Tezkor internet asrida axborot texnologiyalari (IT) sohasi bilimlarini puxta o‘rganishga bo‘lgan qiziqish ortib bormoqda. Ham zamonaviyligi, ham daromadliligi bilan istiqboli porloq soha rivojlanayotgani imkoniyatlarni ham kengaytirmoqda.
Nafaqat poytaxt, viloyatlar markazlari, balki shahar va tumanlarda ham faoliyatini boshlagan IT parklar, ixtisoslashtirilgan maktablar hamda o‘quv markazlarining tashkil etilishi, startap g‘oyalarning ilgari surilishi yoshlar uchun yangidan-yangi loyihalar tuzishda qo‘l kelmoqda.
Yoshlarning ilmiy va ijodiy salohiyatini oshirishi, ularning o‘z intellektual bilimini namoyon qilishi, analitik fikrlashi, iqtidori va ijtimoiy moslashuvi uchun zarur sharoitlar yaratish bo‘yicha “Namangan IT School” oldingi safda. Markaz rahbari Obidjon KOMILJONOV bilan erishilgan yutuqlar, soha rivoji uchun qilinishi kerak bo‘lgan vazifalar xususida suhbatlashdik.

–Avvalo mushtariylarimizga “Namangan IT School”da qaysi yo‘nalishlarda ta’lim beriladi, shart-sharoitlari haqida ma’lumot bersangiz…
– Maktab o‘z nomi bilan o‘quvchilarga nafaqat nazariy va amaliy bilim beradi, balki shu bilimni kelajakda ish faoliyatida qo‘llay olishlariga barcha shart-sharoitlarni yaratib beradi. Chunki, ta’limning asosiy negizini amaliy tajribalar tashkil qiladi.
Maktabimiz IT, menejment va logistika sohalari bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlab beradi. O‘quv rejamiz elektrotexnika va kompyuter fanlari, shuningdek, buxgalteriya hisobi bo‘yicha asosiy kurslarni o‘z ichiga oladi. Xususan, mobil dasturlash, (Mobile programming), chuqur o‘rganish (Deep learning), “Internet bilimlari” (Internet of things) va blok zanjiri (Blocks chain) kabi eng zamonaviy mavzular bo‘yicha ham fanlar o‘tiladi.
Ta’lim dargohi o‘zining o‘quv va laboratoriya majmualariga ega. U laboratoriya ishlarini bajarish uchun ko‘chma modullar, o‘quvchilar ishini monitoring qilish va baholash uchun dasturiy ta’minotni o‘z ichiga oladi. Masalan, maktabda SAP next gen lab laboratoriyasi va SAP, Oracle Academy, Microsoft Image Academy, Acpex BI School, Cisco Academy kompyuter laboratoriyalari ochilgan.
Har bir jamoani rivojlantirishga undovchi shiori bo‘ladi. Yoshlarimizga motivatsiya beruvchi, ularni hamjihatlikka chorlovchi uch muhim g‘oyani birlashtirgan shiorimiz: “Ijodkorlik, mehnatsevarlik va jamiyatga xizmat qilish!”.
– Jamoangiz o‘tgan yilni qanday yakunladi?
- Maskanimiz yangi tashkil etilgan maxsus o‘quv muassasalardan biri. Shunga qaramay o‘tgan o‘quv yilida maktabimizni 1500 nafar yosh tamomladi. Ayni paytda 300 nafar o‘quvchimiz bor. Ulardan ish bilan ta’minlangani 80, freenlancer (yollanma ishchilar) ishlayotganlar 150 nafarni tashkil etadi.
–Maktabda tahsil olayotgan yoshlarning o‘qishi va amaliyot o‘tashi uchun qanday imkoniyatlar yaratilgan?
– Soha yo‘nalishida zamonaviy bilimlar beriladi. Har yili bo‘lib o‘tadigan eng yaxshi ishlanmalar tanlovida dargohimizni rivojlantirishga qaratilgan asl va amaliy loyihalarni tanlab olamiz. Eng yaxshi loyihalar mualliflari rag‘batlantirib boriladi. O‘quvchilarni dasturiy mahsulotlar bozoriga chiqishga ko‘maklashish, ularni yuksak salohiyatli qilib tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilayotgani natijasida ITchi yoshlarimiz katta daromad topishni ham boshlashdi.
Shu bilan birga, startap loyihalarni amalga oshirish, yoshlarni dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarishga keng jalb qilish bo‘yicha ishlar tizimli ravishda olib borilmoqda.

