Navoiyning Farhod va Shirini “Imo”da topishganmi?

Postni ulashish:

…“Oynada baland bir tog‘ning etagida ko‘p odam kanal qaziyotgani g‘ira-shira ko‘zga tashlanibdi”, deb hikoyamni davom ettirdim.

“Interneti sekin ishlar ekan, – deb luqma tashladi kichkina. – Bobo, o‘sha Farhod VPNdan foydalanmabdimi?”

“Jinnimisan, balki Wi-Fi yo‘qdir, – dedi akasi e’tiroz bildirib. – Keyin nima bo‘pti?”

“Keyin qarasa, bir chiroyli qiz oq otda kelib qolibdi. Uning oti Shirin, o‘zi malika ekan, – dedim kulimsirab. – Farhod shu zahoti u qizni yaxshi ko‘rib qolibdi, uning kimligini so‘rab-surishtira boshlabdi.” “Online gaplashibdimi yo offline?” – dedi kichkina nabiram ijikilab.

Taniqli ijodkor Temurbek (Temur To‘raboyev) Do‘rmondagi ijod uyiga borishi bilan qaysi adiblar bilan hamsuhbat bo‘layotganini, qanday kitoblar o‘qiyotganini so‘rab-surishtiraman. Maqsad – gazetamiz muxlislari uchun biror shoir yoki yozuvchi bilan intervyu uyushtirish yoki bizga notanish manba – kitob haqida ma’lumot olish. Gazetamizning qo‘lingizdagi soni nashrga tayyorlanayotganda Temur aka uchun mutolaa manbasi Hayriddin Sultonning “Navoiy 30” nomli kitobi bo‘libdi. U kishi ijod uyi kutubxonachisi Shoira Ismoilova bilan birgalikda kitobning o‘zlariga ma’qul sahifalarini telegram orqali tahririyatimizga yuborishdi. Quyida o‘sha matn bilan tanishasiz.

Bir kuni tanish navoiyshunos olim hasrat qilib qoldi.

  • Kecha nabiralarimni rosa urishdim. “Internetdan bosh ko‘tarmay har xil bo‘lmag‘ur narsalarni ko‘rib yotasizlar, nuqul “ur-ur”, “o‘ldir-o‘ldir” o‘yinlarni o‘ynaysizlar. Bobongiz navoiyshunos bo‘lsa, sizlar qachon bir odam bo‘lib, Navoiy hazratni o‘qiysizlar? O‘zbek bolasi bo‘laturib, Navoiyni bilmasangiz, uyat emasmi?” – deb tanbeh berdim.

Ikki nabiram – biri o‘n to‘rt, biri o‘n yosh, indamay yerga qarab turishdi, keyin kattasi: “O‘qiymiz-u, tushunmaymiz-da”, dedi.

“Nimasini tushunmaysizlar? “Bilmaganni so‘rab o‘rgangan olim, Orlanib so‘ramagan o‘ziga zolim”, degan she’riy bayt bilan ularga nasihat qildim. So‘ngra “Farhod va Shirin” dostonini qo‘limga olib, duch kelgan parchani o‘qib berdim.

 – Mana, masalan, Shirin Farhodga “Nedur ahvoling, ey zori g‘aribim, Visolim davlatidin benasibim?” deb maktub yozadi. Keyin “O‘qub mazmunidin olsang hisobin, Karam aylab yuborgaysen javobin”, deya o‘z xatiga javob kutishini aytadi. Qani, buning nimasi tushunarsiz?”

Kichkina nabiram bosh irg‘ab qo‘ydi-da:

“Tushunarli, lekin Shirin kapustani nima qiladi?” – deb so‘radi ko‘zlarini pirpiratib.

“Qanaqa kapusta?” – dedim hayron qolib.

“Ana, “karam yuborgaysan”, deyapti-ku?” – dedi nabiram jovdirab.

Kulib yubordim.

“E, afandi bolam, “karam” degan so‘zning “rahm qilish” degan ma’nosi ham bor-da”, dedim. Keyin bu ikki zumrashaning baribir kompyuter ishqida betoqat bo‘lib turganini ko‘rib, Navoiyni bu yo‘l bilan anglatib bo‘lmasligini tushundim.

“Navoiy bobongiz ham kompyuterdan zo‘r foydalangan, agar bilsangiz”, dedim.

Nabiralarning miyasida qandaydir lampochka “yarq” etib yonib, ko‘zlari porlab ketdi.

“U zamonda kompyuter bo‘lmagan-ku?” – dedi kattasi ishonqiramay.

“Navoiy noutbuk ishlatganmi yo I Pad?” – deb so‘radi kichkinasi.

“Mana shu kitobda, – deb javondan “Farhod va Shirin”ning nasriy bayonini olib, ularga uzatdim, – hammasi yozilgan, o‘qib chiqsalaring, darrov bilib olasizlar”.

Aka-uka kitobni qo‘ltiqlab, xonalariga yugurib ketishdi. Besh minutdan keyin oldimga qaytib kelishdi.

