Yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni saqlash, jamoat xavfsizligini, fuqarolarning huquqlarini ta’minlash borasida ichki ishlar organlarining samarali faoliyati hal qiluvchi o‘rinni egallaydi. Bugungi kunda shahrimizda huquq-tartibot va qonuniylikni mustahkamlashda, aholining tinchligi va osoyishtaligini ta’minlashda ichki ishlar organlarining xizmatlari alohida e’tiborga molik masalalardan.

- Video muallif: Dilmurod Abdullayev
Namangan shahar hokimi Anvarjon Otaxodjayev huquqbuzarliklarni oldini olish va shahrimizni jinoyatchilikdan holi hududga aylantirish borasida qilinadigan ishlarga bag‘ishlab profilaktika inspektorlari bilan muloqot o‘tkazdi. Uchrashuv Usmon Nosir xiyobonida bo‘lib o‘tdi va unda shahar ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Umarjon Abduvaliyev hamda mahalliy huquq tartibot idoralari rahbarlari va profilaktika inspektorlari qatnashdi.
Muloqot davomida mahalla inspektorlari o‘zlarini qiziqtirgan savollar va takliflarni bildirishdi. Shahar hokimi jinoyatlarni barvaqt oldini olish, jinoyatlardan holi hududga aylantirish va nizoli oilalar bilan muntazam profilaktik suhbatlar olib borish bo‘yicha amaliy maslahatlar berdi.
Shahar hokimi uchrashuv yakunida inspektorlarning moddiy texnik bazasini yangilash maqsadida 20 nafar uchastka inspektorlariga kompyuter jamlanmalarini topshirdi. Bu o‘z navbatida profilaktika ishlarini samarali tashkil etish va jinoyatchilikka qarshi kurashishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Nasimjon YUNUSOV
