Ayol – pokiza xilqat. U – go’zallik timsoli. Va u – buyuk ona. Islom dini ayolga bo’lgan ehtiromi bilan olamga mashhur.
Ha, erkaklar ayollar uchun ham suyanch, ham tayanch. Ular haqida yaxshi gaplar bisyor – aytib ado qilolmaymiz. Lekin erkak zoti to hayot bor ekan, ayol poyida hozir. Imkonlariga yarasha topgan-tutganlarini ayol oyoqlari ostiga to’kadilar.
Bahorni etaklab, dunyo ayollarini qutlash uchun 8 mart keldi. Vatanimiz koriga yarash uchun, sahardan oilasi uchun nonushta tayyorlayotgan, juftu halolini, farzandlarini chaqmoqdek kiyintirib, ishga, o’qishga jo’natayotgan, ular ortidan chin ko’ngildan duo qilayotgan ayolga siz ham “hormang!”deng.
Ha, ayolning ko’zi kulsin. Ana shunda butun borliq kuladi, go’zallashadi. Ayolini qadrlagan elni – Xudo asraydi!
Ayol umri davomida o’rni va vazifasi nuqtai nazaridan bir necha maqomlarda bo’ladi. Jumladan, Alloh ta’olo in’om etgan suyukli farzand, oiladek mas’uliyatli qo’rg’onga beka, erkak kishi uchun soliha ayol, farzandlari uchun mehribon ona yoki kimningdir opasi, singlisi bo’lib yashaydi.
Rasululloh (S.A.V.): “Kimning uchta qizi bo’lib, ularni o’z qo’lida tarbiyalab katta qilsa, jannatga kirishi muqarrardir”, – dedilar. Shunda bir kishi: “yo Rasululloh! Ikki qizi bo’lsa-chi?”– deb so’radi. U zot (S.A.V.): – Ikkita bo’lsa ham”, – dedilar.
Bu bilan musulmon kishining qiz farzand o’stirishi, tarbiyalashi, ulg’aytirishi orqali qanchalar sharafga ega bo’linishi e’tirof etilmoqda.
Muborak Qur’oni Karimda 176 oyatdan iborat katta bir suraning nomi ham “Niso” (ayollar) deb nomlanishi yuzlab oyatlarda ayollarga doir hukmlarning zikr etilishi, xususan, hadisi shariflarda ayollarga xos alohida ko’rsatma berilganligi haq din – Islomda ayol kishining naqadar yuqori e’tiborga molik ekanligiga dalolat qiladi.
Muqaddas dinimizda Alloh taologa ibodat qilishdan keyingi birinchi o’ringa qo’yilgan amal bu silai rahm bo’lib, uni eng yaqin jigarlardan, ya’ni onalar, farzandlar, opa-singil, amma va xolalardan boshlash maqsadga muvofiqdir. Payg’ambarimiz (S.A.V.) hadislaridan birida “ayollar erkaklarning ajralmas bir qismidirlar” deganlar. Shunga binoan ayol kishi jamiyatning ajralmas bir bo’lagi hisoblanib, u ijtimoiy hayotda o’z mavqeiga ega bo’lib, ilm olishga, kasb-hunar qilishga haqlidir.
Dinimiz ta’limoti erkaklarga o’z ayollari bilan xushmuomala bo’lib hayot kechirishni buyuradi. Bu haqda Payg’ambarimiz Muhammad (S.A.V.)dan rivoyat qilinadi: “sizlarning ichingizdagi eng yaxshingiz o’z ahli ayoliga nisbatan yaxshi munosabatda bo’lganidir. Men esa o’z ahlimga sizlardan ko’ra yaxshiroq munosabatdaman” (Imom Termiziy rivoyati).
Parvardigor ayollarga ona bo’lishdek, sharafli va o’ta mas’uliyatli vazifani yuklagan. Ayol kishi avvalo, ona sifatida qadrlanadi. Payg’ambarimiz Muhammad (S.A.V.): “Jannat – onalar oyog’i ostidadir”, – deb marhamat qilganlar.
Ular uy bekasi, jonkuyar ona bo’lishlari bilan bir qatorda yurtimizdagi ijtimoiy, madaniy va siyosiy jabhalarda erkaklar bilan tengma-teng turib fidokorona mehnat qilishmoqda. Biz ularni avvalo, ayol sifatida, qolaversa, fidoyi mehnatkash sifatida ardoqlamog’imiz lozim.
Holi hayotda turmush yumushlarining ko’p qismi ayollar zimmasiga tushadi. Agar ayol ham jismonan, ham ma’nan sog’lom bo’lsa, jamiyat sog’lom bo’ladi. Chunki, kelajakning mevasi bo’lmish farzandlar onalar sababli dunyoga keladilar. Ularga boshlang’ich ta’lim-tarbiya va odob-axloqni o’rgatadilar. Shunday ekan, kelajak avlodning barkamol bo’lishi ayollarning har jihatdan etuk bo’lishiga bog’liqdir. Bejiz hikmatlarda: “har bir buyuk shaxsning ortida ayol bor”, – deyilmagan.
Mamlakatimizda ayollar e’zoz-u ehtiromda. Ular uchun barcha shart-sharoit va qulayliklar, imkoniyatlar bisyor. Xotin-qizlarning ijtimoiy himoyaga olingani, xalqaro xotin-qizlar kuni – 8 mart dam olish kuni deb e’lon qilinishi, hukumatimiz tomonidan o’tkazilayotgan tadbirlar, ularga berilayotgan alohida imtiyozlar dinimizda ulug’langan ayollarga munosib ehtiromdir.
Shunday ekan, xotin-qizlarimizni faqatgina bayramlarda emas, balki hamisha, har on izzat-hurmat etmog’imiz kerak.
Mamlakatimizning farovonligi har jihatdan ayollarga ham bog’liq ekan. Yaratgan ularni o’z hifzi himoyasida saqlab, ularga baxtli hayotni nasib qilsin.
Donishmandlar deydiki: “ayollarni seving va izzat qiling. Ulardan faqat yupanch emas, balki ilhomingizga kuch, ma’naviy va aqliy qobiliyatlaringizni ikki baravar oshiruvchi qudrat axtaring”.
Nurulloxon JAMOLOV,
Namangan shahridagi “Yahyoxon To’ra” jome masjidi imom-xatibi
