Muhammadsharif So‘fizoda 155 yoshda
Mutaassiblik va mustamlakachilik ruhi qorishgan o‘zbek jamiyatida yashagan, yashashga majbur bo‘lgan shoir, ma’rifatparvar Muhammadsharif So‘fizodaning ziddiyatli hayotini, jaholat bilan chiqishmagan va unuga toqat qilolmagan o‘jar, qaysar fe’l-atvorini, xalqimiz ong-u shuuridagi mudrayotgan ilm-fanga chanqoqlik kodini uyg‘otishga qaratilgan isyonkor ijodini o‘rganish, tadqiq qilish, yosh avlod tafakkurini hamisha ehtiromga sazovor shaxsning ibratli ishlari, yangicha qarashlari bilan to‘yintirish bugunning dolzarb vazifalaridan biridir. Biz yangi davr ostonasida yashayotganimiz, yangi jamiyat qurishga astoydil bel bog‘laganimiz bot-bot ta’kidlanar ekan, bu borada Muhammadsharif So‘fizoda qoldirgan boy ijodiy merosning ta’siri salmoqli bo‘lishiga ishonchimiz komil. Taassufki, hamon milliy mahdudlik qolipidan butkul xalos bo‘lolmayotgan mute’lik va qullik psixologiyasi Muhammadsharif So‘fizoda hayoti va ijodini o‘rganishdagi turg‘unlikda ham yaqqol ko‘zga tashlandi. Qachonki, Prezident Shavkat Mirziyoyev Muhammadsharif So‘fizoda, Is’hoqxon Ibrat, Chustiy, Usmon Nosir kabi namanganlik qalam sohiblariga alohida e’tibor zarurligini ta’kidlamagunga qadar bu masala tor doirada, ayrim institutlar kabinetlarida, oliy o‘quv yurtlari auditoriyalarida, ya’ni umumadabiy jamoatchilik va bu ishga daxldor mutasaddi tashkilotlarda mazkur mavzu qiziqish uyg‘otmadi.
Hayriyatki, boshqa salaflari qatorida Muhammadsharif So‘fizoda hayoti va ijodini o‘rganishda ham yangi davr boshlandi. Bugun maktab kutubxonalaridan shoir kitoblarini topolmayotgan o‘quvchi uchun endi mutolaa imkoniyati tug‘ilmoqda. Hozirgacha amalga oshirilgan ilmiy taqdiqotlardagi umumo‘xshashlik o‘rnini endi yangicha qarashlar egallamoqda.
Sanalar aro sarsonlik
Ikkinchi uyg‘onishdan keyingi mutaassiblik davridan toki XX asr 60-yillariga qadar o‘zbek jamiyati mahalliy boshqaruvida tavallud sanalari reyestrini olib borish va uni arxivlashtirish jarayoniga befarqlik, loqayd munosabat kuzatiladi. Hozir ham qaysi o‘zbek xonadonidan so‘rasangiz kimningdir tavallud yili yoki kuni noto‘g‘ri yozilgani haqidagi ma’lumotni aytishadi. Masalan, bizning padari buzrukvorimiz Qo‘ymurod ota aslida 1929-yilda tug‘ilganlar va u kishining sinfdosh do‘stlari buni tasdiqlashadi. Biroq Mamatvali bobomiz baxtsiz hodisa tufayli ikki oyoqlaridan ajralganlaridan keyingi sarson-sargardonlik paytida otamizning tavallud sanasi aniq yozib qo‘yilmagan. Faqat harbiy xizmatga chaqirilganlarida u kishining tavallud yili 1936-yil deb ko‘rsatilgan va bu ma’lumot passportlariga ham ko‘chib o‘tgan. Bunaqa chalkashliklar shoir va yozuvchilar tarjimai holida ham uchrab turadi. Deylik, Odil Yoqubov 1928-yil tug‘ilgan bo‘lsa-da, frontga jo‘nash ishtiyoqi sabab bu sanani bir yoshga kichraytiradi. Shuning uchun ham Odil Yoqubov tug‘ilgan yil turli manbalar va darsliklarda goh 1927, goh 1928 tarzida ko‘rsatiladi. Ona tili va adabiyot o‘qituvchilari bilan muloqot jarayonida Shoira Oripova otasi Abdulla Oripov aslida 1942-yil tug‘ilganini, lekin Orif bobo ertaroq oliy o‘quv yurtiga jo‘natish maqsadida uning yoshini bir yilga ulg‘aytirganini tilga oladi. Taniqli munaqqid Olim Oltinbek “Rauf Parfi qachon tug‘ilgan?” nomli maqolasida shoir tavallud sanasi bilan bog‘liq rasmiy ma’lumotlardagi chalkashliklar xususida batafsil mulohaza yuritadi. Abdulla Qodiriy tavallud topgan kun ham ramziy ravishda 10-aprel sifatida belgilangani adabiy jamoatchilikka sir emas.

