Haydovchilik guvohnomasi har bir fuqaroga, har bir oilaga, har bir tashkilotga birinchi navbatdagi hayotiy zarurat hisoblanadi.
Uzoq payt tortishuvlardan keyin Senat bir yil davomida yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun 12 martadan ortiq qoidabuzarlik uchun to‘plangan jarima ballariga asosan haydovchilik huquqidan xuddi hozirgiday (avtomatik ravishda kelayotgan jarimalarga o‘xshab) haydovchilik huquqidan mahrum qilish mumkinligi haqidagi qonunni qabul qildi.
Qaysi qoidabuzarlik uchun qancha jarima ballari belgilanishi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanar ekan.
Jarima ballarini belgilashda yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzilishi, masalan svetoforni qizil chirog‘ida o‘tib ketsa, mast holda transport boshqarsa haydovchilik huquqidan mahrum qilinsa adolatli bo‘ladi.
Lekin, “beayb faqat Parvardigor”, deganlaridek har bir haydovchi hattoki u olim, vazir, prokuror, hokim, oddiy kirakash taksist bo‘lsa ham ba’zan o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holda yo‘l chizig‘ini bosib qo‘yishi mumkin. Yoki belgilanmagan joyda to‘xtash kabi nisbatan xavfli bo‘lmagan oddiy qoidabuzarlik sodir qilishi mumkinligini hisobga olish zarur edi. Bir yilda 12 marta chiziq bosibsan deb haydovchilik huquqidan mahrum qilinsa juda ko‘p fuqarolar jabr ko‘radi. Ishidan, tirikchiligidan, oilasini boqish manbaidan ajraladi. Oqibatda tushkunlikka tushib boshqa jinoyatlar ham qilishi mumkin.
Adolat va haqiqat bo‘lishining tarafdori ekanmiz, bir qoidabuzarlik uchun haydovchi bir marta jazolanishi kerakligini esdan chiqarmaslik zarur. Hozirgi amaliyotda esa bir qoidabuzarlikka ko‘plab haydovchilar ikki martadan jarima to‘layaptilar.
Masalan yo‘l harakati qoidasini buzgan haydovchini avtomashinasi ilgari YHXBga qarashli jarima maydonlarida saqlanar edi. Hozir esa xususiy shaxslarga tegishli joylarda saqlanib fuqaro YHXBda jarimani to‘lab chiqqach, avtomashinasini olish uchun yana jarimasidan ko‘p bo‘lgan summani xususiy “stoyanka” egasiga to‘lamoqda. Bu bilan u ikki martadan moddiy jazolanmoqda.
Yangi qabul qilingan qonunga ko‘ra esa fuqaro ilgari ikki martadan jazolangan qoidabuzarlik uchun umumlashtirilgan holda uchinchi marta jazolanib, haydovchilik huquqidan mahrum qilinadi.
Afsuski biz oddiy saylovchilar bizning fuqaro sifatidagi huquqlarimizni himoya qiladi deb o‘ylab saylagan biror deputat yoki Senator masalani bu tomonlarini o‘ylab ham ko‘rmadi. Oliy Majlisda qonun loyihasini taqdim qilayotgan YHX vakiliga savol ham bermayapti, o‘z fikrini ham aytmayapti. Oliy Majlis esa biz kabi oddiy saylovchi fuqarolarni taklif qilib, fikr so‘ramayapti, YHXB vakiliga oddiy saylovchi, haydovchi sifatida savollarimizni berishga sharoit yaratilmayapti. Bir tarafni fikri bilan qonun qabul qilinmoqda. Boz ustiga YHXBga qonunchilik tashabbusi huquqi berilmagani e’tiborga olinmayapti!
Shuning uchun ushbu qonun Senatda qabul qilingan bo‘lsada Prezidentimiz imzolaguncha kuchga kirmasligini hisobga olib, oddiy fuqarolar manfaatlarini himoya qilish uchun tuzilgan jamoat tashkilotlari ushbu masalada o‘z fikrlarimizni Prezidentimiz nomiga ham yuborib ushbu Senat qabul qilgan qonunni konstitutsiyamizga ham muvofiqligini shoshilmay o‘rganib chiqilishini taklif qilishimiz kerak.
Abdusattor IRANOV,
Namangan shahar, “Ravnaq” MFY, Yunus Rajabiy ko‘cha
11-uyda yashovchi oddiy saylovchi
