Mamlakatimizda xotin-qizlarning ta’lim olishi uchun imtiyozlar katta. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, respublikadagi jami OTMda tahsil olayotgan talabalar milliondan oshiq va xotin-qiz talabalarning ulushi yuqori. Ularni malakali bilim olishlari hamda ma’naviy, moddiy qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor berilmoqda.
Jumladan, Namangan shahar oila va xotin-qizlar bo‘limi tomonidan “Ayollar daftari” jamg‘armasi hisobidan oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan bir guruh xotin-qizlarga kontrakt pullari qoplab berildi.
Namangan shahar hokimining o‘rinbosari Dilorom Abdurahimova Oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan xotin-qizlar bilan uchrashdi.


Uchrashuvda so‘nggi yillarda Prezidentimiz tomonidan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan tizimli ishlar, yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlar to‘g‘risida ma’lumot berilib uchrashuv davomida “Ayollar daftari” jamg‘armasi hisobidan sakkiz nafar xotin-qizga to‘lov kontrakt pullari o‘tkazildi.
– Biz qizlarni o‘qitsak, butun bir oilani o‘qitgan bo‘lamiz. Shu asnoda oliy ta’limda ham qizlarni o‘qishi, bilim olishi uchun bir qator imtiyozlar yaratib berildi. Xotin-qizlar uchun alohida kvotalar ajratildi, kontrakt to‘lovi uchun foizsiz imtiyozli kreditlar berilishi, magistraturaga o‘qishga kirgan xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari 100 foiz davlat tomonidan qoplab berilmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad, avvalo ayolni, shu orqali jamiyatni, kelajak avlodni bilimli qilishdir, – deydi Dilorom Abdurahimova.
Shahrimizning “Gʻishtko‘prik”, “Ozod”, “Yangi yo‘l”, “Nurafshon”, “Bo‘ston”, “Lola”, “Ziyokor” mahallalari fuqarolari – “Ayollar daftari”da turuvchilarga mana shunday yordam ko‘rsatildi.

– Biz kabi ayollarga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatilayotganidan shaxsan o‘zim mamnunman, – deydi “Bo‘ston” mahallasi vakili, Turon xalqaro universiteti Namangan filiali 3-kurs talabasi Gulxayo Xo‘jayeva – Shu tufayli bugungi kunda bilimlarimni mustahkamlab, kasbiy mahoratimni ham oshiraman. Berilgan imtiyoz boshlang‘ich ta’limdagi faoliyatimga ijobiy ta’sir qilishi shubhasiz.
Mana shunday ko‘makdan bahramand bo‘lgan yana bir hamshahrimiz o‘z fikrini quyidagicha bildirdi.
– Kontrakt pulini davlatimiz tomonidan qoplab berilishi nafaqat oliy ma’lumot olishdagi, balki oila ravnaqi hamda farzandlar tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lishda ham imkoniyat yaratmoqda. Balki jamiyat hayotida o‘z o‘rnimni topishimda ahamiyati katta. Shu orqali bizga ko‘rsatilgan yordam uchun o‘z minnatdorchiligimni bildiraman, rahmat – deydi “Yangi yo‘l” mahallasida yashovchi, Toshkent Kimyo xalqaro universiteti Namangan filiali 2-bosqich talabasi Muazzam Hoshimova. Bundan ko‘rinib turibdiki, yurt taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish orzusi bilan oliy ta’lim muassasalarida o‘qib, kasb o‘rganib, izlanib, turli sohalarda ilmiy ish qilishni, olima bo‘lishni ko‘ngliga tukkan xotin-qizlarning kontrakt pullari to‘lab berilayotir. Kam ta’minlangan oilalar va yordamga muhtoj xotin-qizlarga moddiy, ma’naviy ko‘mak berilmoqda.

Feruza QAHHAROVA