Xullas, jamiyat ijtimoiy hayotidagi nomutanosiblik oqibatida bir toifa ziyolilarning tavallud sanalari hali-hanuz ilmiy va adabiy jamoatchilik o‘rtasida bahs-munozalarga sabab bo‘lmoqda. Jumladan, Muhammadsharif So‘fizoda tug‘ilgan yilni belgilash masalasida jamoatchilik hamon bir to‘xtamga kelmadi. Garchi 1934-yilda shoir tavalludining 65yilligi, 1969-yilda 100 yilligi, 1989-yilda 120 yilligi bir guruh tashabbuskor ziyolilar tomonidan nishonlangan bo‘lsa-da, marhum akademik Naim Karimov o‘zining “So‘fizoda qachon tug‘ilgan?” nomli maqolasida bu sanani 1869-yil emas, balki 1870-yil deb belgilash maqsadga muvofiqligini ta’kidlaydi. Chustlik so‘fizodashunos Xusaynxon Orifiy ham “Yangi O‘zbekiston” gazetasining 2021-yil, 9-oktyabrdagi 201-sonida e’lon qilingan “Erksevar shoir yoxud “O‘zbekiston xalq shoiri” unvonining Ilk sohibi” nomli maqolasida bu ma’lumotni qo‘llab-quvvatlaydi.
E’tirof etish kerakki, Muhammadsharif So‘fizoda tavallud topgan sanani boshqacha ko‘rsatgan tadqiqotchilar ham qaysidir manbaga asoslanishadi. Har qaysi tadqiqotchi o‘zi arxividan topgan manba asosida mulohaza yuritaversa, bunaqada qachon tong otadi, Muhammadsharif So‘fizodaning yubileyi qachon o‘tkaziladi? Taklifimiz shuki, manbaalardagi ma’lumotlarning rang-barangligini hisobga olib, Muhammadsharif So‘fizoda tavallud sanasini shartli ravishda 1870-yil deb qabul qilinishi har jihatdan o‘zini oqlaydi. Ikki mo‘tabar So‘fizodashunos shu ma’lumotni ma’qullamoqda va mazkur ma’lumotga rasmiy tus berilsa, bundan hech kim, hech bir manba zarar topmaydi. Eng muhimi, bunday kelishuv o‘qituvchi va o‘quvchilar uchun g‘oyat foydalidir.
Taxallus bilan bog‘liq taxmin
Ma’lumki, Muhammadsharif So‘fizoda o‘z vaqtida “Vahshiy” adabiy taxallusi bilan mashhur bo‘lgan, muxlislari tomonidan uni vahshiy deb chaqirish yoki ko‘rsatish odat tusiga kirgan.Albatta, Bugungi yosh avlodda “O‘zi ma’rifat uchun kurashgan fidoyi shoir nima sababdan she’rlarida “Vahshiy” taxallusini qo‘llagan?” degan savol tug‘ilishi tabiiy. Ushbu savolga shaxsiy mulohazalarimiz asosida javob berishga urinib ko‘ramiz.
XIX asr so‘nggi choragi va XX asr boshlarida Qo‘qon adabiy muhitida satira hamda yumor ruhi nihoyatda kuchli bo‘lganini ko‘pchilik yaxshi biladi. Sobir Abdullaning “Mavlono Muqimiy” nomli romanida shu davr adabiy jarayonining diqqatga sazovor jihatlari batafsil yoritilgan. Ayonki, Muhammadsharif So‘fizoda kabi devqomat va do‘lvor tabiatli shoirning achchiq kulgiga yo‘g‘rilgan ayovsiz tanqid ruhiga to‘yingan she’rlari Qo‘qon adabiy muhiti zabardast vakillarida ajib taassurot uyg‘otgan. Shoir fe’l-atvoridagi qaysarlik va qat’iyat, ijodidagi ayovsiz satira ruhiga munosib taxallus tanlash masalasida o‘sha adabiy davralarda bir qarorga kelingan bo‘lishi mumkin. Taxallus tanlash bobida ustasi farang bo‘lgan Qo‘qon adabiy muhiti o‘zi tanglayini ko‘targan shoirga “Vahshiy” taxallusini berishi – mantiqan inkor etib bo‘lmaydigan voqea. Yozilmagan qonunlariga ko‘ra, adabiy davralar bu borada qandaydir qiyosga asoslanadi. Xo‘sh, Qo‘qon adabiy muhiti “Vahshiy” taxallusini tanlashda qaysi qiyosga asoslanganini biror taxmin, faraz bildirsa bo‘ladimi? Albatta!
Islom dini tarixi bilimdonlari Vahshiy ibn Harb al-Habashiy haqidagi ma’lumotlarni yaxshi bilishadi. Quraysh qabilasi boshliqlaridan biri Jubayr ibn Mutimning quli bo‘lgan Vahshiy islom dinini qabul qilishidan oldin Uhud jangida payg‘ambarimiz amakilari Hamzani o‘ldirib, musulmonlarga musibat yetkizgan. Nayza uloqtirishda benazir hisoblangan Vahshiy hojasining topshirig‘iga binoan bu ishni bajargan va keyinchalik qilgan ishidan o‘kinib, tavba-tazarru bilan Islom diniga o‘tgan, o‘zining gunohini yuvish maqsadida islom dinining eng yirik dushmanlaridan biri Musaylimani o‘ldirgan. Vahshiy tarixi uning tabiatida haqiqatga tik boqish mavjudligini ko‘rsatadi. Bu jihat Muhammadsharif So‘fizoda fe’l-atvorida ham mujassam edi. Qo‘qon adabiy muhiti mazkur ikki musulmon tabiatidagi uyg‘unlikni hisobga olib, “Vahshiy” taxallusini Muhammadsharif So‘fizodaga ravo ko‘rgan bo‘lsa, ne ajab?
