Farog‘atli Farida opa

Postni ulashish:

Har bir inson yoshi ulg’aygan sari bosib o’tgan umr yo’lini hisob-kitob qiladi. Qanday yashadim, nimalar qildim, insonlarga nafim tegdimi, nimalarga ulgurdimu, yana nimalar qilishim mumkin, el-yurt mendan rozimi, deb o’ziga-o’zi savol beradi. O’tgan kunlar birma-bir xayolga cho’mdiradi.

Dunyoda halol yashab, xush xulq, ezgu ishlar bilan yaxshi nom qoldirishga nima etsin. Aslini olganda hayotning asl mazmuni ham shunda.

Farida To’rajonova ham balog’at yoshiga etgunga qadar ne-ne orzular og’ushida yorug’olamdan bahramand bo’lardi. Qanday sababki, 10-sinfda o’qiyotgan paytda ko’zlaridagi dard tufayli o’tkazilgan jarrohlik amaliyotidan so’ng uni taqdir charxpalagi zulmatga uloqtirdi. Bunday boshga tushgan sinovlarni irodasi kuchli, matonatli insongina engib o’ta oladi.

Buning uchun u g’oyibona ustozlari Habiba Oxunova, Maryam Sattorova, Tursunoy Mamedova kabi san’at ustalarining qo’shiqlarini tinglab, ruhiy taskin topardi, tushkunlikni engardi. 

 San’atga bolaligidan qiziqqan Farida opa 1991-yilda Kosonsoydagi 45-maxsus maktab-internatini yakunlab, u erda ustozi Farhodjon Mamajonovdan musiqa sirlarini o’rgandi. Shundan keyin Namangan madaniyat kollejida o’qib, 2007 yilda namunali xulq bilan tamomladi.

Jamoat ishlarida faol va turli tadbirlarda muntazam qatnashib, faxriy yorliq va tashakkurnomalar bilan taqdirlandi. Mashhur bastakor Shermat Yormatov fotihalarini olgan. Bastakor Rustam Abdullaev va Avaz Mansurovlar Farida opaning qobiliyatini ijobiy baholashgan. Konservatoriyaga taklif etilganida imkoniyat yo’qligi sabab, u erda o’qish nasib etmagan. Yillar davomida madaniyat bo’limlarida to’garak rahbari vazifalarida mehnat qilgan bo’lsa, 2017-yildan hozirgi kunga qadar Namangan shahridagi 5-madaniyat uyida ishlab kelmoqda.

To’garak rahbarligi vazifasida folklor qo’shiqchiligi hamda Brayl yozuvidan imkoniyati cheklangan I va II guruh nogironligi bor aholi vakillariga saboq beradi.

To’garaklarga turli yoshdagi 7 yoshdan 70 yoshgacha bo’lgan ko’zi ojiz fuqarolar jalb etilgan. Brayl yozuvi to’garagida 21, folklor yo’nalishida 25 nafar a’zolar ishtiroki ta’minlangan.

– Maqsadimiz maktabni tugatmay uyda o’tirib, ko’zi ojiz yoshlarni izlab topib, ularni ruhiy tushkunlik holatidan olib chiqish, hayotga qiziqishlarini orttirish, bo’sh vaqtlarini mazmunli o’tkazish, milliy qadriyatlarimizning bir qismi bo’lgan xalq og’zaki ijodi namunalaridan doira jo’rligida qo’shiqlar o’rgatish – deydi Farida opa. – Shuningdek, ularni qiziqqan kasbga yo’naltirib, oliy o’quv yurtlariga hamda kasb-hunar texnikumlarida o’qishlari uchun har tomonlama amaliy ko’mak berish.

Farida opa nafaqat shahar, viloyat, balki respublika miqyosida o’tkaziladigan san’at bayramlari, sayillari, davlatimizning muhim sanalari tadbirlarida faol qatnashib, hamkasblari bilan madaniy xizmat ko’rsatib keladi. Faoliyati davomida she’riyat bilan ham shug’ullanib turadi. Respublika ko’zi ojizlar markazi nashri bo’lgan “bir safda” gazetasida bir qator she’rlari chop etib kelinmoqda.

Opamizning mehnatlari davlatimiz tomonidan yuksak qadrlanib, 2023-yilda Mustaqilligimizning 32 yillik tantanasida Prezidentimiz farmoniga ko’ra “jasorat” medali bilan mukofotlandi. 

Qahramonimiz ayni paytda aholi orasidan iste’dodlarni izlab, ularni ko’rik-tanlovlar va tadbirlarda iqtidorlarini xalqqa tanitish, shuningdek, ijodlaridan bahramand qilish bilan band. Opaning yonlarida Oybek Hasanov, Dilnoza Ahmadjonova, Gulchiroy Mavrutalieva, Husnida Qo’shmonova kabi shogirdari hamisha birga.

Nasimjon YUNUSOV

Aloqador maqolalar

Сессия бўлиб ўтди

Халқ депутатлари Наманган шаҳар Кенгашининг навбатдаги XXIV сессияси бўлиб ўтди. Сессияда дастлаб шаҳар прокуратурасининг 2026-йилнинг учинчи чорагида қонунийликни мустаҳкамлаш...

Ҳаёти асраб қолинганлар дуосида яшайсиз, доктор!

Тиббиёт фанлари номзоди, Соғлиқни сақлаш аълочиси Тошпўлат Абдукаримов. У — нафақат Наманган вилояти, балки водий тиббиётидаги энг моҳир...

Баҳодир РАҲИМОВ, Наманган шаҳар тиббиёт бирлашмаси раҳбари:“ТИББИЁТДАГИ ИСЛОҲОТЛАР НАТИЖАСИ — ИНСОН САЛОМАТЛИГИДА НАМОЁН БЎЛМОҚДА”

Мамлакатимизда соғлиқни сақлаш тизимини такомиллаштириш, тиббий ёрдам сифатини ошириш, аҳолига қулай ва замонавий тиббий хизмат кўрсатиш масалаларига алоҳида...

Хўжа амин мақбараси

Наманган шаҳрининг Чорсу ҳудуди яқинида меъморий ёдгорлик –Хўжа Амин мақбараси жойлашган. Мақбара XVIII асрнинг иккинчи ярмида, Наманган Фарғона...