Elektr energiyasi ishlab chiqarishda oqar suv kuchidan foydalanish sohadagi an’anaviy usul va hozirgi kunda uning ahamiyati yanada kuchaygan. Namanganda ayni maqsadda foydalansa bo‘ladigan obi-hayot manbalari anchagina. Bundan uch yil avval Katta Farg‘ona kanalining Uchqo‘rg‘on tumanidan oqib o‘tadigan qismida dastlabki kichik gidroelektrostansiya kaskadlari ishga tushirilgan edi. Ularning umumiy quvvati 12 megavattga teng bo‘lib, hozirgi vaqtda 48 mingta xonadonni uzluksiz elektr energiya bilan ta’minlab kelmoqda. Endilikda Katta Andijon kanalida ham quvvati avvalgidan ikki hissa kuchli uchta GES qurilmoqda. Loyiha qiymati 60 million AQSH dollari bo‘lgan bu inshootlarning umumiy quvvati 18 megavatt bo‘lib, qariyb yana 65-70 ming xonadonni elektr quvvatiga bo‘lgan ehtiyojini qondiradi.
Davlatimiz rahbari joriy yilning mart oyida Namangan viloyatiga rasmiy tashrifi chog‘ida qurilishiga start bergan yana bir GESlar kaskadi Norin daryosining Uychi tumanidan oqib o‘tgan qismida barpo etilmoqda. Umumiy quvvati 228 megavatt bo‘lgan kaskad 6 ta GESdan iborat. Ushbu istiqbolli loyihaning ishga tushirilishi natijasida yiliga o‘rtacha 1 025 mln. kilovatt soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Energoquvvatlari o‘rtacha 430 ming xonadonga kirib boradigan kaskad qurilishi to‘rt yilga mo‘ljallangan.
— Inshootning ahamiyatli tomoni, u respublikadagi birinchi “Milliy GES”ga aylanadi, — deydi “O‘zbekgidroenergo” AJ kapital qurilish boshqarmasi boshlig‘i Muhammad Otaxonov. — Sababi, loyiha to‘liq “ O‘zbekgidroenergo” AJning mablag‘lari hisobidan, mahalliy loyihalashtirish va pudrat tashkilotlarini jalb qilgan holda amalga oshirilmoqda. Zarur asbob-uskunalarning barchasi, xususan, quvvati 40 MVtgacha bo‘lgan gidroagregatlar “Made in Uzbekistan” brendi ostida Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida joylashgan qo‘shma korxonada ishlab chiqariladi.
Ayni paytda GES qurilishi jadal sur’atda davom etmoqda. Quruvchi va mutaxassislar 265 metr uzunlik va 9 metr balandlikdagi gidrouzelni tiklash hamda daryo suvini 1-stansiyaga olib boruvchi kanalni qazish, shuningdek, tuproq ishlari bilan mashg‘ul.
Aytish lozimki, yuqori innovasion texnologik qurilmalarning mamlakatimiz gidroenergetika sohasida ilk bor amaliyotga joriy etilishi istiqbolda moliyaviy sarf-xarajatlarni iqtisod qilish, sifatli va zamonaviy andozalarga mos agregatlar tayyorlashni o‘zlashtirishga xizmat qilishi bilan e’tiborni tortadi.
Qudratilla NAJMIDDINOV
