“Hududgaz Namangan” xodimlari o‘rtasida sport musobaqalari o‘tkazildi. Namangan shahridagi “Barkamol avlod” sport majmuasida “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali xodimlari o‘rtasida qiziqarli va shukuhli sport musobaqalari bo‘lib o‘tdi. Tadbir jamoa ruhini mustahkamlash, xodimlarning jismoniy tayyorgarligini oshirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida tashkil etildi.

Musobaqalar bir necha sport yo‘nalishlarida o‘tkazildi. Ishtirokchilar tosh ko‘tarish, basketbol shitiga to‘p tashlash va adjimaniya qilish bo‘yicha o‘z mahoratlarini sinab ko‘rdilar. Har bir bellashuv qizg‘in bahslar va sportga xos ruhiyat bilan o‘tdi.
Tosh ko‘tarish bellashuvida ishtirokchilar kuch va chidamlilik sinovidan o‘tdilar. Bu yo‘nalishdagi g‘olib o‘z kuchini va irodasini namoyon etib, barcha ishtirokchilarga namuna bo‘ldi. Basketbol shitiga to‘p tashlash musobaqasida esa aniqlik va diqqat muhim rol o‘ynadi. Ushbu yo‘nalishda ko‘pchilik ishonchli natijalar qayd etdi. Adjimaniya bellashuvi esa ishtirokchilarning tezkorligi va chidamliligini sinab ko‘rish uchun ajoyib imkoniyat yaratdi.


Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlar tashkilot tomonidan diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandilar. Tashkilotchilarga ko‘ra, bunday musobaqalar kelgusida ham davom ettirilib, ishchi-xodimlar o‘rtasida sportga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qiladi.
“Hududgaz Namangan” rahbariyati xodimlarning sog‘lom turmush tarziga katta e’tibor qaratayotganini va kelgusida sport bilan bog‘liq yanada keng qamrovli tadbirlar o‘tkazish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Bunday tashabbuslar nafaqat jismoniy holatni mustahkamlashga, balki jamoa birdamligini oshirishga ham xizmat qiladi.
Tadbir barcha ishtirokchilar va mehmonlar uchun iliq taassurot qoldirdi va xodimlar o‘rtasida do‘stona muhit yaratishga katta hissa qo‘shdi.
Abdulbosit SOBIROV,
“Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali boshlang’ich kasaba uyushmasi raisi