“Bobo, – dedi katta nabiram, – biz “Google”dan so‘radik, Navoiyning kompyuterini bilmas ekan”.

Ukasi ham uning gapini ma’qullab turibdi.

“Ha, bu “Google” Xudo emas-ku, hamma narsani bilsa, – dedim. – Kitobni o‘qimadinglarmi?”

Nabiralar yer chizib qoldi.

“Esiz, – dedim afsuslanib. – Mayli, o‘zim aytib beraqolay. Dostonda Farhod degan bir yigit haqida yozilgan, u Xitoy podshosining o‘g‘li bo‘ladi. Bir kuni otasining xazinasiga kiradi. Qarasa, javonda to‘rt burchakli bir oyna turgan ekan. Qo‘liga olib, o‘ng kafti bilan siypalagan ekan, oynada uzoq bir mamlakatning tasviri ko‘rinibdi…”

“Sensorli I Pad ekan”, dedi kichkina nabira akasini turtib.

“Zoom programmasiyam bor ekan”,  dedi akasi ko‘zi chaqnab.

“Oynada baland bir tog‘ning etagida ko‘p odam kanal qaziyotgani g‘ira-shira ko‘zga tashlanibdi”, deb hikoyamni davom ettirdim.

“Interneti sekin ishlar ekan, – deb luqma tashladi kichkina. – Bobo, o‘sha Farhod VPNdan foydalanmabdimi?”

“Jinnimisan, balki Wi-Fi yo‘qdir, – dedi akasi e’tiroz bildirib. – Keyin nima bo‘pti?”

“Keyin qarasa, bir chiroyli qiz oq otda kelib qolibdi. Uning oti Shirin, o‘zi malika ekan, – dedim kulimsirab. – Farhod shu zahoti u qizni yaxshi ko‘rib qolibdi, uning kimligini so‘rab-surishtira boshlabdi.”

“Online gaplashibdimi yo offline?” – dedi kichkina nabiram ijikilab.

Shu yerga kelganda men xuddi “Ming bir kecha”dagi Shahrizod singari hikoyani to‘xtatib:

“Endi kitobni o‘qisanglar, buyog‘ini bilib olasizlar”, deb ularning yuragini qizdirib qo‘ydim.

Aka-uka nochor bosh qashib, yana kitobni ko‘tarib, xonalariga ravona bo‘lishdi.

Ertasiga ertalab, ular bir-biriga gal bermasdan “Farhod va Shirin”dagi IT-texnologiyalarni menga tushuntira ketishdi.

Kichkinasi: “Bobo, bilasizmi, Navoiy eskalatorni ham bilgan ekan, faqat otini “uchar zina”, deb atagan ekan”, desa, kattasi: “Eskalator nima bo‘pti, u hatto batiskafni ham ko‘rgan ekan. Farhod oynavand uy yasab, dengiz tagiga tushganini ham yozgan ekan”, dedi.

  • O‘sha Farhodni-chi, – dedi kichkina nabiram ko‘zlarini katta-katta ochib, – lazer teshasiyam bor ekan, tog‘-toshlarni “shest sekund”da kesib tashlarkan.
  • Lazer emas, bekor aytibsan, – dedi akasi e’tiroz bildirib, – lazer toshni bunaqa kesolmaydi, grafen kesa oladi, bildingmi?
  • Nonushta qilib bo‘lganimizdan keyin aka-uka baravariga:
  • Bobo, Navoiy yomon “krutoy” yozar ekan, davay, boshqa kitoblariyam bo‘lsa, bering, – deb iltimos qilishdi.

Muhammad VALI,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, adabiyotshunos

Aloqador maqolalar

Сессия бўлиб ўтди

Халқ депутатлари Наманган шаҳар Кенгашининг навбатдаги XXIV сессияси бўлиб ўтди. Сессияда дастлаб шаҳар прокуратурасининг 2026-йилнинг учинчи чорагида қонунийликни мустаҳкамлаш...

Ҳаёти асраб қолинганлар дуосида яшайсиз, доктор!

Тиббиёт фанлари номзоди, Соғлиқни сақлаш аълочиси Тошпўлат Абдукаримов. У — нафақат Наманган вилояти, балки водий тиббиётидаги энг моҳир...

Баҳодир РАҲИМОВ, Наманган шаҳар тиббиёт бирлашмаси раҳбари:“ТИББИЁТДАГИ ИСЛОҲОТЛАР НАТИЖАСИ — ИНСОН САЛОМАТЛИГИДА НАМОЁН БЎЛМОҚДА”

Мамлакатимизда соғлиқни сақлаш тизимини такомиллаштириш, тиббий ёрдам сифатини ошириш, аҳолига қулай ва замонавий тиббий хизмат кўрсатиш масалаларига алоҳида...

Хўжа амин мақбараси

Наманган шаҳрининг Чорсу ҳудуди яқинида меъморий ёдгорлик –Хўжа Амин мақбараси жойлашган. Мақбара XVIII асрнинг иккинчи ярмида, Наманган Фарғона...