– O‘quvchilarning IT bo‘yicha ijodiy qobiliyatlari, bilim va malakasini oshirish bo‘yicha tengdoshlariga namuna sifatida yaratilgan dasturlar ham bormi?
– Mobil dasturlash fani bo‘yicha uyali aloqa vositalari va dasturiy ta’minot fanidan esa mikrokonrollerdan foydalangan holda o‘rnatilgan tizim loyihalari nazariy hamda amaliy ko‘nikmalarda qobiliyatlari yuzaga chiqariladi.
Shu jumladan, IT school qoshida ochilgan “Fazo Software Ayti” tomonidan tayyorlangan loyihalar 32 tani tashkil etgan bo‘lsa, hozirda mazkur kompaniyada ishlayotgan dasturchi va dizaynerlar soni 23 nafar. “Fazo Software Ayti” mahalliy daromadi 300 mln. so‘m.
Kompaniyaning e’tiborga molik loyihalaridan “Sezgir” – Milliy gvardiya uchun tayyorlangan qidiruvdagi shaxslarni aniqlovchi, “Nigoh” – xodimlar kayfiyatlarini o‘rganuvchi va psixologga yordamchi dasturi, xususiy va davlat maktablarini avtomatlashtiruvchi Fazo School CRM, o‘quv markazlarni avtomatlashtirishga mo‘ljallangan CRM tizimi hamda mashinalar turar joylari (parkovka) va xavfsiz uy loyihalari, shuningdek, soatbay ishlovchi korxona va tashkilotlar uchun xodimlar oylik ish haqqini ish vaqtiga qarab aniqlovchi dasturlar maktab o‘quvchilari tomonidan ishlab chiqildi. IT sohasi bo‘yicha o‘quvchilar orasida iqtidorlilar ko‘p. Biroq ta’limning keyingi bosqichida davom ettiruvchilar nisbatan kamroq. Bitiruvchilarning aksariyati o‘qishni tamomlab, ishga joylashishga harakat qiladi.
Shunga qaramay, bu sohada muvaffaqiyat qozonayotgan yoshlar talaygina. Maktabni bitirgan yoshlar orasida davlat idoralarida, muassasalarda, ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarida faoliyat yuritayotganlari kam emas.
- Kelgusidagi rejalar bilan o‘rtoqlashsangiz…
– 2024-yil – “Yoshlarni va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da reja bo‘yicha ish bilan ta’minlanadiganlar sonini 130 nafarga yetkazish maqsad qilganmiz, freenlancer (yollanma ishchilar) bo‘lib ishlayotganlar 200 nafarni tashkil etishi ko‘zda tutilgan.
50 dan ortiq yangi loyihalar dasturi yaratish natijasida mahalliy daromadimizni 500 mln. so‘mga yetkazib, eksport hajmini 45 000 AQSH dollariga oshiramiz.
O‘quvchilar maktabda ham texnik, ham dasturiy ta’minot bo‘yicha o‘qitiladi. Sodda qilib aytganda, ular ham axborot-texnologiya vositalarini ixtiro qila oladigan, ham ular uchun dastur yarata oladigan muhandislar bo‘lib yetishadilar.

– IT sohasini yanada rivojlantirish uchun nimalar qilish kerak, deb o‘ylaysiz?
– Bugungi kunda axborot texnologiyalari rivojiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Avval Toshkentda dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari parki – IT Park, so‘ngra viloyatlarda uning filiallari ochilgan edi. Startap loyihalarni amalga oshirish, yoshlarni dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarishga keng jalb qilish, qobiliyatli yoshlarni tarbiyalash borasida tashlangan qadamlarimiz muvaffaqiyatlarga yo‘l ochdi.
Bu biz uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, mutaxassislar safini kengaytirish imkonini berdi. Mazkur tarmoqlarda infratuzilmaning kam rivojlangani tufayli bitiruvchilarimiz asosan IT sohasining dasturiy ta’minot va boshqa xizmatlar sohasida ishlashga majbur bo‘lmoqda.
Bu xorijning ilg‘or tajribasini ta’lim tizimiga keng tatbiq etish, dunyo standartlari asosida ta’lim berish, natijada mamlakatimiz taraqqiyotiga xizmat qiladigan, dunyo yoshlari bilan raqobatlasha oladigan mutaxassislarni tayyorlash oldimizda turgan eng katta vazifalardan biridir.
– Katta maqsadlarni amalga oshirishda kuch-quvvat, omad va zafarlar tilab qolamiz. Mazmunli suhbat uchun tashakkur.
Nasimjon YUNUSOV suhbatlashdi.