Unvon borasida savol
Axborot texnologiyalarining shiddat ila taraqqiy topishi, ijtimoiy tarmoqlar orqali bitmas-tuganmas xabarlarning tarqalayotgani aholining barcha qatlamlarida, xususan, yoshlarda har bir masalaga savol nazari bilan qarash immunitetini shakllantirmoqda. Bugungi o‘quvchi Muhammadsharif So‘fizoda hayoti va ijodini o‘qib-o‘rganar ekan, uni birinchi O‘zbekiston xalq shoiri sifatida taniydi. Shoirga bu unvon 1926-yil berilgani haqidagi ma’lumot esa uning shuurida javobsiz savollar tug‘diradi: “Muhammadsharif So‘fizoda yoki Hamzaga berilgan unvon nima sababdan biz ardoq bilan o‘rganayotgan Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon kabi atoqli siymolarga ravo ko‘rilmagan?”
O‘quvchida tug‘ilajak savolga jo‘yali javob topish maqsadida shaxsiy kutubxonamizdagi, ijtimoiy tarmoqlardagi, shu jumladan, vikipediadagi ma’lumotlarni o‘rganib chiqdik. Ma’lumotlarga qaraganda, hozirgacha 32 nafar ijodkor “O‘zbekiston xalq shoiri”, 28 nafar ijodkor esa “O‘zbekiston xalq yozuvchisi” unvoni bilan taqdirlangan. Qayd etilgan O‘zbekiston xalq shoirlari qatoriga Gʻulomjon Ro‘ziboyev, Nazirjon Akbarov, Yunusqori Yusupov kabi san’atkorlar ham qo‘shib yuboriligan. Ayni chog‘da, ro‘yxatdan Muhammadsharif So‘fizoda va Rauf Parfi o‘rin olmagan. O‘zbekiston xalq yozuvchilari ro‘yxatida esa Hamza Hakimzoda Niyoziy nomi mavjud. Lekin Erkin A’zam nomi ko‘rinmaydi. O‘ylaymizki, Vikipediadagi bu noaniqliklar jonkuyar mutasaddilar tomonidan to‘g‘rilab qo‘yiladi.

Ko‘rinib turibdiki, xalq shoirlari va yozuvchilari ro‘yxatida Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Cho‘lpon, Usmon Nosir nomlari yo‘q. Gʻofur Gʻulom, Oybek, Uyg‘un, Abdulla Qahhor kabi XX asr 30-yillarida faol ijod qilgan qalamkashlar faqat 60yillik yubileylari munosabati bilangina tegishli unvonlar bilan mukofotlanishgan.
Yuqoridagi ma’lumotlardan xulosa qilish mumkinki, ijodkorlarga beriladigan va ilk bor Muhammadsharif So‘fizoda va Hamza Hakimzoda Niyoziy 1926-yilda taqdirlangan rasmiy unvonga toki o‘tgan asrning 60-yillarigacha boshqa bir shaxs loyiq topilmagan. Bunga sabab sifatida XX asr 30-50-yillaridagi shaxsga sig‘inish va qatag‘on jarayonini ko‘rsatish mumkin. Har bir jon tahlikada yashagan mash’um repressiya davrida mutasaddilar biror ijodkorni tegishli unvon bilan siylashga jazm etisholmagani shubhasiz. Balki shuning uchundir Muhammadsharif So‘fizoda birinchi bo‘lib, “O‘zbekiston xalq shoiri” unvoniga ega bo‘lgani uzoq vaqt unutildi va jamoatchilik yodidan ko‘tarildi. Nihoyat, kech bo‘lsa-da, yana adolat tiklandi va ma’rifatparvar shoir “O‘zbekiston xalq shoiri” unvonining birinchi sohibi sifatida tilga olinmoqda.
Xulosa
Mamnuniyat ila izhor etamizki, tegishli mutasaddilarning sa’y-harakatlari va tashabbuslari bilan Muhammadsharif So‘fizoda hayoti va ijodiga oid e’tirofga munosib tadqiqotlar, shoir ijodidan namunalar Ilk bor bir muqova ostiga jamlandi. Shoirning muxlislari, o‘qituvchi va o‘quvchilar endi tegishli ma’lumotlarni, she’rlarni mazkur kitobdan qiynalmay topib o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lishmoqda. Buning uchun mutasaddilarga har qancha minnatdorchilik bildirsak arziydi.
Muhammad VALI, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, adabiyotshunos
