Alisher Navoiydan buyuk meros boqiy qoldi. Ko‘p mutaxassislar uning asarlari sonini 30 ga yaqin deb ko‘rsatishadi. “O‘ttizga yaqin (?) nazmiy va nasriy asarlarida yigirma olti mingdan ortiq so‘z qo‘llagan ulug‘ shoir adabiy o‘zbek tilining grammatik qurilishi xususida ham e’tiborga loyiq fikrlarni o‘rtaga tashlagan” (“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, 2016-yil, 5-fevral). Bu mantiqqa zid hisob-kitob.
Chunki Iogann Gyote 1680 dan oshiq, Aleksandr Pushkin 826, Sergey Yesenin 527, Mixail Lermontov 400 dan ortiq, Vilyam Shekspir 38 pesa, 154 ta sonet yozgan.
Nahotki, ulug‘ bobomiz shuncha kam asar bitgan bo‘lsa?!
Bu – “asar” so‘zini to‘g‘ri qo‘llamaslikdan kelib chiqqan xato. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” 5 jildligida asli arabcha bo‘lgan “asar” kalimasining “alomat”, “belgi”, “nishon” ma’nolarini anglatishi aytilib, uning bir ma’nosi “ijodiy mehnat mahsuli” ekani qayd etiladi. Modomiki, shunday ekan, axir, bor-yo‘g‘i ikki satrdangina iborat fard ham bir yaxlit asar-ku.
Filologiya fanlari doktori, professor Bahrom Bafoyev “Navoiy ummonidan dur izlab…” kitobida jami 24 banddan iborat ro‘yxat keltiradi-da, bunday deb yozadi: “Buyuk adibning eski o‘zbek poyetik tilida yuqoridagi asarlarida takrorlarsiz jami 26035 ta so‘z uchrashi ma’lum bo‘ldi”.
To‘g‘ri, bu sanoqdagi “Xamsa”ning 5 dostoni, “Nasoyim ul-muhabbat”, “Tarixi anbiyo va hukamo”, “Xamsat ul-mutahayyirin”, “Holoti Pahlavon Muhammad”, “Holoti Sayyid Hasan Ardasher”, “Tarixi muluki Ajam”, “Mahbub ul-qulub”, “Vaqfiya”, “Muhokamat ul-lug‘atayn”, “Mezon ul-avzon”, “Lison ut-tayr”, “Majolis un-nafois” – haqiqatan ham asar. Ular – 17 ta. Qolgan 7 nomdagi narsa asar emas, to‘plam. Ularning har biri bir necha asarni o‘z ichiga qamrab olgan-ku. Bular – “Gʻaroyib us-sig‘ar”, “Badoye’ ul-vasat”, “Navodir ush-shabob”, “Favoyid ul-kibar” devonlari, “Nazm ul-javohir”, “Arbain”, “Munshaot” to‘plamlari.

Agar gap shoirning bir muqovada jamlangan kitoblari haqida borayotgan bo‘lsa, ehtimol, ular 30 atrofida bo‘lar. Chunki shoirning 9 (muxlislari 1466-yili tuzgan, ilmda “Ilk devon” nomini olgan devon, 1471-yili Sherozda tuzilgan, ilmda “Oqquyunli muxlislar devoni” deb ataladigan devon, o‘zi tuzgan “Badoye’ ul-bidoya” va “Navodir un-nihoya” devonlari, “Xazoyin ul-maoniy”ga kirgan “Gʻaroyib us-sig‘ar”, “Navodir ush-shabob”, “Badoye’ ul-vasat”, “Favoyid ul-kibar” devonlari va fors-tojik tilidagi “Devoni Foniy”, tarjima yo‘li bilan yaratilgan 2 ta she’riy to‘plami (“Arba’in”, “Nazm ul-javohir”), jami 6 (“Xamsa”ga kirgan “Hayrat ul-abror”, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Sab’ai sayyor”, “Saddi Iskandariy” hamda “Lison ut-tayr”) dostoni, 2 (shoirlar haqidagi “Majolis un-nafois” va shayxlar haqidagi “Nasoyim ul-muhabbat min shamoyim ul-futuvvat”) tazkirasi, 3 (“Xamsat ul-mutahayyirin”, “Holoti Pahlavon Muhammad”, “Holoti Sayyid Hasan Ardasher”) manoqibi, til va adabiyot nazariyasi bilan bog‘liq 3 (“Mufradot”, “Mezon ul-avzon”, “Muhokamat ul-lug‘atayn”) risolasi, yana 3 (“Mahbub ul-qulub”, “Vaqfiya”, “Munshaot”) nasriy-badiiy va 2 (“Tarixi anbiyo va hukamo”, “Tarixi muluki Ajam”) ilmiy-tarixiy asari – mavjud. Shularni nomma-nom sanasak, haqiqatan ham 30 ga yaqinlashadi, aniqrog‘i, 29 ta bo‘ladi.
