Bugungi yangilanayotgan iqtisodiy-ijtimoiy jamiyatda tadbirkorlik faoliyatining rivojlanishi hamda taraqqiy etishi, shuningdek, raqobatbardosh iqtisodiyotning samaradorlik va bozor islohotlarining muvaffaqiyatlilik darajasiga ta’sir etuvchi eng muhim omillardan biri hisoblanadi.
Bundan ko‘zda tutilgan eng muhim vazifalardan biri iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy mulk huquqini himoya qilish va uning ustuvor mavqeini yanada kuchaytirish, kichik biznes va tadbirkorlikni rag‘batlantirishga qaratilgan. Mamlakatimizda, xususan Namangan shahrida kichik biznes va tadbirkorlik sub’yektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, aholi bandligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ishlab chiqarishning barcha tarmoqlari qatori tadbirkorlarning faoliyatini har tomonlama rivojlantirish borasida hududlarda o‘z ishini yo‘lga qo‘ygan biznes vakillari soni ortib bormoqda.
Shulardan biri shahrimizning “Sharshara” mahallasida tashkil etilgan plastmassa idishlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Namangan plast servis” korxonasi o‘z faoliyatini rivojlantirayotgan tadbirkorlik sub’yektlaridan hisoblanadi. Bugungi kunda mazkur sub’yektda 40 ta ish o‘rinlari yaratilgan. Tayyorlanayotgan mahsulotlarni Qirg‘iziston, Tojikiston va Qozog‘iston respublikalariga eksport qilib kelmoqda. Bu yerda 10 grammdan 100 litrgacha bo‘lgan 400 xil turdagi xilma-xil rangdagi plastmassa idishlar hamda pardozlash bo‘yoqlari qadoqlanadigan chelaklar tayyorlanadi.

Shuningdek, quruq qorishmali mahsulotlarga, tozalik vositalariga, ichimlik suviga hamda o‘simlik yog‘i uchun mo‘ljallangan “pet baklashkalari” ishlab chiqariladi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga umuman ikkilamchi xomashyo ishlatilmaydi. Xalqaro standartlarga javob beradigan mahsulotlar granula va yarim tayyor xomashyodan tayyorlanib, mamlakatimizdagi korxonalardan olinadi hamda Xitoydan import qilinadi.
Ishchilar asosan shu mahallaning aholi vakillaridan iborat. Mahalla raisining tavsiyasi bilan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” ro‘yxatida turuvchi fuqarolar ishga qabul qilingan.
Ma’suma Inomova, Madina Qozoqova, Marg‘uba Muhiddinova kabi ishchilar “Ayollar daftari” ro‘yxati turuvchi shaxslar.
– Men shu korxonada ishlayotganimdan mamnunman, – deydi “Ayollar daftari”da turuvchi Madina Qozoqova. – Chunki ish joyim xonadonimdan uzoq emas. Yo‘l kira, tushlikka sarflanadigan xarajatlarim tejaladi. Oilaviy byudjetimga baraka kirmoqda. Ish sharoitlari yaxshi.
“Yoshlar daftari”dagi Abbos Mamajonov, Sobitxon Normirzayev, Sirojiddin Abduqodirov bilan muloqotimiz ham o‘ziga xos tarzda kechdi.
-Mahallamizda mana shunday ishlab chiqarish sub’yektlarining tashkil etilishi men kabi yoshlarga ayni muddao bo‘ldi. Boshqa tengqurlarim kabi oilamdan olis xorijda emasman, – deydi Abbos Mamajonov. – Ota-onam, yaqinlarim bag‘ridaman. Ish jarayonlari ham og‘ir emas. Korxonada mehnat sharoitlari va ijtimoiy-me’yoriy qulayliklardan qoniqish hosil qilaman.

Yiliga bir milliard so‘mdan ziyod mahsulot ishlab chiqarayotgan korxona bugun faoliyatini kengaytirishi uchun yangi joy olish hamda gaz masalasidagi muammolari hal etilishi bilan qo‘shimcha zamonaviy jihozlar o‘rnatiladi va yana yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
– Dastlab tadbirkorlikni bitta uskuna hamda bir nafar ishchi bilan o‘zim mustaqil ravishda boshlaganman, – deydi “Namangan plast servis” korxonasi rahbari Obidxon Normirzayev. – Biznesga kirib kelishimga asosiy sabablardan biri 2016-yilda qurilish bozorini aylanib yurganimda sotuvchilarda pardozlash uchun ishlatiladigan “aseton” suyuqligini quyishga mo‘ljallangan idishlarga ehtiyoj borligini sezib qoldim. Shu tariqa bozorni obdon o‘rganib, internet orqali plastmassa idishlar tayyorlaydigan uskuna va jihozlarni izlashga tushdim. Mana yildan-yilga ishchilar soni, mahsulot turlari, daromadimiz ham ortib bormoqda. Faoliyatimning yuksalishidagi ikkinchi jihat padari buzrukvorimning maslahatlari va duolari sharofatidan deb bilaman.
Tadbirkor bilan suhbat chog‘ida biroz ma’lumotlarni olishga qiynaldik. Sababi uning qo‘l telefoni tinmaydi. Bo‘sh vaqtining o‘zi yo‘q. Suhbat davomida Qirg‘izistondan buyurtma olinayotganligining guvohi bo‘ldik.
Buyurtmalar ko‘p. Yangi Namangan tumanidagi “Namangan porloq ta’mirlash servis”ning “Ko‘ksaroy” brendi mahsulotlariga hamda shu tumandagi “Usta savdo” MCHJ, “Atlas” nomi ostida tayyorlanayotgan rangli bo‘yoqlari va viloyatimizdagi boshqa ko‘plab ishlab chiqarish korxonalariga plastmassa idishlar tayyorlab berilmoqda. Mamlakatimizning bir nechta viloyatlardan, ayniqsa, qo‘shni respublikalardan tushayotgan taklif va buyurtmalarni esa aytmasa ham bo‘ladi.
Nasimjon YUNUSOV,
“Namangan sadosi” maxsus muxbiri
