Jurnalist Anvar Ikrom va fotojurnalist Hotam Mamadaliyevlar faoliyatiga chizgilar.
Qadim-qadim zamondan movarounnahr bilan Hindiston do‘stligi, birodarligi davom etib keladi. Bu balki adolatparvar shoh va shoir Bobur hamda boburiylar sababidandir. Balki Gʻaznaviylar sulolasining siyosiy siymolaridan Beruniy ijodi samarasidandir. Balki, undan ham uzoq yillarga borib taqalar.
O‘zbekistondagi kinoteatrlarda hind filmlari namoyish etilar ekan, unga o‘zbeklarimiz turnaqator bo‘lib, bilet olishardi. O‘zbekiston televideniyesi orqali “Hind kinofilmlaridan kuylar” ko‘rsatuvlari dasturi oila a’zolarimizni “zangori ekran” qarshisiga mixlab qo‘yardi.




“Axsikent” arxeologiya parki direktori, jurnalist Anvar Ikromov bilan O‘zbekiston milliy axborot agentligi fotomuxbiri Hotamjon Mamadaliyevlar har ikki davlat do‘stligi, har ikki xalq hamkorligini yangi marraga olib chiqdilar. Eslatib o‘tamiz, bu amaliy uchrashuvlar Namangan viloyati hokimligi va O‘zbekistonning Dehlidagi elchixonasi ko‘magida amalga oshirildi.
Dastlab hamkasblarimiz Kalikut shahrida bo‘lishdi. Buu shaharda “Haji Ahamed Koya” kemasozlik kompaniyasi bor. Mazkur jamoa qariyb 140 yillik tarixga ega. Kompaniyaga 1885 yil Kamakantakat Kunhammed Koya haji (1864-1919) asos solgan. Uning o‘g‘li haji Ahamed Koya (1906-1971) otasi ishini davom ettiradi. 1930-1940 yillar orasida kompaniyada ishlab chiqarish nihoyatda kengaytirildi. Hozirda jamoaga sulolaning uchinchi avlodi Hashim Ahamed Koya boshchilik qiladi. Uning yonida esa kemasozlarning to‘rtinchi avlodi Hamid Hashim Koya ishlamoqda. Kompaniya Arab ko‘rfazi davlatlariga, Yevropaga kema va qayiqlar yetkazib beradi.
Kemasozlar jahongashta Anvar Ikrom va Hotamjon Mamadaliyevlarga qiziqib qolishgan ekan. “Biz Namangan delegatsiyasi bilan Qatardagi Dhow festivalda tanishdik. Shunda ularni Kalikutga taklif qildik. Tarixi olis bo‘lgan Axsikentning rivojiga biz ham hissa qo‘shadigan bo‘ldik”, – deydi kompaniya rahbari Hashim Ahamed.
Hamkasblarimizning keyingi manzili Koyalar xonadoni bo‘ldi. Kunmuhammad Xojining 10 nafar nabiralari bugungi kunda nafaqat Kerala shtatining balki, Hindistonning yetakchi tadbirkorlariga aylanishgan. Ular bilan suhbatda o‘zbek-hind aloqalari, hamkorlik masalalari, Namanganning investisiyaviy jozibadorligi haqida ma’lumot berildi.
Darvoqe, Hindistonning Kojikode shahridagi dunyoga mashhur mazkur kemasozlik kompaniyasi Sirdaryo sohilidagi Axsikent uchun kema qurilishini boshlab yuborishdi.