Lekin “Xazoyin ul-maoniy”dagi mavjud 4 devonning har birida g‘azalning o‘zidan naqd 650 tadan, jami 2 ming 600 ta bor-ku. “Devoni Foniy”da jami 556 g‘azal mavjud. “Xazoyin ul-maoniy”ga kirmay qolgan g‘azallarini hisobga olmaganda ham, o‘zi devonlariga kiritgan g‘azallarining umumiy soni 3 ming 156 tani tashkil etyapti-ku.
Shoirning o‘zi “Lison ut-tayr”da nazm va nasrdan iborat merosi 100 ming bayt atrofida ekanini aytib o‘tgan:
Nazmu nasrim kotibi taxminshunos
Yozsa, yuz ming bayt etar erdi qiyos.
Shoir merosi haqida gap ketar ekan, eng muhim ikki jihatni alohida qayd etib o‘tish lozim. Birinchidan, boshqa shoir va yozuvchilarimizga qaraganda, Navoiyning o‘zi merosini puxta-pishiq holda tartibga solib, kitobat qildirib, kelajak avlodlarga qoldirib ketgan, chunki umrining oxirlarida yozilgan “Muhokamat ul-lug‘atayn”da o‘zi sanagan asarlaridan bizgacha yetib kelmagani yo‘q. Ikkinchidan, buyuk mutafakkirning butun merosi 1987-2003-yillar mobaynida “Fan” nashriyotida 20 jild sifatida to‘liq chop etildi.
Modomiki, bugun qo‘limizda ulug‘ shoir va mutafakkir asarlarining mukammal nashri mavjud ekan, nega uning asarlari sonini aniq qilib ko‘rsatish mumkin emas?!
Juda mumkin. Keling, bu ishni orqaga tashlamaylikda, hozirning o‘zida masalani hal qilib qo‘ya qolaylik.
20 jildning 1 va 2-jildlaridagi lirik asarlarning hammasi 3-6-jildlarni tashkil etgan “Xazoyin ul-maoniy”ga kirgan to‘rt devonda bor. Shuning uchun sanoqni 3-jilddan boshlaymiz:
3-jild: “Gʻaroyib us-sig‘ar” – 650 g‘azal, 1 mustazod, 3 muxammas, 1 tarji’band, 1 masnaviy, 50 qit’a, 133 ruboiy, ya’ni jami – 839 asar.
4-jild: “Navodir ush-shabob” – 650 g‘azal, 1 mustazod, 3 muxammas, 1 tarji’band, 1 tarkibband, 50 qit’a, 52 muammo, ya’ni jami –758 asar.
5-jild: “Badoye’ ul-vasat” – 650 g‘azal, 1 mustazod, 2 muxammas, 2 musaddas, 1 tarji’band, 1 qasida, 60 qit’a, 10 chiston (lug‘z), 13 tuyuq, ya’ni jami –740 asar.
6-jild: “Favoyid ul-kibar” – 650 g‘azal, 1 mustazod, 2 muxammas, 1 musaddas, 1 musamman, 1 tarji’band, 1 soqiynoma, 50 qit’a, 86 fard, ya’ni jami –793 asar.
7-jild: “Xamsa”dagi “Hayrat ul-abror” dostoni, ya’ni 1 asar.
8-jild: “Xamsa”dagi “Farhod va Shirin” dostoni, ya’ni 1 asar.
9-jild: “Xamsa”dagi “Layli va Majnun” dostoni, ya’ni 1 asar.
10-jild: “Xamsa”dagi “Sab’ai sayyor” dostoni, ya’ni 1 asar.
11-jild: “Xamsa”dagi “Saddi Iskandariy” dostoni, ya’ni 1 asar.
12-jild: “Lison ut-tayr” dostoni, ya’ni 1 asar.
13-jild: “Majolis un-nafois” tazkirasi, ya’ni 1 asar.
14-jild: “Mahbub ul-qulub”, “Munshaot” to‘plami (har biri alohida-alohida bitilgan 103 maktub), “Vaqfiya” asarlari, ya’ni jami – 105 asar.
15-jild: “Xamsat ul-mutahayyirin” manoqibi, “Holoti Sayyid Hasan Ardasher”, “Holoti Pahlavon Muhammad” holotlari, “Nazm ul-javohir” to‘plami (255 ruboiy), ya’ni jami – 258 asar.
