Namangan shahar bolalar shifoxonasi bugunga kelib, kasalxona emas, balki mehr ulashuvchi maskanga aylangan. Bemorlar va tashrif buyuruvchilar uchun bir qator shart-sharoitlarning borligi bilan boshqa davolash muassasalaridan ajralib turadi. Boisi, mazkur maskanda faoliyat olib borayotgan shifokorlar barcha bemorlarga o‘zgacha mehr bilan qarashadi.
Uch yuz o‘ringa ega davolash muassasasida yangi dunyoga kelgan chaqaloqdan tortib, o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan bolalar davolanadi. Bu yerda kunning yigirma to‘rt soati davomida bemor bolalarga tibbiy muolajalar ko‘rsatilib, ularga qabul jarayonidan kasalliklari bo‘yicha tashhis qo‘yish amaliyotlari olib boriladi.
Mazkur maskanda 2019-2021 yillar davomida 32 mlrd. so‘m mablag‘ evaziga rekonstruksiya va qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Barcha kerakli zamonaviy apparatlar bilan ta’minlandi. Muassasada 11 ta davolash va 10 ta yordamchi bo‘limlar mavjud bo‘lib, hozirgi kunda 600 nafarga yaqin xodimlar faoliyat olib bormoqda.

– Shifoxonamizda nafas olish, qon aylanish, ovqat xazm qilish a’zolari, asab tizimi, teri to‘qimalari, suyak mushakda hamda tana tug‘ma nuqsonlari bor bemorlar, perenatal davrda paydo bo‘ladigan hamda turli jarohatlanishlarda kelib chiqqan kasalliklar davolanadi. Shuningdek, ayrim yuqumli va parazit, endokrin kasalliklari kabi ko‘plab xastaliklar davolab kelinmoqda, – deydi davolash ishlari bo‘yicha bosh vrach o‘rinbosari Fayzullo Mamatvaliyev. – Shu bilan birga shifoxonaning jarrohlik bo‘limida: gernitomiya churralarni kesish, laboratomiya exinoektomiya, gemangiomalarni olish, lor bo‘limida: endoskopik mikrogaymorotomiya, septoplastika, vazotomiya, adenotomiya, tonzilektomiya, burun polipotomiyasi, quloqni radikal operatsiyasi, antrotomiya kabi turli jarrohlik amaliyotlari ham o‘tkaziladi.
Mazkur tibbiyot muassasasida muolaja olayotgan barcha bemorlar va ularning yaqinlari yaratilgan barcha sharoitlardan mamnun. Buni quyidagi bemor bolaning onasi bildirgan fikr-mulohazalariga e’tibor qaratamiz:

-Bolajonimning salomatligi kundan-kunga yaxshilanib, kuchga to‘lib bormoqda. Shifokorlar tunu kun o‘z vaqtida muolajalarni qilishadi. Umuman bu yerda farzandlarimiz ishonchli qo‘llarda ekanligini ko‘rib xotirjam bo‘lamiz, – deydi bemor bolaning onasi Mohichehra Muhammedova.
Darhaqiqat, bugun yurtimizda aholi salomatligi, ayniqsa yosh avlodning sog‘lom o‘sib-ulg‘ayishi yo‘lida ko‘plab xayrli yumushlarga e’tibor berib kelinmokda. “Sog‘lom onadan – sog‘lom bola” degan tamoyil asosida chaqaloqni sog‘lom tug‘ilishi, uni parvarish qilish uchun davlat siyosati darajasida qaralmoqda. Bu esa jamiyatimizda onalarning salomatligiga yanada jiddiy e’tibor qaratiladi hamda barkamol farzandlar dunyoga kelishiga zamin yaratadi.
Ulug‘bek SOBITOV, jamoatchi muxbir
