San’at insonni hamisha ezgulikka chorlaydigan, kishi qalbida eng nozik, eng go‘zal tuyg‘ularni uyg‘otadigan ilohiy kuch, desak xato bo‘lmaydi. Dunyodagi turli millat, til va e’tiqodga mansub odamlarni, elu elatlarni hech qanday tarjimonsiz bir-biriga bog‘laydigan, mushtarak maqsadlar yo‘lida birlashtiradigan musiqa san’ati qudratli vositadir. Qo‘shiq kuylashni o‘rganish va mohir san’atkor bo‘lish hammaga ham nasib etavermaydigan xislat.

Bizda yosh iste’dodlar qobiliyati va salohiyatini ro‘yobga chiqarish, rag‘batlantirish, xalqimizning ma’naviy merosini asrab-avaylash hamda milliy madaniyatni keng targ‘ib etish borasida salmoqli ishlar qilinmoqda. Ayniqsa, san’at maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ustoz-murabbiylarning malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shahrimizda ham musiqaning turli yo‘nalishlari bo‘yicha yosh iste’dodlarni izlab topish, ularning ijodiy faoliyatini yuksaltirish yuzasidan g‘amxo‘rlik qilish muhim vazifalardan biri. Bunda san’at maktablarida tarbiya topayotgan iste’dodli yoshlarning o‘rni alohida. Valijonov Qodirxon Qobil o‘g‘li ham qo‘shiqchilik san’atiga ilk qadam qo‘yayotgan yoshlardan. U Namangan shahrida 2010 yilda tug‘ilgan. 18-maktabning 8-sinf o‘quvchisi. Darsdan keyin esa 24-bolalar musiqa san’at maktabida qo‘shiqchilik sirlarini o‘rganib kelmoqda.
Kuzatishlardan ma’lumki, inson qaysi kasbning egasi bo‘lib shakllanishida oila yoki atrof-muhitning ta’siri katta.

– Nabiram Qodirxon ham olti yoshligidanoq qo‘shiqlarni xirgoyi qilib yurar, ro‘zg‘ordagi idish-tovoqlarni doira va tor kabi chertib, go‘yo o‘zini katta san’atkorlardek tutardi, – deydi Valijon Dadaboyev. – Biz bu holatni yoshlikning o‘tkinchi his-tuyg‘ulariga yo‘ydik. Bora-bora Kamoliddin Rahimov, Sherali Jo‘rayev, Og‘abek Sobirov, Botir Qodirov, Otabek Muhammadzohid kabi san’at ustalarining qo‘shiqlarini tinglab, aytib yuradigan bo‘ldi. Keyin doira olib berdim. Hammasi shundan boshlandi.
Bir necha yil oldin 18-maktabga bolalar musiqa san’at maktabidan iqtidor g‘unchalarini tanlab olish uchun murabbiylar kelishdi. Shunda Qodirxondagi intilishni ko‘rgan ustoz Jamshidbek Ubaydullayev hech ikkilanmasdan san’at maktabiga taklif qildi. Yillar davomida ustozdan musiqa asboblari chalish, sahnada o‘zini tutish va boshqa ko‘plab sirlarni o‘rgandi. O‘rganganlarini, olgan bilimlarini shahrimizda hamda viloyat miqyosida o‘tkazilgan “Yoshlar ovozi” va boshqa ko‘rik-tanlovlarda qatnashib, faxrli o‘rinlarga munosib ko‘rildi. Toshkentda bo‘lib o‘tgan ko‘plab tadbirlar sinov-tajriba maydoni bo‘ldi.
2024-yil iyul oyida Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida o‘tkazilgan II xalqaro «Azerbaijan grand festival» san’at tanlovida Qodirxon Valijonov birinchi o‘rinni egallab, Gran-pri sohibiga aylandi.
-Gran-priga loyiq ko‘rilishi, e’tirof etilishi, Ozarbayjonga borib-kelish o‘z-o‘zidan bo‘lib qolmadi. Bu yurtga safar qilishdan avval Namangan shahar hokimi Anvarjon Otaxo‘jayev qabullariga chaqirib, oq yo‘l tiladilar, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatladilar, – deydi 24-bolalar musiqa san’at maktabi direktori Elyor Nuriddinov. – Namanganimizga yorug‘ yoz bilan Gran-pri sovrindori bo‘lib qaytishlari uchun nimaiki yordam bo‘lsa berishlarini bildirdilar. Qodirxon bunga javoban bor mahoratini ko‘rsatib, festivalning mutloq g‘olibiga aylandi.
Xalqaro tanlovlardagi muvaffaqiyatlar, tajribalar o‘tgan yilning o‘rtalari – iyul oyidan boshlab uni “Zo‘r – TV” orqali o‘tkazilayotgan “Ovoz” bolalar teleloyihasining kasting tanloviga yetakladi. Mazkur tanlov avvalida xushovoz xonanda Botir Qodirov uni o‘z jamoasiga qabul qildi. Bosqichma bosqich saralash jarayonlarida yosh san’atkor “Shum bola” filmidan “Daryo toshqin”, Sherali Jo‘rayevning “Atirgulim”, Ozodbek Nazarbekovning Botir Qodirov bilan aytgan “Bezovta bo‘lar onam” va boshqa qator san’atkorlarning qo‘shiqlarini ijro etish orqali tomoshabinlarning bergan ovozlariga hamda e’tiroflariga sazovor bo‘ldi. O‘zining noyob iqtidori, ovozi bilan lol qoldirdi. Loyihaning final bosqichida u qoyilmaqom chiqish qilib, Sherali Jo‘rayevning “Karvon ko‘rdim” qo‘shig‘ini kuylab birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Iste’dod sohibining bu muvaffaqiyati juda katta yutuq bo‘lib, uning san’at sohasidagi porloq kelajagidan dalolat berardi. Gʻolib sifatida Qodirxon 100 million so‘mlik pul mukofoti hamda maxsus statuetka, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
-Finalda “Karvon ko‘rdim” qo‘shig‘ini kuylash jarayonida kuchli hayajonni bilintirmaslikka imkon qadar harakat qilsam-da tomoshabinlar haybatining ta’siri bilindi, – deydi Qodirxon. – Teleloyihaning mutloq g‘olibi bo‘lish menga sharaf bo‘lsa, ikkinchi tomondan mas’uliyat ham yukladi. Endi ustimda tinmay ijod qilishim, o‘z qo‘shiqlarimni yaratishim, musiqiy ijrochilik an’analariga sodiq qolgan holda o‘zbek milliy musiqiy asarlari va sozlarini xorijiy mamlakatlarda namoyish etishni maqsad qilganman.
Chindan ham Qodirxonning yurak-yuragidan otilib chiqayotgan qo‘shiqlari nafaqat tanlov auditoriyasining, balki teletomoshabinlarning olqishiga sazovor bo‘ldi. Yosh iqtidor egasining kelgusidagi ijodiy faoliyatiga zafarlar tilaymiz. “The Voice” xalqaro franshizasi asosida o‘tkaziladigan ushbu teleloyiha orqali kelgusida o‘nlab yangi iste’dodlar kashf etiladi.
Nasimjon YUNUSOV
