Mumtoz adabiyotimiz nasrining mislsiz ajoyib namunasi, XVI asr Markaziy Osiyo mamlakatlarining harbiy panoramasini o‘zida mujassam etgan tarixiy asar “Boburnoma” 1940-yildan beri, parchalar va to‘la holatda o‘zbek va rus tillarida muntazam nashr etib kelinadi. Ammo undagi ayrim qadimiy turkiy, forsiy va arabiy so‘zlar mutaxassis bo‘lmagan kitobxon uchun tushunarli emasligi tufayli muammo ko‘ndalang turardi. Hatto o‘zbek ziyolilari “tushunish osonroq” deya Mixail Sal’ye tarjimasida rus tilidagi “Boburnoma”ni ko‘proq o‘qir edilar.
2007-yilda sobiq “O‘qituvchi” nashriyotining direktori Rustam Mirzayev va olima Karomat Mullaxo‘jayeva tashabbuslari bilan qomusiy asar “Boburnoma”ning hozirgi adabiy tildagi nashriga kirishilgan edi. Bunga ma’lum ma’noda 2000-yili “Respublika” nomli gazetada kaminaning yil bo‘yi “Boburnoma” tabdilidan parchalar e’lon qilganim ham sabab bo‘lgan.

Xullas, 2008-yilda “O‘qituvchi” nashriyoti bu muammoni hal qildi: “Boburnoma” Karomat Mullaxo‘jayeva va kamina tomonidan hozirgi o‘zbek adabiy tiliga tabdil etilib, nashr qilindi.
O‘sha yilning o‘zida bu nashriyot “Boburnoma – miniatyuralar” kitobini ham uch tilda: o‘zbek, rus va ingliz tilida bir kitob holida chop etdi.
O‘shandan beri asarning bu ommabop tabdili 2013, 2017, 2018, 2019, 2020, 2023 yillarda “O‘qituvchi”, “Yangi kitob” va “O‘zbekiston” nashriyotlarida sakkiz marotaba dunyo yuzini ko‘rdi.
2023-yili Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligi munosabati bilan ushbu kitob mutasaddilari “Boburnoma” nashrining yangicha talqiniga muyassar bo‘ldilar.
Avvalgi nashrlardan ushbu nashrdagi o‘zgarishlar:
– Matbuot va Ommaviy axborot vositalaridagi boburshunos va Bobur ixlosmandlarining bu kitob haqidagi tanqidiy fikrlari inobatga olinib, ancha-muncha nuqsonlarga barham berildi;
– AQSHning “Baltimor” shtati Baltimor shahridagi Volter muzeyida saqlanayotgan “Boburnoma” qo‘lyozmasiga qiyoslanib, ancha so‘z, gap, shaxs, voqeaga daxldor o‘zgartirishlar qilindi.

Chunonchi, oldingi nashrlarda Haydarobod nusxasiga asoslanib “Shayx maslahat berdi” degan Xoja Ubaydulloh Ahror so‘zlarini inobatga olib, Samarqandning ikkinchi marta olinishida Xoja Ahror ruhoniyatlari qo‘llagan, degan fikr bor edi. Baltimor nusxasida, Xoja Ubaydulla Ahror tillaridan shunday so‘zlar chiqadi: “Shayx Muslihiddin berdi”. Bu yangi topildiqqa ko‘ra, demak, Boburga mutasavvuf xo‘jandlik avliyo Shayx Muslihiddin ruhoniyati ko‘mak bergan bo‘lib chiqadi. Chunki bu gal Bobur ikki yil Xo‘jandda turgan va shu yerdan Samarqand fathiga jo‘nagan edi. (birinchi rasm: Shayx Muslihiddin maqbarasi, Xo‘jand shahri). Bu mashhur maqbarada Toshkent xoni – Boburning tog‘asi Sulton Mahmudxon ham dafn etilgan.
– Ko‘plab so‘zlar tushunilishini yengillashtirish maqsadida ma’nodosh variantlari bilan o‘zgartirilgan;
– Tuzatishlar, to‘ldirishlar xilma-xilligini quyidagi bir matndan ham kuzatsa bo‘ladi: oldingi asl va tabdilda yengilib qochayotgan yov askarlari haqida:
Zi zaxmi sihomi safi purshuko‘h,
Guzaron gurezon ba har dashtu ko‘h.
