Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Sloveniyaga rasmiy tashrifi va Lyublyana shahrida Sloveniya Respublikasi Prezidenti Natasha Pirs Musar bilan birgalikda o‘tkazilgan qo‘shma biznes forumi ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

O‘zaro manfaatli iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga qaratilgan forumda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ko‘tarilgan muhim tashabbuslar – farmasevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, elektrotexnika va oziq-ovqat sanoatida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, meva-sabzavotlarni saqlash va qayta ishlash sohasida investisiyaviy hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan takliflar ikki tomonlama aloqalarning pragmatik va amaliy mohiyatini yaqqol ko‘rsatadi.
Ayniqsa, “yashil” energetika sohasidagi hamkorlikka oid g‘oyalar – kelajak avlodlar oldidagi mas’uliyatni anglab yetish, barqaror rivojlanish yo‘lida birgalikda harakat qilishga tayyorlikning yaqqol ifodasidir.
Shu bilan birga, transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, jumladan Sloveniyaning strategik ahamiyatga ega “Koper” porti imkoniyatlaridan samarali foydalanish, shuningdek to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalalari ikki mamlakat o‘rtasidagi logistika salohiyatini yangi bosqichga olib chiqishi shubhasiz.
O‘zbekiston tomonidan Sloveniya fuqarolari uchun joriy etilgan vizasiz tartib – amaliy va insonparvar siyosatning namunasidir. Bu qaror nafaqat ishbilarmonlar, balki turistlar va ta’lim, madaniyat, fan sohalari vakillari uchun ham keng imkoniyatlar eshigini ochib beradi.
O‘zbekiston va Sloveniya – o‘zaro hurmat, ishonch va ochiq muloqotga asoslangan hamkorlik modelini namoyon etmoqda. Ushbu yo‘nalishdagi har bir tashrif, har bir kelishuv ikki mamlakat xalqlarining farovonligi va tinchligi sari qo‘yilayotgan yana bir muhim qadamdir.
Rustamjon ISAQOV,
Xalq deputatlari Namangan shahar kengashi deputati
