Mahalla tizimini isloh qilish va uning jamiyatdagi rolini yanada kuchaytirish yo‘lida navbatdagi muhim qadam qo‘yildi. “Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan yangiliklar asosida mamlakatimizda ilk bor mahalla raislari fuqarolar tomonidan saylanmoqda.
Joriy yilning 1 may kuni shahrimizning “Dashtbog‘” mahallasida mahalla fuqarolar yig‘ini raisi uchun ovoz berish jarayoni o‘tkazildi. Ushbu jarayon ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida, fuqarolarning faol ishtirokida tashkil etildi. Ovoz berishda barcha zaruriy shart-sharoitlar yaratilib, jarayonlar mahalla aholisi vakillari guvohligida adolatli va xolis tarzda bo‘ldi. Muhim siyosiy tadbirda saylov kotibi, rayosat guruhi a’zolari hamda sanoq komissiyasi tarkibi o‘qib eshitirildi. Ovoz berishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnashib, saylov o‘tkazishga kirishildi.



Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi saylovi avvalida nomzodlar tanishtirildi. Ularning tarjimai holi va kelgusi faoliyat dasturi bilan tanishtirildi. Ayni paytda mahallada 3155 nafar saylovchi bo‘lib, ularning o‘n ikki foizi, ya’ni 380 nafar vakillar ovoz berishda qatnashishi saylovning qonuniy o‘tganligini bildiradi. Mazkur ovoz berish jarayonlarida fuqarolar amaldagi mahalla raisiga uning tashabbuskorligi, tashkilotchiligi, xolisligiga e’tibor qaratdilar. Ovoz berish natijasiga ko‘ra Rahmatillo Jabborov MFY raisi etib saylandi.
Mamlakatimiz Prezidenti rahbarligida mahalla institutini mustahkamlash, uning imkoniyatlarini kengaytirish va jamiyatdagi ahamiyatini oshirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, mahalla faoliyatiga aloqador barcha xizmatlar — mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektori “mahalla yettiligi” sifatida yagona jamoa bo‘lib ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi.


Shahrimizda 62 ta mahalla mavjud bo‘lib, ularda 400 nafardan ziyod “mahalla yettiligi” a’zolari ish olib bormoqda. Ushbu jamoalarning muvofiq va samarali faoliyatini ta’minlashda mahalla raisi katta kuchdir.
Qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, endilikda fuqarolar yig‘ini raisining vakolat muddati 5 yil etib belgilandi. Bu o‘zgarish mahalla rahbarlariga uzoq muddatli rejalar asosida ish olib borish imkonini yaratdi.
Ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu yangicha saylovlar – demokratik tamoyillar, ochiqlik va fuqarolar irodasini erkin ifoda etish prinsiplariga asoslangandir. Bu jarayon mahalla boshqaruvida xalqning haqiqiy ishtirokini ta’minlashda muhim qadam bo‘ldi.
