O‘zbekistonning dunyo hamjamiyatiga integratsiyalashuvi, shuningdek, yosh avlodning XI asr dunyo mehnat bozorida raqobatbardosh bo‘lishi ulardan bir necha tillarni mukammal bilishini talab etadi. Xususan, globallashgan hozirgi zamonda chet tillarini o‘rganishga katta urg‘u berilib, xorijiy tillarni o‘rgatish sifatini oshirish borasida bir qancha o‘zgarishlar joriy etilmoqda.
Prezidentimizning “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini xorijiy til va zamonaviy kasblarga o‘qitish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024-yil 2-fevraldagi PQ-53-son qaroriga muvofiq 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ikkinchi xorijiy tilni bosqichma-bosqich joriy etib borish belgilangan.


Maktablarda ikkinchi xorijiy til sifatida ingliz, nemis, fransuz, koreys, yapon va xitoy tillaridan biri tanlanishi mumkin.
Ayni kunlarda shahrimizda ham maktab o‘quvchilariga xorijiy tillarni chuqur o‘rganish borasida dastlabki qadamlar tashlandi. Bu borada ta’lim muassasalariga ham xorijdan yuqori malakali o‘qituvchilar jalb qilinmoqda.
Jumladan, shahrimizdagi 1-, 6-maktablarda filippinlik May Danika Dilay Sadiva va Ren De Pablo, 34-maktabda Jazoirdan Selma Benhamadi ingliz tilidan, fransiyalik Abdil Kader Kerfuch esa 14-maktabda fransuz tilidan o‘quvchi va o‘qituvchilarga dars mashg‘ulotlarini olib borishmoqda. Ularning tinglab tushunish, gapirish ko‘nikmalarini rivojlanishga qaratilgan o‘qitish usullari yoshlarning chet tillarini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirmoqda.
Islohotlardan ko‘rinib turibdiki, uzluksiz ta’lim tizimining barcha bosqichlarida chet tilini o‘qitishning asosiy maqsadi – umumta’limiy ko‘p madaniyatli dunyoda kundalik, ilmiy va kasbga oid sohalarda faoliyat olib borishi uchun chet tilida muloqot qila olishiga erishishdir.
Joriy yilda Namangan viloyatidagi ilm maskanlariga yana 20 nafar “til egalari” kelishi rejalashtirilgan.
Nasimjon YUNUSOV,
“Namangan sadosi” maxsus muxbiri
