Inshootlar umri uzayadi

Postni ulashish:

Mamlakatimizda davlat idoralarining xalqimizga xizmat qilish tamoyili boshlangach hokimlar hamda boshqa sektor rahbarlari joylarga borib, haqiqiy ahvol bilan yaqindan tanisha boshladilar. Bugun gazetamizda “Rahbar yurgan yo‘llarda…” ruknini tashkil etdik. Unda shahar hokimi, prokurori, ichki ishlar va soliq inspeksiyasi boshliqlari, shuningdek, sohaviy rahbarlar tomonidan joylardagi mavjud muammolarni bartaraf etilishi borasidagi ishlar bilan tanishasiz…

Namangan shahrida hamma soha rivojlanishda. Ammo bu sohalarning mavjud inshootlari o‘z vaqtida ta’mirlanmas ekan yutuqlarni qo‘lga kiritib bo‘lmaydi. Shulardan biri shahrimizning qoq o‘rtasidagi “Barkamol avlod” sport majmuasidir. Mazkur inshoot o‘rnida ilgari yog‘-moy zavodi bo‘lardi. Chigitdan yog‘ ajratib olish juda murakkab jarayon. Korxonadan chiqqan chigit qipig‘i yaqin va uzoqqa tarqab ketardi. Shu bois korxona o‘rnida sport majmuasi hamda zamonaviy ko‘p qavatli turar joylar barpo etildi.

Sport majmuasi bir necha yil shahrimiz hamda viloyatimiz yoshlariga, sportchilariga xizmat qildi. Vaqt o‘tgan sari esa u ma’nan eskira boshladi. Bunga esa yo‘l qo‘yib bo‘lmasdi. Shu maqsadda bino hududiga kelgan shahar hokimi Anvarjon Otaxo‘jayev mutaxassislar fikrini tingladi. 24×48 metr o‘lchamdagi sport zalining tom qismini yangilash fikrini aytishdi. Boshqa binolar ichi va fasadlari to‘g‘risida ham shunday deyishdi. Markazning umumiy infratuzilmasini yangilash, o‘quv binolarini rekonstruksiya qilish uchun investisiya dasturiga kiritildi. Buning uchun 3 mlrd. 583 mln. so‘m mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi. Loyiha doirasida ishlar yakunlangach jahon standartlariga mos inshootga aylanadi. Olimpiya va Paralimpiya sport turiga ixtisoslashgan markaz bo‘ladi. Shu bilan xalqaro musobaqalar o‘tkazish maydoniga ega bo‘lamiz.

***

Namangan shahar hokimi Hamza dahasidagi tibbiyot muassasasida ham bo‘ldi. Bu joy sobiq sho‘rolar davrida partiya-sovet idoralari xodimlari va faxriylar uchun tibbiy shifoxona bo‘lgan. Shaharning eng so‘lim, soya-salqinli daraxtlari aynan shu shifoxonada o‘stirilgan. Markazlashgan ta’minot to‘xtatilgach faxriylar shifoxonasiga aylantirildi. Ammo kattagina o‘ringa ega shifoxonaning avvalgi “obro‘”sini saqlab qolish qiyin kechdi. Ko‘p yillar viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan shifokor” Vahobjon Umurzoqov bosh vrach etib tayinlandi. U kishi vafot etgach muassasa yana o‘gaylashib qoldi. O‘shanda bu joy Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tasarrufiga berildi. Markazning Hamza bo‘limi deb atala boshlandi. Markaz direktori, fidokor vrach Solijon Mo‘minov ushbu noyob majmuani saqlab qolish, umrini uzaytirish borasida ko‘p harakatlar qildi. Uning bu g‘amxo‘rligi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlayotganda ham davom etdi. Mana, u kishining hamda viloyat va shahar hokimliklarining sa’y-harakati bilan shifoxona 2025 yilgi investisiya dasturi doirasiga kiritildi. Bu ishlarga davlat tomonidan 8,8 mlrd. so‘m mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi. Hozirda loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanmoqda.

Bu yerda bo‘lgan shahar hokimi amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarni muhokama qildi. Tezkor amaliy ishlarni boshlash uchun tegishli idoralar rahbarlariga topshiriqlar berdi.

***

Anvarjon Otaxo‘jayevning fikru yodi Namangan shahrini “aqlli shahar”ga aylantirish. Hayriyatki, bu borada ilk ishlar boshlandi. Shahrimizning Davlatobod tumani “Yelxon” mahallasi tabiiy gaz bilan ta’minlashda ilk “aqlli mahalla”ga aylantirilgandi. Endi esa “Yangi asr” mahallasi xuddi shunday nomlanadi. Gap nomida emas, balki uzluksiz gaz bilan ta’minlashda. “Hudud gaz ta’minoti” AJ mahalladagi o‘z inshoot va qurilmalari imkoniyatlarini o‘rgandi. Mavjud 1032 xonadon ikki tomonlama gaz ta’minoti tizimiga o‘tkaziladigan bo‘ldi. Hozirda xonadonlarga regulyatorlar o‘rnatish ishlari davom etmoqda. Yangi tizim gaz ta’minotidagi uzilishlarni kamaytiradi, xavfsizlik darajasini oshiradi, gazni tejash imkonini beradi. Amalga oshirilayotgan ishlarni tezlashtirish topshirig‘ini berarkan, hokim bu yumushlar nafaqat infratuzilmani yaxshilash, balki aholi hayotini yanada qulaylashtirishga qaratilganini ta’kidladi.

“Namangan sadosi” tahririyati

Aloqador maqolalar

Сессия бўлиб ўтди

Халқ депутатлари Наманган шаҳар Кенгашининг навбатдаги XXIV сессияси бўлиб ўтди. Сессияда дастлаб шаҳар прокуратурасининг 2026-йилнинг учинчи чорагида қонунийликни мустаҳкамлаш...

Ҳаёти асраб қолинганлар дуосида яшайсиз, доктор!

Тиббиёт фанлари номзоди, Соғлиқни сақлаш аълочиси Тошпўлат Абдукаримов. У — нафақат Наманган вилояти, балки водий тиббиётидаги энг моҳир...

Баҳодир РАҲИМОВ, Наманган шаҳар тиббиёт бирлашмаси раҳбари:“ТИББИЁТДАГИ ИСЛОҲОТЛАР НАТИЖАСИ — ИНСОН САЛОМАТЛИГИДА НАМОЁН БЎЛМОҚДА”

Мамлакатимизда соғлиқни сақлаш тизимини такомиллаштириш, тиббий ёрдам сифатини ошириш, аҳолига қулай ва замонавий тиббий хизмат кўрсатиш масалаларига алоҳида...

Хўжа амин мақбараси

Наманган шаҳрининг Чорсу ҳудуди яқинида меъморий ёдгорлик –Хўжа Амин мақбараси жойлашган. Мақбара XVIII асрнинг иккинчи ярмида, Наманган Фарғона...