Tarjimasi: Zo‘r shukuhli saf o‘qining qo‘rqinchidan
Qochishardi har bir dasht-u tog‘ tomon. (2019, 361-bet)

“Boburnoma”ning Baltimor nusxasidan bizdagi nashrlarda xato o‘qilgan “Guzaron” so‘zi “gurozon” (to‘ng‘izlar) ekanligi bilindi va misralar quyidagidek tuzatildi:
Gurozon gurezon va har dasht-u ko‘h.
Qochardi to‘ng‘izlar dasht-u tog‘ tomon.
– Eng muhimi, birinchi marotaba “Boburnoma” tabdili rasmlar bilan bezatilib chiqarildi.
Kitobda sakkiz varoq rangli suratlar: “Boburnoma”ning Anetta Syuzanna Beverij tarjimasi, “Boburnoma”ning Porso Shamsiyev, Sodiq Mirzayev va Saidbek Hasanovlar tayyorlagan asl nusxasi, asar tabdilining turli yillardagi nusxalari, Zahiriddin Muhammad Bobur rasmi, Boburning bobosi Yunusxonning Toshkentdagi maqbarasi, Boburning otasi Umarshayx Mirzo, amakilari Sulton Ahmad mirzo, Sulton Mahmud mirzo, Eron shohi Shoh Ismoil Safaviy, Muhammad Shayboniyxon, Rona Sango, Xoja Ubaydulloh Ahror rasmlari, Xoja Muslihiddin maqbarasi, Boburning O‘shdagi hujrasi, Bobur sha’niga she’r bag‘ishlagan 76 ta tasavvufga doir kitob muallifi Mir Said Ali Hamadoniy maqbarasi (Tojikiston Respublikasi Ko‘lob shahri) kabi hujjatli rasmlar berilgan.
– Shuningdek, har bir voqea-hodisalarga doir joy va daxldor tarixiy shaxslarinig oq-qora rasmlari ham ilova etilgan. Ularda Bobur zamonidagi harbiy qurol-aslahalar, Hindiston tabiatidagi qush va hayvonlar dunyosi, daraxtlar, Ko‘hinur olmosi, Bobur bayrog‘i kabi kitobxonlar qiziqadigan rasmlar o‘rin olgan.
Boburning o‘g‘li Humoyun Mirzo bilan muloqoti aks etgan miniatyura, Hirotdagi Ixtiyoriddin qal’asi, Boburning Kobul va Agradagi maqbaralari, hatto Boburning bugungi vorislarigacha rasmlari berilgan.
Dakka shahridagi La’l qal’a – Boburga bag‘ishlangan muzey eksponati – Bobur zamonida Ustod Aliquli quygan zambarak yonida Xalqaro Bobur jamoat fondi raisi muhtaram Zokirjon Mashrabov rasmi ham berilgan.
Asardagi Firdavsiy “Shohnoma”sidan keltirilgan parchaga hujjat tarzida Eronning Tus shahridagi Abdulqosim Firdavsiy maqbarasi rasmi, Sa’diy Sheroziy “Guliston” va “Bo‘ston” asarlaridan keltirilgan o‘rinlarda Sa’diy “Kulliyoti”ning Tehron nashri, Hofiz Sheroziy zikr etilgan o‘rinda Hofiz “Devon”i nashrlari tasviri ham berilgan.
Xullas, qomusiy asarga ilova qilingan ushbu rasmlar, shaxslar va voqea-hodisalar hujjatlari sifatida kitobxon uchun g‘oyat maroqlidir.
“Boburnoma”ning avvalgi asl nusxasi nashrlari va hozirgi o‘zbek adabiy tilidagi talqinlari mutolaasini radioinsenirovka yoki radiopostanovkaga o‘xshatish mumkin bo‘lsa, “Boburnoma”ning mazkur rasmli nashrini o‘qish – xuddi televizorda “Boburnoma”ni spektakl holda tomosha qilishga o‘xshaydi, desak bo‘ladi.

