2023 yil 30 avgustda O‘zbekiston Respublikasining “Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonuni tasdiqlangan bo‘lib, mazkur Qonunning maqsadi gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iboratdir, Qonun 6 bob 34 ta moddadan iborat.

Gidrotexnika inshootlari xavfsizligining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
– qonuniylik;
– fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini, jismoniy hamda yuridik shaxslarning mol-mulkini himoya qilishning, shuningdek, atrof-muhitni himoya qilishning ustuvorligidir.
Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
– gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
– gidrotexnika inshootlarida tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishining oldini olish, shuningdek, ularning oqibatlarini tugatish bo‘yicha chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqish va amalga oshirish;
– ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, amaliy va innovasion loyihalar natijalarini ishlab chiqarish amaliyoti bilan integratsiya qilish;
– gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi sohasidagi kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
– xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.

Ushbu Qonunning 5-moddasida gidrotexnika inshootlarining tasnifi ko‘rsatilan bo‘lib, bunda gidrotexnika inshootlarining loyiha ko‘rsatkichlari parametrlariga, ularga yuklamalar hamda ta’sir ko‘rsatish omillariga, shuningdek, qurilishda ishlatiladigan materiallarga, foydalanish sharoitlariga qarab gidrotexnika inshootlari I, II, III va IV sinflarga bo‘linishi ko‘rsatilgan gidrotexnika inshootlarining tasnifidan kelib chiqqan holda gidrotexnika inshootlari xavfsizligini ta’minlashning asosiy talablari belgilanadi.
Qonunning 30-moddasida gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik belgilangan bo‘lib, aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘lishi o‘z ifodasini topgan.
Mazkur qonunning 8-moddasida O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligi ob’yektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi etib belgilangan. Maxsus vakolatli davlat organi gidrotexnika inshootlari xavfsizligining davlat nazoratini va tekshiruvini amalga oshiradi.
Rustamjon QO‘ZIYEV,
“Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi Namangan viloyati boshqarmasi bosh mutaxassisi
