaldorlar “ul beadab va bad aslni” dahriylik yo‘lidagi harakatlari uchun qatl etishni lozim topadilar. Bu janjallardan qutulish uchun shoir Chustdan qochib o‘n to‘rt yil mobaynida turli mamlakatlarda bo‘lib qaytadi.
Kavkazning Tiflis va Boku shaharlarida bo‘lgan shoir Ozarbayjonning Jalil Muhammadqulizoda, Sobir Tohirzoda, Muhammad Hodiy kabi taraqqiyparvarlari bilan yaqindan tanishadi. So‘fizoda sayohati davomida Arabistonning bir qancha shaharlarida, Hindiston va Turkiya musofirxonalarida ham yashagan, o‘z bilimini boyitish maqsadida Istanbul universitetida bir muddat tahsil ham olgan.
So‘fizodani Buxoro amiri Abdulahadxon (ojiziy) o‘z saroyida saqlab she’rlaridan foydalangan. So‘fizoda Buxoroda uzoq vaqt qolmay Xiva xoni Muhammad Rahimxonning chaqiruvi bilan Xorazmga boradi. 1910-1913-yillarda Qoraqalpoq yerlarida yashaydi. Xuddi shu davrda “Turkiston viloyatining gazeti”, “Sadoi Turkiston” kabi gazetalar shoirning she’rlaridan namunalar bera boshlagan.
So‘fizoda bir muddat Afg‘onistonda ham ishlashga majbur bo‘ladi. Noyob iste’dod va yuqori pedagogik mahorat sohibi bo‘lgan So‘fizoda 1918-yilning boshlarida Afg‘on xoni Omonullaxon tomonidan dastlab maorif vazirining o‘rinbosari, keyinroq esa Turkistonga boradigan Afg‘on konsulining tarjimoni etib tayinlanadi.
Bu davrda Turkistonda oktyabr to‘ntarilishi yuz berib, Sho‘rolar hokimiyati o‘rnatilayotgan edi. Shunday vaziyatda vataniga qaytgan So‘fizodaning ko‘ziga butun umr orzu qilgan ozod mamlakat qurilishi ko‘rinardi xolos.
Shoir sermahsul ijod davriga kiradi va uning asarlari “Mushtum”, “Farg‘ona”, “Qizil O‘zbekiston” kabi gazeta va jurnallarda bosilib turadi. O‘zbekiston Sho‘rolar jumhuriyati Markaziy Ijroqumining 1926-yil 27-fevraldagi chiqargan qarorida Muhammad So‘fizodaning xizmatlari yuqori baholanib shoirga “Xalq shoiri” unvoni berildi.
So‘fizoda umrining keyingi yillarini Namangan shahrida yashab, qizg‘in ijod bilan shug‘ullanadi. Birinchi O‘zbekiston xalq shoiri So‘fizoda hayotlik chog‘ida 1935-yil shoirning tug‘ilgan kuniga 65 yil to‘lishi munosabati bilan yubiley ham o‘tkazilgan.
Xalq manfaatlari yo‘lida qayg‘urgan, vatan ozodligini, millatparvar ijodkor millatchi degan tamg‘a bilan 1937-yil yuzlab yozuvchilar, shoirlar, adiblar, san’atkorlar va olimlar qatori So‘fizoda ham “xalq dushmani” degan bo‘xton bilan hibsga olinadi. Sud davomida shoirning ikki qator she’rini takror-takror o‘qib ma’nosini so‘rashgan.
Qizil gulsan tikansiz, so‘lma Lenin, yo‘llaring to‘g‘ri,
Valekin bir necha o‘rtoqlaring bor, qip qizil o‘g‘ri.
Bu she’r So‘fizoda tomonidan xat orqali Leninga yuborilgan. Ikkinchi misrasini noto‘g‘ri sharhlagan shoir dushmanlari qora niyatlariga erishganlar. 1937-yil 8-may kuni qo‘lga olingan Muhammadsharif So‘fizoda NKVDning uchlik komissiyasi tomonidan o‘sha yili 17-avgustda otib o‘ldirishga hukm qilingan. Ushbu hukmga asosan So‘fizoda 1937-yil 15-sentyabrida otib tashlangan.
Viloyatimizda 1989-yili shoir tavalludining 120 yilligi munosabati bilan o‘zbek adabiyotining muhim sanasi sifatida keng nishonlandi.
Otabek MAXSUDJONOV,
Is’hoqxon Ibrat – Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi direktori