***
Namangan delegatsiyasi Kerala shtati jamoat ishlari va turizm vaziri Muhammad Riyas bilan uchrashdi. Qariyb 40 mln. aholisi bo‘lgan shtat Hindistondagi keng imkoniyatli hudud. Janob Riyas O‘zbekiston va Hindistonning qadimiy aloqalariga to‘xtaldi. U arab sayyohi Ibn Battuta haqida gapirib, uning Axsikent va Hindistonga kelganini, har ikki davlat to‘g‘risida qiziqarli ma’lumot yozib qoldirganini faxr bilan gapirdi.
Kojikode oqsoqollar kengashi raisi Xassan Koyaning e’tirofi delegatsiya a’zolarini mamnun qilgani aniq. Mana sizlar ham o‘qing. Chindan ham faxrlanasiz. “Men O‘zbekiston milliy axborot agentligida “Kojikode manzaralari” materiallarini ko‘rib quvondim. Ne baxtki, o‘sha fotolavhalar muallifi, taniqli o‘zbek fotojurnalisti Hotam Mamadaliyevni ko‘rib turibman. O‘tgan yilgi safarlaringizdan xabarim bor. Fotografning Toshkentda o‘tkazilgan ko‘rgazmasini ham internet orqali bildim. 2025-yilda Dehlida “Namangan madaniyati kunlari” bo‘lishi hammamizni quvontirmoqda”.
Shu kuni vazir boshchiligida 800 yillik tarixga ega bo‘lgan “Mishkal mosque” madaniy meros ob’yektiga borishdi. Namanganlik do‘stlarimiz boy taassurot oldilar. Tadbir yakunida professor Abdulhamid Anorboyevning uch tilda chop etilgan “Axsikent arxeologiya parki” kitobining taqdimoti bo‘ldi.
Hamkorlikka asoslangan tashrifning asosiy nuqtasi “Axsikent arxeologiya parki” va “Salar Jang” muzeyi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangani bo‘ldi.


***
Delegatsiyaning Hindistonga ishchi tashrifi Telangana shtatining Haydarabod shahrida davom etdi. Uning ilk kunida “Axsikent arxeologiya parki” rahbari Anvar Ikrom va “Salar Jang” muzeyi ilmiy rahbari doktor Gansham Kusum bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilanib, o‘zaro tajriba va ilmiy almashinuv bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Musi daryosining janubiy sohilida joylashgan dunyoga mashhur Salar Jang san’at muzeyi Hindistonning uch Milliy muzeyidan biridir. Uning boy kolleksiyasi Yaponiya, Xitoy, Birma, Nepal, Hindiston, Eron, Turon, Misr, Yevropa va Shimoliy Amerikadan keltirilgan haykal, kartina, yog‘och o‘ymakorligi, tekstil, qo‘lyozmalar, keramika, metal buyumlar, gilamlar, mebellardan iborat.
– Buyuk Bobur yurtidan kelgan hamkasblarim bilan ko‘rishganimdan xursandman. Muzeyimiz 140 yillik tarixga ega. 74 yildan beri Milliy muzey maqomidamiz. Boburiylar davriga oid boy kolleksiyaga egamiz. Bobur, Navoiy, Mirzo Haydar Dug‘lotlarning Sizning yurtingiz tarixiga oid nodir qo‘lyozmalari mavjud. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi madaniy-iqtisodiy aloqalar tarixi uzoq ming yillikka borib taqaladi, – dedi Doktor Kusum.


Anvar Ikrom o‘z so‘zida davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Axsikentda yirik majmua barpo etilayotgani, uning tarkibidan Arxeologiya muzeyi, Yangi Axsi osori-atiqalar va qo‘lyozmalar muzeyi, 10 ta Ochiq osmon muzeylari tarmog‘i o‘rin olishi, bu tashabbus hozirda keng quloch yozib, Axsikent ulkan bunyodkorlik va ilmiy-izlanishlar maydoniga aylanganini aytib o‘tdi.
– Qurilish ishlariga viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov bosh, dunyo tan olgan mashhur arxeolog, professor Abdulhamid Anorboyev esa yuzlab shogirdlari va xorijlik hamkasblari bilan qazishma ishlariga rahbarlik qilib kelmoqda. Axsikent arxeologiya parki tarkibidagi Yangi Axsi muzeyida Buyuk imperator Jaloliddin Muhamad Akbarning vazir va do‘sti Fayzulloh Hindiy Obodiy qalamiga mansub “Mavoridul Kalim” ensiklopedik kitobini 1580 yildagi asl nushasi saqlanmoqda, – dedi Anvar Ikrom.
Uchrashuv yakunida muzeyga Axsikent arxeologiya parki kitobi taqdim etildi va muzey faoliyati bilan tanishildi. Qo‘lyozmalar bo‘limi bosh muhofizi Faridulloh Sharif Zahiriddin Muhammad Bobur qalamiga mansub «Devoni Bobur»ning asl nushasini delegatsiyasi a’zolari iltimosiga binoan taqdim etdi.
Rahimjon IRISOV tayyorladi