Yangi nashrni oldingi “Boburnoma”lar bilan qiyoslanganda ana shunday jiddiy tafovutlar nazarga tashlanadi.
Biroq bu qomusiy asar nashrini Turkiyada nashr etilgan: turk tiliga Rashid Rahmati Arat o‘girgan “Boburnoma” nashri bilan yonma-yon qo‘yadigan bo‘lsak: Turkiya nashri biznikidan ko‘ra hajman ikki baravar katta va rasmlar sanog‘i esa biznikidan besh maratoba ko‘pdir.
“O‘zbekiston” nashriyoti mahsulining Turkiya nashridan ayrim jihatlardan afzalligi bor: chunonchi, Turkiya nashrida rasmlar ko‘p-u, bizning nashrdagidek tarixiy hujjatlilik jihatidan keyinda turadi. Turkiya nashrida umuman voqea-hodisalarga doir rasmlar ustunlik qilsa, bizdagi nashrda aks etgan Bobur ajdodlari – Yunusxon maqbarasi, Bobur otasi va amakilarining rasmlari, xolavachchasi Muhammad Haydar Mirzo rasmlari, Xoja Ubaydulloh Ahror, O‘shdagi Bobur solgan hujra, Boburning Agra va Kobuldagi maqbaralari, Boburning bayrog‘i, Bobur toshbitiklari tasvirlari, Shershoh Sur, Shoh Ismoil Safaviy, Shoh Tahmosp, Sulton Ibrohim Lo‘diy, Muhammad Shayboniyxon, Humoyun Mirzo suratlari, Hirot Gozurgohidagi Navoiy ikki yil xizmat qilgan aylana bino Namakxona, Firdavsiy maqbarasi, Dehlidagi Jome’ masjidi va boshqalar.
Xullas, bundagi rasmlarning asosiy qismi Turkiyaning bahaybat formatli nashrida yo‘q.
Aftidan, ikkala kitobdagi rasmlarni bir nashrda mujassamlashtirish kelgusida nazarda tutiladigan nashrlarimiz uchun yaxshi bir niyat bo‘lib qoladi.
“Boburnoma”ga rasmlar ilova qilish yuzaki qaraganda yangi usul emas. 2002-yilgi nashrda ham o‘nga yaqin miniatyuralar kiritilgan edi.
Biroq ushbu yangi nashrga kiritilan “Boburnoma”dagi rasmlarning vazifalari juda yuqori ilmiy maqsadlarni ko‘zda tutadi:
– Muhim tarixiy shaxslarning siymolari haqqoniy gavdalantirilgan va badiiy qiymatga ega.
– O‘rta asr harbiy va davlatchilik belgisi va hujjatlari: qurol-aslahalar(to‘p, miltiq, zirh, harbiy aroba) davlat bayrog‘i.
– Movarounnahr, Afg‘oniston va Hindistondagi mashhur me’moriy obidalar, Hirotdagi mashhur Olaqo‘rg‘on – Ixtiyoriddin qal’asi, masjidlar, maqbaralar.
– Temuriylar, boburiylar, shayboniylar shajaralari va boshqa osori atiqalar.
Agar “Boburnoma”ning ilk tabdili bu nodir qomusiy asarni ommabop qilishga yo‘naltirilgan bo‘lsa, mazkur yangi nashr jahonga bizning millatimizni, tariximizni tanitgan asarga yana bir fazilat ko‘rgazmalilik – illyustrativlik bag‘ishlandi.
Buyuk shahanshoh, mislsiz adib va mumtoz shoir Zahiriddin Muhammad Bobur qalamiga mansub “Boburnoma” asarining bu nashri Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi tarixiy Qarorga muvofiq bajarilgan ishdir. Chunki o‘sha qarorda bu kitob – hozirgi o‘zbek tilidagi qomusiy “Boburnoma”ning o‘zbek va qoraqalpoq tilidagi tarjimasi bajarilishi maxsus qayd etilgan edi.
Vahob RAHMONOV,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Xalqaro Bobur mukofoti sovrindori, filologiya fanlari nomzodi, Guliston Davlat universiteti dotsenti.