16-jild: “Muhokamat ul-lug‘atayn”, “Mezon ul-avzon”, “Tarixi anbiyo va hukamo”, “Tarixi muluki Ajam”, “Arba’in” (40 qit’a), “Siroj ul-muslimin”, “Munojot”, “Risolai tiyr andoxtan” (bu risola usluban Alisher Navoiy yozgan asarga mutlaqo o‘xshamaydi, shuning uchun uning shoir asarlari sirasiga kiritilgani bahsli) asarlari, ya’ni jami – 47 asar.
17-jild: “Nasoyim ul-muhabbat min shamoyim ul-futuvvat” tazkirasi, ya’ni 1 asar.
18-jild: “Devoni Foniy” (boshlanish qismi) – 270 g‘azal.
19-jild: “Devoni Foniy” (davomi) – 286 g‘azal.
20-jild: “Devoni Foniy” (davomi) – 1 musaddas, 1 marsiya, 64 qit’a, 72 ruboiy, 16 ta’rix, 266 muammo, 9 lug‘z (chiston) (bu hisob-kitoblar “Devoni Foniy”da jami 985 asar borligini ko‘rsatyapti); “Sittai zaruriya” to‘plami (6 qasida – “Ruh ul-quds”, “Ayn ul-hayot”, “Tuhfat ul-afkor”, “Qut ul-qulub”, “Minhoj ul-najot”, “Nasim ul-xuld”), “Fusuli arbaa” to‘plami (4 qasida – “Saraton”, “Xazon”, “Bahor”, “Day”), “Mufradot” asari, ya’ni jami – 440 asar.
Shunday qilib, Navoiyning o‘zi kitoblariga kiritgan asarlari umumiy soni 4 ming 544 (Navoiy “Risolai tiyr andoxtan”ni yozgani bahsli ekani hisobga olinsa, 4 ming 543) tani tashkil etadi.
“Mukammal asarlar to‘plami”ning 20-jildida “Rasmiy devonlarga kirmagan she’rlar” ham berilgan. Ularning soni quyidagicha: 35 g‘azal, 4 qit’a, 1 marsiya, 1 taxmis, bulardan tashqari, turli manbalarda Navoiyga nisbat berilgan 14 bayt ilova qilingan. Agar bu ilovalardagi faqat 41 asarnigina qo‘shganda ham umumiy raqam 4 ming 585 tani tashkil etadi.
Demak, endi komil ishonch bilan ayta olamizki, Navoiy 60 yilga yaqin umri mobaynida 4 mingu 585 ta asar yaratgan!
Bu yerda kelajakda aniqlik kiritilishi zarur bo‘lgan ikki nozik nuqta bor. Birinchisi shuki, “Nazm ul-javohir”dagi she’rlar arabiydan, “Arba’in”dagi she’rlar esa forsiydan tarjima qilingan. Ammo navoiyshunosligimizda hali ular qay darajadagi yoki qaysi tipdagi tarjimalar ekani ilman aniqlashtirib berilganicha yo‘q.
Hozircha biz bu she’riy parchalarni mustaqil asarlar tarkibiga kiritmadik va sanoqqa qo‘shmadik.
Navoiy lirikasini tadqiq qilgan Yoqubjon Is’hoqov shoirning “Xazoyin ul-maoniy”ga kirgan 4 devonida jami 16 ta lirik janrga oid she’rlarini kiritganini qayd etgan. Shu-shu ko‘p ziyolilar matbuot, radio va televideniye orqali chiqishlarida, turli uchrashuvlarda bilib-bilmay: “Navoiy 16 janrda ijod qilgan”, deydigan bo‘lib qoldi.
Shu axborotni gazeta yoki jurnalda o‘qisangiz ham, radio yoki televideniye orqali eshitsangiz ham uning mutlaqo xato ekanini muallif yoki so‘zlovchiga ham, eng yomoni, ming-ming o‘quvchi yoki tinglovchiga ham ayta olmaysiz. Oqibatda o‘qiganlaru eshitganlar ongida shu asossiz fikr muhrlanib qolaveradi. Bu xatoni tuzatish kerak.
Keling, yaxshisi, Navoiy aynan nechta janrda asar yaratganini aniqlashtirib olaylik. Axir, bu masalani aniq-tiniq aniqlash uchun qo‘limizda uning “Mukammal asarlar to‘plami” bor, demak, sanash unchalar mushkul ish emas.
Shunday qilib, Alisher Navoiy butun ijodida jami 31 adabiy-ijodiy janrda asar yaratgani ayonlashdi. Shuning o‘zi ham ba’zi olimlarimiz o‘ylamay-netmay keltirgan raqamdan ikki barobar ko‘p.
Demak, hazrat Navoiy jami 31 janrda naqd 4 ming 585 ta asar bitgan!
Bunday yuksak miqyos jahon sohibi qalamlaridan kamdan-kamigagina nasib etadi.
Sultonmurod OLIM,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (Maqola qisqartirib olindi)
