

“Namangan sadosi” gazetasi tahririyati “Milliy kontent – milliy taraqqiyot” loyihasi doirasida bir qator tadbirlarni amalga oshirmoqda. Shahrimizdagi Kamoliddin Rahimov nomidagi 11-sonli musiqa va san’at maktabi bilan hamkorlikda “Ma’naviy tahdidlarga qarshi milliy kontent bilan” shiori ostida suratlar tanlovini o‘tkazdi. Unda mazkur maktabning 20 nafardan ziyod o‘quvchilari o‘zlarining tasviriy san’at yo‘nalishidagi ijodiy ishlari bilan qatnashishdi.
– Maktabimizda bunday tanlovlarni o‘tkazishdan maqsad, o‘quvchilarning yangi qirralarini kashf etish, – deydi musiqa va san’at maktabi direktori Shoira Gʻafforova. – Bu tanlovning boshqalaridan farqli tomoni shundaki, o‘quvchilarni hozirda bo‘layotgan turli tahdidlarga qarshi o‘zining mustaqil munosabatlarini ijodiy izlanishlari orqali namoyon etadi. Ularning ijodiy ishlarida aynan shu narsalar gavdalanadi. Tanlovning maqsadi ham yoshlarda milliy kontentni mustahkamlash va turli ma’naviy tahdidlarga qarshi kurashishdir.


Tanlov yakunida hay’at a’zolari iste’dodli yosh ijodkorlarning ijod namunalarini ko‘rib chiqib, ularning eng munosibini g‘olib deb topdi. Unga ko‘ra Yamina Ismoilova, Mohinur Tillaboyeva, Lobar Zokiraliyeva, Samira Dimayeva, Sardorbek Davladov, Azizbek Olimov, Abdurahim Karimovning chizgan ijod namunalari munosib deb topildi. Gʻoliblarga tahririyatning esdalik sovg‘alari topshirildi. Sovg‘alarni faxriy jurnalist Rahimjon Irisov va gazeta bosh muharriri Ulug‘bek Ro‘zimatovlar topshirdi.
