Oila bu – kichik jamiyat bo‘lib, u oila a’zolaridan tashkil topadi. Albatta, ushbu oila a’zolari o‘rtasidagi munosabatning yaxshi bo‘lishi bu qo‘rg‘onning mustahkamligiga olib keladi.
Oilaning asosini eru xotin va farzandlar tashkil qiladi. Islomda ularning har birining o‘ziga xos haq-huquqlari va majburiyatlari bor. Ushbu haq-huquqlar va majburiyatlarga rioya qilish oilaning mustahkamligini ta’minlaydi.
Xo‘sh, er-xotin o‘rtasidagi muqaddas rishtalar nimalardan iborat? Avvalo, er-xotin o‘zaro yaxshilik bilan yashamoqlari lozim. Oilada birga yashar ekanlar, er-xotin bir-birlariga faqat yaxshilikni ravo ko‘rib, qo‘llaridan kelgan barcha muruvvatlarni qilib yashashlari ikkovlarining orasidagi mushtarak haqlardan biridir.
Islom ta’limotlariga binoan, er-xotin orasidagi aloqa muhabbat, sevgi, rahm-shafqat va unsu ulfat aloqasi bo‘lishi lozim. Shuning uchun ham oraga tushgan ba’zi noqulay holat tufayli, darhol bir-biriga zulm qilishga o‘tish kerak emas.
Keyingi o‘rinda er-xotinlik hayoti halol bo‘lishi, har ikki taraf bir-biridan lazzat va orom topishi lozim. Er o‘z ayolidan qanchalik jinsiy va hissiy lazzatlanish huquqiga ega bo‘lsa, ayol ham xuddi shunday haqqa ega. Ayol erining bu boradagi hojatini qondirishga qancha majburiyatli bo‘lsa, erning zimmasida ham shuncha majburiyat bor.
Qolaversa, quda-andachilik hurmatlari joriy qilinadi. Qudachilik aloqalari ham xuddi nasab aloqalari kabi bo‘ladi. Nasab bo‘yicha hurmatlar bo‘lgani kabi, qudachilik bo‘yicha ham hurmatlar bo‘ladi.
Er-xotin bir-birlariga merosxo‘r bo‘ladilar. Oila qurib, er-xotin bo‘lib yashash ularning orasida, bir-birlaridan meros olish haqqini ham sobit qiladi.
Ulardan farzand tug‘ilsa, nasabi sobit bo‘ladi. Boshqacha qilib aytganda, er-xotin o‘z farzandlariga haqdor bo‘lishga barobardirlar. Ulardan tug‘ilgan farzandlarning nasabi ikkovlaridan bo‘ladi.
Er-xotinlik sirlarini fosh qilmaslik joizdir. Albatta, er-xotinlar o‘zlariga yarasha birov bilishi mumkin bo‘lmagan sirlarga sohib bo‘ladilar. Endi mazkur bo‘lgan sirlarni fosh qilmaslik ham erning, ham xotinning o‘z jufti halolidagi haqqidir hamda er-xotinning bir-birlariga nisbatan majburiyatlaridir.
Ota-onaga yaxshilik qilish va qarindoshlariga siylai rahm qilish er-xotinlikning muqaddas rishtalaridan biri. Muqaddas hisoblangan nikoh sharofatidan er-xotinning har birining ota-onasi va qarindoshlari ikkinchisiga ham ota-ona va qarindoshlarga aylanadi. Shu bois, qaynona va qaynotaga yaxshilik qilish er uchun ham, xotin uchun ham xuddi o‘z ota-onasiga yaxshilik qilishdek burchga aylanadi.
O‘zbek oilasi o‘zining mehr-muruvvatliligi, ozodaligi, shirinsuxanligi bilan ajralib turadi. Bugun qaysi bir xonadonga kirmang, buning shohidi bo‘lasiz. Ertalabdan onalarimiz, kelinlarimiz uylar atrofini supurib-sidirgan, xush kayfiyat bilan nonushtalar tayyorlashib, otalarimiz, aka-ukalarimizni ish va o‘qishga kuzatadilar, tushdan so‘ng ularni chiroyli holatda kutib oladilar. Qo‘yinki, oilalarimizning qaysi holatini aytib maqtasak ham, hech xato qilmagan bo‘lamiz. Bu nimaning samarasi? Bu albatta, muqaddas dinimizning ko‘rsatmalariga amal qilishimiz, qolaversa, mamlakatimizning oilalarga qilayotgan e’tibori samarasidir.
Oilalarimiz hamisha mustahkam va tinch bo‘lsin!
Nurulloh MAHKAMOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Namangan viloyati vakilligi bosh mutaxassisi.
